Jo Bayden va rafiqasi Jill 2022-yilda ishlab topgan daromadi haqida hisobot berdi
AQSH prezidenti Jo Bayden va rafiqasi Jill Bayden qo‘shma soliq deklaratsiyasini e’lon qildi, unga ko‘ra oilaning yillik daromadi 579,5 ming dollarni tashkil etmoqda, shundan 169,8 ming dollari 2022-yilda federal soliqlarni to‘lashga sarflangan. Tegishli bayonot va hujjatlar 18-aprel kuni Oq uy matbuot xizmati tomonidan tarqatildi.
Hisobotda qayd etilishicha, daromad solig‘i stavkasi 23,8 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, Bayden oilasi Delaver shtatida 29 ming dollardan ko‘proq soliq to‘lagan, u yerda prezident va rafiqasining oilaviy uyi bor.
Jill Bayden Virjiniya shtatida ham soliqqa 3 100 dollar to‘lagan. Bundan tashqari, prezident va birinchi xonim 20,2 ming dollarga yaqin mablag‘ni (daromadining 3,5 foizi) xayriya ishlariga o‘tkazgan. Mablag‘lar 20 ta xayriya tashkilotiga yuborilgan.
2021-yilda Bayden oilasining yillik daromadi 610 ming dollarni tashkil etgandi.
AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris va uning turmush o‘rtog‘i Duglas Emxoff ham soliq hujjatlarini e’lon qildi. Ularning umumiy daromadi qariyb 457 ming dollarni tashkil etgan bo‘lib, shundan 93,5 ming dollardan ortig‘i daromad solig‘iga to‘langan. Bu ko‘rsatkich oila daromadining 20,5 foizini tashkil etadi. Ular, shuningdek, Kaliforniya shtatida 17 600 dollar, Emxoffning o‘zi esa Kolumbiya poytaxt okrugida qo‘shimcha 9 600 dollar soliq to‘lagan. Juftlik 2022-yilda xayriya uchun 23 ming dollar sarflagan.