Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda oilaviy yoki jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortishga doir qonun qabul qilindi. Endilikda zo‘ravonlarga nisbatan jazo choralari ularning qilmishidan kelib chiqib belgilanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunni imzoladi. Hujjat asosida Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarning tegishli moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Zo‘ravonlik — jinoyat

So‘ngi vaqtda ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan eng ko‘p murosasizlik, tanqidiy munosabatlar bildirilayotgan masala —zo‘ravonlik. Ayniqsa, aprel oyi boshida Xorazm viloyatida Adliya boshqarmasi boshlig‘i va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan 3 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi 10 oy davomida zo‘rlab kelingani haqidagi xabar jamoatchilikni junbishga keltirdi. Shu kabi voqealar fonida zo‘ravonlikka qarshi jiddiy choralar ko‘rish zarurligi bot-bot takrorlab kelinadi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2021—2022-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayol-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Shundan 61 mingdan ortig‘i (85 foizi) oilada sodir etilgan zo‘ravonliklardir. Respublikada 2020-yilda 156 ta, 2021-yilda 243 ta nomusga tegish jinoyatiga qo‘l urilgan. Bularning barchasi zo‘ravonlikka qarshi kurashishni qonunchilik orqali mustahkamlashga bo‘lgan talabni oshirgandi. Bu bo‘yicha yangi qonunning qabul qilinishi aynan jamoatchilik faolligi va talabi natijasida amalga oshdi deyish mumkin.

Prezident administratsiyasi sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva Telegramdagi sahifasida ushbu qonun bilan ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish taʼminlanishiga ishonch bildirdi.

Saida Mirziyoyeva  Foto: Telegram

“Biz nihoyat tajovuzkorlarni javobgarlikka tortish orqali ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qila olamiz. Endilikda voyaga yetmagan shaxs bilan aloqa jamoat xavfi bo‘lmagan jinoyatlar toifasidan og‘ir jinoyat qatoriga o‘tdi. Biz voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilgan va qamoqdan qutulib qolmoqchi bo‘lganlar uchun bo‘shliqlarni yopamiz. Endi bu qilmish uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Bu esa davlat har qanday zo‘ravonlikka qarshi qatʼiy kurashayotgani haqida jinoyatchilarga yaqqol ishora. Zo‘ravonlik — jinoyat. Zo‘ravonlik — bizning madaniyatimiz emas”, – deb yozgan u.

Nomusga tekkanlik uchun jazo og‘irlashdi

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga bir qancha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Ilgari bunday jinoyat uchun jazo muddati 3 yildan 7 yilgacha bo‘lgan.

Mazkur jinoyatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq xotiniga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan taʼlim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, yaqin qarindosh, sobiq xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik belgilandi. Mazkur jinoyatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi

Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega shaxsga nisbatan:

  • mulk, taʼlim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;
  • mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish;
  • ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, mazkur harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agar yetkazilgan jarohat og‘irlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, xususan, sog‘liqning uzoq vaqt (kamida 21 kun, ammo 4 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda) yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10 foizidan 33 foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish sodir etilsa, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Foto: “Daryo”

Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi

Qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilganlik uchun esa 2 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun ham javobgarlik belgilandi. Mazkur jinoyat og‘irlashtiruvchi holatlarda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilgan jazolanadi

Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish, voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish jinoyatlari jinoyatga tayyorgarlik yoki suiqasd bosqichida to‘xtatilganda, mazkur jinoyatlar uchun jazo tayinlashda yengillik berilmaydi. Quyidagi jinoyatlarni sodir etganlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi:

  • 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi nomusiga tegish va uni jinsiy aloqaga majbur etish bilan bog‘liq jinoyatlar;
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;
  • voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;
  • voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar.

Ayolni homilasini sunʼiy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi. Avvalgi tartibda BHMning 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgandi.

Shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, shahvoniy shilqimlik qilish, yaʼni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan, shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasi yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlash, ota-onani moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlash kabi maʼmuriy qilmishlar:

  • 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga;
  • 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga;
  • maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanib, mazkur huquqbuzarlik BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlaganlik uchun BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanadi.

Navbat qonun ijrosiga

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Senatning 39-yalpi majlisida mazkur qonun senatorlar tomonidan muhokam qilingandi. Majlisda parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva zo‘ravonlik og‘ir jinoyatligi odamlar ongiga chuqur o‘rnashsagina natija kutilganidek bo‘lishini aytgan.

Tanzila Norboyeva  Foto: Senat

“Qonunlarning qatʼiylashayotgani, javobgarlikning kuchaytirilayotgani yaxshi, lekin bu jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish uchun zarur bo‘lgan oxirgi vosita emas. Bu normalar odamlarning tafakkuri va xotirasi bilan birga yuragidan ham joy olishi kerak. Butun jamiyat faol bo‘lishi lozim. Dunyoqarash o‘zgarishi zarur.

Katta-kichik, ayol-erkak bo‘lsin — insonga, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qilish, uni tahqirlash, haq-huquqini poymol qilish aslo toqat qilib bo‘lmaydigan holat, og‘ir jinoyat ekanligi odamlar ongiga chuqur o‘rnashsagina natija kutilganidek bo‘ladi. Bu endi birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki taʼlim-tarbiyaga masʼul tuzilmalarningina ishi emas, balki barchamizning vazifamizga aylanishi zarur”, — degan Senat raisi.

Umuman olganda, qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab muhim jihatlar qamrab olingan. Zo‘ravonlarga nisbatan qo‘llanadigan jazolar ham aniq belgilangan. Buyog‘iga natijalar qonun ijrosi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »