Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonni yaqin yillarda energetik va ekologik inqiroz kutmoqda. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov Telegram’dagi kanalida tahlillarini bayon qildi.

Erkin Abdulahatov
Foto: “Daryo”

Erkin Abdulahatovning yozishicha, suv va energetik tizim muammolarini og‘ir-bosiqlik bilan hal qilish zarur.

“Bizni yaqin yillarda energetik va ekologik inqiroz kutmoqda. U esa suv taqchilligini bo‘rttiradi. Iqtisodchi Otabek Bakirov aytganidek, elektr energiya taʼriflarini bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida ijobiy hal qila olsak, tabiiy gaz resurslarimizni oqilona to‘g‘ri maqsadlarga yo‘naltirsak, kelgusi va keyingi yillik istiqbollarda ham, iqlim keskinlashayotgan bir paytda ham barqarorlikka erisha olamiz, ishonavering. Baxtimizga dunyoda haroratni keskin yuqori bo‘lishiga olib keladigan El-Ninyo kabi hodisa bizning mintaqada yanvar-mayda tog‘larda yog‘inlarni ko‘paytiradi.

Ammo shu bilan birga, u mintaqada bahor-yozda haroratni yuqori bo‘lishini taʼminlab, sug‘orish maydonlarida ekinlarni tez-tez sug‘orishga “chaqiradi” ham. Buning uchun ko‘proq suv kerak. Ammo bizda ko‘proq suv beradigan transchegaraviy daryolar yuqoridan “bo‘g‘ilib” qolgan. Qo‘shni tog‘li davlatlardagi barcha suv omborlari afsuski, sug‘orish davrida suv to‘ldirish rejimiga o‘tib olgan. Bu barcha hollarda El-Ninyo shakllangan yillar O‘zbekiston kabi tekislik mamlakati qurg‘oqchilikni kuchli his qilishiga olib kelaveradi. Va biz buni oxirgi yillarda o‘zimizda his qilib turibmiz”, — deb yozgan ilmiy tadqiqotchi.

Erkin Abdulahatovning fikricha, endi Amudaryo suvidan foydalanish va uni taqsimlashda Afg‘oniston tomon ham har yillik suv taqsimot guruhiga qo‘shiladi. Qandaydir to‘siqlar va agressiv kayfiyatga yo‘g‘rilgan muhokamalar bilan hech narsani hal qilib bo‘lmaydi.

“Tolibon hukumati markazlashgan boshqaruv tizimini tuzish, Afg‘oniston shimoliy viloyatlarida yangi infrastruktura yaratishga astoydil bel bog‘lagan. Bu shak-shubhasiz barqaror va kafolatli Qo‘shtepa kanali suv rejimi orqali hal qilinadi. Ular rivojlanishi uchun hattoki, bu mintaqaga Qo‘shtepa kanali imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi investitsiyalar jalb qilishlari ham mumkin.

Markaziy Osiyoda geografik joylashuv jihatidan, Turkmaniston, O‘zbekiston tekislik, Tojikiston va Qirg‘iziston tog‘li hududlarda joylashgan. Tabiat tekislik hududlariga gaz, tog‘larga esa suv resursini inʼom etib qo‘ygan. Amudaryo o‘rta va quyi oqimi mintaqasida suv taqchilligini yumshatsa bo‘ladi. Bunga yechimlar ham bor. Mamlakatlar o‘rtasida puxta uzoq o‘ylangan gaz, elektr energiya va suv ayirboshlash siyosati. O‘zbekiston uchun barchasini amalga oshirish qadamlari tabiiy gaz resurslariga borib taqaladi.

Turkmaniston va O‘zbekiston birlashib, tabiiy gaz yoqilg‘isi bilan ishlaydigan mavjud elektr generatsiyalar orqali qishda afg‘on va tojik tomonga barqaror arzon tok eksportini yo‘lga qo‘yishi, tojik tomon esa bu payt Amudaryo havzasidagi Rog‘on va Nurek suv omborlarini suv bilan to‘ldirishga o‘tishi zarur. Shunda tojik tomon yozda gidroagregatlariga kuch berib, o‘zbek va afg‘on tomonga qimmatroq taʼrifda tok eksport qilishi mumkin. Bu Amudaryoda ayni sug‘orish mavsumida suv toshib oqishini taʼminlaydi. Bu manzara turkman uchun ham manfaatli bo‘ladi. Yuqori ehtimol, biz bu payt IESlarga dam berib, unga sarflanishi kerak gaz resurslarini qishga zaxiralaymiz”, — deya masalani tahlil qilgan mutaxassis.

Iqlimshunos yuqoridagilarni amalga oshirish uchun suv, gaz, elektr energiya, Afg‘oniston quruqlik yo‘llaridan foydalanish masalalari bo‘yicha to‘rt mamlakat hukumat rahbarlari o‘rtasida kamida 5 yillik yangi bitim imzolanishi lozimligiga ham urg‘u bergan.

“Bitim shartlariga Amudaryo suvidan foydalanish, undan foydalanishda kelgusi 6 oylik, hatto bir yillik suv oqim prognozidan (hozir turli texnologiyalar yordamida buni amalga oshirish imkoni bor) kelib chiqib, taqsimot kvotalari foizlarda belgilanishi ko‘rsatib o‘tilishi shart. Menimcha, bizning mintaqada suv taqchilligining oldini olish materik o‘rtasidagi boshqa mintaqalardagidan yumshoqroq va bu mamlakatlarning to‘g‘ri kelishuvi va uni amalda tatbiq etishiga bog‘liq. Chunki dunyo tomi deb atalgan Pomirda kamida 80 yilga yetadigan muzliklar bor. Iqlim isishida muzliklar erib boradi. Shunda hammaga yaxshi bo‘ladi. Hamma kelgusi istiqbollarga kamroq muammolar bilan kirib boradi”, — deya qayd etgan tadqiqotchi.

Olimning qo‘shimcha qilishicha, agrar sektorda anʼanaviy usullar bilan klassik sug‘orishni afzal ko‘radigan O‘zbekiston kabi mamlakat barqaror gaz va elektr energiya resursi orqali tezroq issiqxona va intensiv bog‘larga o‘tishi lozim.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »