Sarg‘aygan tishlar: muammoning sabablari va undan qutulish choralari
Oppoq tishlar bilan tabassum qilish nafaqat go‘zallik, balki salomatlik belgisidir. Shu bois tish emalining sarg‘ayishi dolzarb muammodir. Bundan tashqari, estetik jihatdan u psixologik holatga aylanib, odamga noqulaylik va muloqotda qiyinchilik tug‘diradi.
Bu muammodan qutulish uchun biror chorani qo‘llab ko‘rishdan avval emal rangining o‘zgarishiga olib kelgan sababni aniqlash kerak. Keling, eng keng tarqalgan sabablarni quyida ko‘rib chiqamiz.
- Og‘iz gigiyenasiga amal qilmaslik
Tishlardagi blyashka ko‘pincha bir necha xil: jigarrang, sariq va oqish. Birinchisi ko‘zga tashlansa, ikkinchisi deyarli sezilmaydi. Ammo har qaysisi tish salomatligiga putur yetkazadi. Bunday blyashkalar tish yuzasini yupqa plyonka bilan qoplaydi va unga sariq rang beradi.
Nima qilish kerak? Blyashka professional og‘iz tozalash vositasi bilan oson toza bo‘ladi. Tishlarni yarqiratib qo‘yadi.
- Rangli ovqatlar va ichimliklar iste’mol qilish
Rangli oziq-ovqat va suyuqliklar tishlarga blyashka qoldiradi. Agar tish yuzasida mayda yoriqlar bo‘lsa, unda kuchli rang beruvchi moddalar chuqur kirib, tishni ichkaridan bo‘yab qo‘yishi mumkin.
Nima qilish kerak? Birinchi galda professional gigiyena vositasi yordam beradi va oqartirish. Emaldagi mikroyoriqlar paydo bo‘lishining sababi asosan bir xil — oziq-ovqatni noto‘g‘ri tishlash tufayli yuzaga keladigan tishlarning ortiqcha zo‘riqishi hisoblanadi.
- Tamaki mahsulotlari
Ko‘pchilik tamaki tishlarni sarg‘aytirishini bilmaydi. Chekishdan qoladigan sarg‘ish rang oziq-ovqatdan qoladigan rang bilan bir xil prinsipga muvofiq sodir bo‘ladi: yo sarg‘aygan qobiq paydo bo‘ladi yoki tish mikroyoriqlari orqali ichkari tomondan sarg‘ayib qoladi.
Nima qilish kerak? Bu holda yuqoridagi tavsiyalarni qo‘llash foyda beradi.
- Tishlardagi kariyes
Bunda ko‘zga tashlanib turadigan emalning shikastlanishi shart emas. Kariyes yashirin tarzda rivojlanishi va tishning ichki qismidan belgi berishi mumkin. Bu kasallik ham tishni sarg‘aytiradi.
Nima qilish kerak? Kariyesni davolash chorasini ko‘rish lozim. Davolash yo‘li bilan tishlaringiz sog‘lom bo‘ladi va sarg‘ishlikdan ham xalos bo‘lasiz.
- Tug‘ilgandan buyon tishlarning fiziologik rangi
Tabiatan emal tishlarning guruhiga qarab turli rangda bo‘ladi. Tabassum vaqtida oldindagi markaziy to‘rtta tish har doim yon tomondagi tishlarga qaraganda yorqin ko‘rinadi. Bu tabiiy hol, chunki ular uzun ildizlarga ega baquvvat tishlar hisoblanadi. Vizual ravishda yon tishlar quyuqroq ko‘rinadi, chunki ularning emal qavati ostida kesuvchi tishlarga qaraganda qalinroq, rangi sariq bo‘lgan dentin qatlami bor.
Nima qilish kerak? Muammoni hal qilish uchun tish shifokoringizga murojaat qilishingiz lozim, mutaxassis eng to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi.
- Ildiz kanalini ilgari davolash muolajasi
Asab tomirini olib tashlaganingizdan so‘ng, tish quyuqroq ravishda sarg‘aya boshlaydi. Bunday hollarda vaziyatni to‘g‘rilash uchun sabab izlanadi.
Nima qilish kerak? Bu vaziyatda ildiz kanallarini qayta tiklash yoki ichki koronal oqartirish yordam berishi mumkin.
- Tish yedirilishi
Tabiiy yoki ortib borayotgan ishqalanish tufayli tish asta-sekin yediriladi. Emal bo‘lmagan ba’zi joylarda dentin o‘zini namoyon qila boshlaydi. Bu qatlam tuzilishi jihatidan kuchli zich bo‘lmagani uchun bo‘yoqlarni yaxshiroq o‘zlashtiradi, ya’ni tishlar tezroq sarg‘ayadi.
Nima qilish kerak? Sariqlik allaqachon vizual ravishda ko‘rinadigan hollarda, professional oqartirish yordam beradi. Va muammoning oldini olish uchun ishqalanishning asosiy sababini — noto‘g‘ri tishlash muammosini bartaraf etish zarur.
- Tishlarning shikastlanishi
Jarohatdan keyin ko‘pincha tish ichidagi neyrovaskulyar tugunlari nobud bo‘ladi. So‘ngra tishlar yorqinligini yo‘qotadi va xiralashadi.
Nima qilish kerak? Bunday hollarda jarohat olgandan keyin imkon qadar tezroq mutaxassisga murojaat qilish va oqilona davolanish kerak.
- Sifati past oqartirish vositalaridan foydalanish
Ilmiy tadqiqotlardan o‘tmagan, sertifikatlanmagan turli vositalardan foydalanganda, ular tish emaliga zarar yetkazishi mumkin. Bunday vositalar tish emalining tuzilishiga, silliqligiga salbiy ta’sir qilib, keyinchalik g‘ovak hosil bo‘lishiga olib keladi. Keyin tishlar tashqi bo‘yoqlarga nisbatan sezgir bo‘lib qoladi, ya’ni tish uy sharoitida oqartirishdan so‘ng tez orada oldingidan ham quyuqroq rangga qaytadi.
Nima qilish kerak? Mutaxassislarga murojaat qilish va muolajadan oldin va keyin ularning tavsiyalariga amal qilishni unutmang.
- O‘zaro bog‘liq patologiyalar
Ayrim hollarda turli organlarning kasalliklari, jumladan, jigar, buyraklar bilan bog‘liq muammolar og‘iz bo‘shlig‘ida namoyon bo‘ladi. Shu tariqa sariqlik (jigar shikastlanishi) bilan nafaqat ko‘zning oqi, balki tishlar ham rangini o‘zgartirishi mumkin.
Nima qilish kerak? Shifokorlarning o‘z vaqtida tekshiruvi bu muammoni bartaraf etishga yordam beradi.
Umuman olganda, tishlarning rangini yaxshilash uchun klinikada professional oqartirishni o‘tkazishning qator afzal tomonlari bor. Chunki mutaxassis muolajani ehtiyotkorlik bilan, samarali va ajoyib natijalar bilan bajaradi. Tegishli sertifikatga ega bo‘lgan oqartirish vositalaridan ham mustaqil foydalanishingiz mumkin. Va har olti oyda bir marta professional og‘iz gigiyenasi bilan shug‘ullaning hamda tish shifokori tekshiruvidan o‘ting.