Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

2022-yilda ko‘p yillardan buyon yil sayin barqaror o‘sib borgan mevalar va yong‘oqning jahon savdosi hajmi ilk bor pasaygan. Buning sabablari va uning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlariga ta’siri o‘rganildi. Bu haqda EastFruit xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Jahon eksportining qariyb 80 foizini tashkil etuvchi 25 ta yirik meva eksport qiluvchi mamlakat savdosini tahlil qilinsa, 2022-yilda bu mamlakatlardan eksport hajmi 2021-yilga nisbatan 4,05 milliard dollarga yoki 3,5 foizga kamaygan. 

Bunga qadar jahon savdosi dinamik ravishda o‘sib borib, 2018—2021-yillarda o‘rtacha yillik o‘sish 6,3 foizni yoki yiliga 6,6 milliard dollarni tashkil etgan edi.

Shunisi qiziqki, 25 ta lider mamlakatdan faqat 6 tasida (yoki mamlakatlarning to‘rtdan bir qismidan kamida) eksport hajmi o‘sishi kuzatilgan. Bu mazkur yo‘nalishda yoki umuman, iste’mol borasida jiddiy muammolar mavjudligidan darakdir.

Eksportni aynan kim oshirib, kim kamaytirganiga nazar tashlansa, meva savdosi inqirozining sabablari haqidagi savolga javob oydinlashadi. Meva va yong‘oq eksportini Chili, Peru, Kosta-Rika, Misr, Marokash va Gvatemala kabi davlatlar ko‘paytirdi. 

Ya’ni ular meva-sabzavot biznesining arzon ishchi kuchi kabi muhim element bilan birga mavsumdan tashqari yetkazib berish imkoniyatidan foydalangan mamlakatlardir. 

Ammo Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari, shuningdek, AQSH ya’ni eng yuqori daromad darajasi va ishchi kuchi xarajatlari yuqori bo‘lgan davlatlar mevalar va yong‘oq eksportini sezilarli darajada kamaytirdi.

Nega 2022-yilda mevalar va yong‘oqning global savdosi keskin kamaydi?

Mevalar va yong‘oq (barcha turlari) u qadar muhim oziq-ovqat turi emas. 2022-yilda jahon Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy va energetik zarbani boshdan kechirdi. Bu ishlab chiqaruvchilar uchun energiya va logistika xarajatlari keskin oshishi, qolaversa, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari uchun xarajatlar o‘sishiga olib keldi. 

Ayni holat Yevropa hamda AQSHda iste’molchilarning daromadlari kam yoki umuman o‘smagan sharoitda yuz berdi. Shu sababli, bunday sharoitlarda mevalar va yong‘oqqa talab sezilarli darajada zaiflashdi. Yana bir sabab — iqlim o‘zgarishi va turli ob-havo anomaliyalari natijasida hosil bo‘lgan muammolar mevalar hosili boy berilishi darajasi ortishiga olib kelganligidir, — deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) investitsion departamenti iqtisodchisi Andriy Yarmak.

Shuningdek, u “deglobalizatsiya” omili yoki mahsulot importi va eksporti uchun jahondagi turli mamlakatlarning “ochiqlik darajasi”ni pasayishi ham muhim rol o‘ynaganini qo‘shimcha qildi.

Shuni ham hisobga olish kerakki, savdo hajmi pasayishi AQSH dollari qiymatida baholanadi va 2022-yili dollar inflyatsiyasi so‘nggi yillar rekord darajasidagi 8 foizdan oshdi. Bu esa mevalar va yong‘oq bo‘yicha jahon eksporti juda keskin tarzda pasayib ketganidan dalolatdir.

Lider mamlakatlarda global meva eksporti qanday o‘zgardi?

Taxminan 15 milliard dollar daromad bilan yong‘oq va meva eksporti bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lgan AQSH o‘z daromadining katta qismini bodom, xandon pista, grek yong‘og‘i, sarxil olma va xo‘raki uzum eksportidan oladi. Yong‘oqdan tashqari barcha ushbu pozitsiyalar bo‘yicha eksport tushumlarida sezilarli pasayish qayd etilgan.

