Yevropa Ittifoqida Putin uchun tribunal qanday bo‘lishi aytildi — DW
Yevropa Ittifoqi va G7 mamlakatlari gibrid tribunal Rossiya rahbariyati va Ukrainaga qarshi jinoyatlarning boshqa aybdorlarini javobgarlikka tortishning eng real istiqboli bo‘ladi, deb hisoblaydi. Bu haqda Yevroittifoqning yuqori martabali amaldoriga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Unga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishning eng ehtimoliy varianti Ukraina yurisdiksiyasi ostidagi xalqaro tribunal bo‘ladi.
“Tribunal siyosiy imperativga xizmat qiladi, ya’ni javobgarlikka tortishni nazarda tutadi”, — dedi rasmiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina Rim statutini ratifikatsiya qilishi Yevropa Ittifoqi uchun juda muhim.
Rossiyani javobgarlikka tortish uchun tribunal: Nimalar ma’lum?
2022-yil oxirida Yevrokomissiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini ta’qib qilish uchun maxsus sud yaratishni taklif qildi. Ikkita variant ko‘rib chiqildi:
- ko‘p tomonlama shartnomaga asoslangan maxsus mustaqil xalqaro tribunal;
- Ukraina kabi ma’lum bir davlatning yurisdiksiyasini va turli mamlakatlar sudyalari bilan xalqaro huquqqa asoslangan jarayonni birlashtiradigan “gibrid sud”.
Yevrokomissiya ikkala variantni amalga oshirish BMT tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlashni talab qilishini bildirdi. Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida rezolyutsiya qabul qilishiga to‘sqinlik qilishi sababli BMT Bosh Assambleyasi uni tasdiqlashi mumkin.
Maxsus sudning prokurori o‘z qarori asosida oliy rahbariyatni suveren davlat daxlsizligidan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqarishi mumkin.
“Prokuratura juda jiddiy ishni taqdim etishi kerak”, — deya Bryusseldagi amaldor Gaagada Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini tergov qilish xalqaro markazini ochish muhimligini ta’kidladi.
Hozirda Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiyaga ko‘ra, bunday markaz iyun oyi oxirida ish boshlashi kerak.