Ispaniya meva eksportining barcha besh asosiy toifasi — sitrus mevalar, rezavorlar, danakli mevalar, poliz ekinlari va yong‘oqning barcha turlari bo‘yicha eksportni keskin qisqartirdi. Ispaniyaning eksport daromadlari xurmo va xo‘raki uzum toifalarida ham pasaydi.

Meksika eksportni kamaytirgan bo‘lsa-da, eksportyorlarning global reytingida uchinchi o‘rindaligicha qoldi. Shu bilan birga, asosiy eksport toifasi — avokado dinamik o‘sishda davom etdi. Meksikadan 2022-yilda rezavorlar eksporti deyarli ikki barobar kamaydi. Yong‘oq eksporti ham qisqardi, ammo sitruslar va poliz ekinlari eksporti hajmi o‘sishda davom etdi.

Niderlandiya — jahondagi eng yirik meva reeksportyori sanoatdagi holatning aniq indikatoridir. Mazkur mamlakatda ekzotik mevalar va avokado, rezavorlar, sitruslar, olma, yong‘oq va uzum eksportidan tushgan daromad kamaydi, biroq banan reeksportidan daromad oshdi.

Chili o‘z eksportini keskin, qariyb uch barobar oshirib, mamlakat daromadining asosiy manbaiga aylangan xo‘raki uzum eksportidan gilosni ortda qoldirgan yagona mamlakatdir. 

Bundan tashqari, 2022-yili Chili gilosining eksport daromadi ham sezilarli darajada oshdi va rekord darajadagi 2,1 milliard dollarga yetdi. Kivi eksporti tushumi ikki barobardan ziyodroq oshgan, Chili golubikasi va sarxil olmasi eksporti tushumi esa pasaygan.

Mintaqa mamlakatlarida meva eksporti qanday o‘zgardi?

Mintaqadagi eng yirik meva va yong‘oq eksportyori — Turkiya jahon eksportyorlari reytingida sakkizinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, Turkiyadan eksport 2022-yilda 8 foizga yoki 424 million dollarga kamaygan. 

Turkiyadan eksport deyarli Yevropa Ittifoqi davlatlari va Ukrainaga kamaydi. AQSH va Rossiyaga yetkazib berish hajmi oshgan. Turkiyaning eksport daromadlari asosiy eksport toifasi bo‘lmish funduk eksporti kamayishi tufayli pasaygan. Olma, anjir, limon, gilos, uzum ham kam eksport qilindi. Ammo sarxil mandarin, o‘rik, shaftoli, xandon pista va bodom toifalarida daromad oshgan.

Polsha asosiy eksport daromadini tashqi bozorlarga muzlatilgan malina yetkazib berishdan oladi. Ushbu toifa bo‘yicha o‘sish 2022-yilda muzlatilgan mevalar toifasi singari rekord darajaga yetdi. Lekin Polshadan muzlatilgan qulupnay eksporti tushib ketdi. Olma va golubika eksportidan tushgan daromad ham kamaygan.

O‘zbekiston 2022-yilda mevalar va yong‘oq eksporti daromadlarini 21 foizga yoki 107 million dollarga oshirdi. Shu bilan birga, eksportning to‘rt asosiy pozitsiyasi — xo‘raki uzum, mayiz, shaftoli va xurmo bo‘yicha daromadning sezilarli darajada o‘sishi qayd etildi. 

Ammo so‘nggi yillarda O‘zbekistondan gilos eksporti deyarli uch barobar pasayib, antirekord darajaga tushdi, bunga ob-havo anomaliyalari asosiy sababdir. Shuningdek, O‘zbekistonning quritilgan olxo‘ri, sarxil olxo‘ri, anor, qovun, tarvuz va muzlatilgan mevalar eksportidan tushumlari o‘sib borayotganini qayd etish joiz.

2022-yilda urush tufayli turli hududlaridagi bog‘lari vayron qilingan yoki zarar yetkazilgan Ukraina meva va yong‘oq eksportini 15 foizga yoki 55 million dollarga kamaytirdi. Pasayish darajasi uch asosiy toifa bo‘yicha kuzatilgan: muzlatilgan malina va boshqa muzlatilgan mevalar, shuningdek, grek yong‘og‘i. Qolaversa, Ukrainaning sarxil olma, golubika va muzlatilgan qulupnay eksportidan daromadi oshdi.

Bir necha yillardan buyon meva va yong‘oq eksportyorlari reytingida Ukrainadan pastroq o‘rinda joylashgan Moldova Rossiyaning Ukrainadagi urushi natijasida yuzaga kelgan ko‘plab qiyinchiliklarga qaramay, 2022-yilda eksport hajmini 6 foizga yoki 15 million dollarga oshirdi. 

Shu bilan birga, asosiy eksport mahsulotlari: olma va yong‘oq bo‘yicha tushumlar hajmi 2021-yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Ammo sarxil uzum, gilos, o‘rik, quritilgan olxo‘ri va muzlatilgan malina daromadlari sezilarli darajada o‘sdi. Shu bilan birga, Moldovaning sarxil olxo‘ri bo‘yicha eksport daromadi keskin kamaydi.

Gruziya eksport tushumini 6 foizga yoki 13 million dollarga qisqartirdi. Asosiy pasayish Gruziya uchun asosiy eksport toifasi bo‘lmish funduk bo‘yicha yuz berdi. Gruziyaning mandarin, olma va xurmo eksportidan tushgan tushumi ham kamaydi. 

Boshqa tomondan, golubika, shaftoli, anor, olxo‘ri, quritilgan mevalar, limon, bodom va hatto xo‘raki uzum kabi eksport toifalarida eksport hajmini oshirish mumkin bo‘ldi. Hozircha Tojikistondan mevalar va yong‘oq eksporti bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar yo‘q.

Jahon meva va yong‘oq savdosi inqirozi mintaqa mamlakatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi va u qancha davom etadi?

Talab pasayishi har doim har qanday bozorda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon hodisadir. Mevalar va yong‘oq esa bundan mustasno emas. Talab pasayganda narxlar ham, odatda, pasayadi. 

Agar ishlab chiqarish xarajatlari rekord darajaga yaqinligicha qolayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu meva-sabzavot sektoridagi barcha korxonalar — fermerlardan tortib, qayta ishlash hamda ulgurji va chakana savdo korxonalari iqtisodiyotigacha salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aynan shu holat hozir jahon oziq-ovqat bozorida sodir bo‘lyapti.

Oziq-ovqat savatchasi narxlari ketma-ket bir necha oy davomida pasayishda davom etmoqda va 2021-yil darajasiga yaqinlashyapti. Shu bilan birga, talabni jonlantirish uchun jahon iqtisodiyotining o‘sish ko‘rsatkichlarini jonlantirish kerak. Biroq, hozircha global iqtisodiy o‘sishning tiklanishi haqida aniq signallar mavjud emas. 

Boshqa tomondan, mintaqa mamlakatlari hali ham ishchi kuchi xarajatlari bo‘yicha ustunlikka ega, bu meva bozorida muvaffaqiyatga erishish uchun juda muhimdir. Bu borada mahsulot sifatini oshirishga sarmoya kiritilsa, ushbu global inqiroz O‘zbekiston, Moldova, Gruziya, Tojikiston, Ukraina kabi mamlakatlar uchun yangi istiqbol eshiklarini ochishi mumkin. 

Jahonning rivojlangan va boy davlatlari importyorlari hech bo‘lmaganda, sifatli mahsulotlar narxini pasaytirish orqali mevalar va yong‘oqqa bo‘lgan talabni jonlantirish imkoniyatlarini izlamoqda. Meva eksportining aynan shu toifasi mintaqa mamlakatlari uchun o‘sishning eng muhim nuqtasiga aylanishi mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »