Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Arsenal”dagi faoliyati bilan ko‘pchilikka tanilgan niderlandiyalik Dennis Bergkamp professional futbol o‘ynashni “Ayaks”da boshlagan. Afsonaviy futbolchi va murabbiy Yoxan Kroyf uni 17 yoshida asosiy jamoaga jalb qilgan. “Uchmas golland” deya laqab olgan Dennis Bergkamp 10-may kuni 54 yoshni qarshi oldi. Quyida niderlandiyalik o‘yinchining futbol olamiga qo‘ygan ilk qadamlari haqida so‘z boradi.

Xarakiri

Dennis Berkgampning muvaffaqiyat tarixi 1985-yilda Yoxan Kroyfning kelishi bilan boshlangan. “Ayaks” klub afsonasini bosh murabbiy etib tayinlamoqchi edi, biroq unda kerakli sertifikatlar bo‘lmagani uchun bu amalga oshmadi. Niderlandiyalik mutaxassis sertifikatlarni qo‘lga kiritish uchun harakat qilishni o‘ylab ham ko‘rmasdi.

Keyin esa “Ayaks” bir hiylani amalga oshirdi. Amsterdam klubi Kroyfga kerakli imtihonlarni topshirgan uchta yordamchi olib keldi. Yoxanning o‘zi esa texnik direktor etib tayinlandi va shunday qilib mashg‘ulotlarda ham ishtirok etish imkoniyatini oldi. U jamoaning menejeriga aylandi. Niderlandiya futbol federatsiyasi bunga qarshi hech nima qila olmasligini tushungandi. Shuning uchun federatsiya 1986-yilda Kroyfga kerakli diplomni berishga qaror qildi.

Foto: Getty Images

Yoxanning dastlabki natijalari o‘rtacha bo‘ldi. Uning “ultra-hujumkor” o‘yin uslubi ba’zida o‘z joniga qasd qilish turi bo‘lgan “xarakiri” deb atalardi. Kroyf boshchiligidagi “Ayaks” ilk mavsumda Niderlandiya kubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, milliy chempionatni “PSV”ga yutqazib qo‘ydi.

Biroq hujumkor va ko‘ngilochar o‘yin uslubi muxlislar tomonidan yaxshi qabul qilindi. Kroyf o‘zining revolyutsion fikrlashi bilan himoyachilarga hujumchilar kabi o‘ynashga ruxsat bergan. Shuningdek, futbolchilarga nafas olish mashqlarida yordam berishi uchun opera qo‘shiqchilarini yollagan.

Eng muhimi niderlandiyalik murabbiy yosh iste’dodli futbolchilarga imkon berardi. Bir yil o‘tib “PSV” yana chempionlikni qo‘lga kiritganiga qaramay, 1986/87-yilgi mavsum “Ayaks” qayta tug‘ilishining boshlanishi bo‘ldi. Bunda oxirgi bo‘lmagan rollardan birini maktab o‘quvchisi Bergkamp o‘ynagan.

Amsterdamliklar uchun 1970-yillarning boshida Chempionlar Ligasidagi qatorasiga uchta g‘alabadan keyin “quruq” davr boshlangandi. 1980-yilda jamoa turnirning faqatgina yarim finalida ishtirok etgandi. Keyingi 6 yil davomida “Ayaks” atigi ikki marta birinchi davradan nariga o‘ta olgandi.

Bunday hujumkor va dominant (muxlislar tarixdan niderland jamoalarida ko‘rishga o‘rgangan) futbol uslubi bilan “Ayaks” Kubok egalari Kubogining keyingi bosqichiga chiqish uchun kurash olib bordi. Birinchi raqib — “Bursaspor” 5:0 va 2:0 hisobida mag‘lub etildi, ikkinchi raundda “Olimpiakos” dog‘da qoldirildi. Gretsiya klubi futbolchilarining mehmondagi uchrashuv birinchi bo‘limidan keyingi (“Ayaks” u vaqtda 4:0 hisobida oldinda edi) tanaffusda shunchalik jahli chiqdiki, hatto kiyim almashtirish xonasida janjal chiqdi.

Oradan ko‘p o‘tmay 1986-yilning oxiriga kelib, Kroyf 17 yoshli Bergkampga milliy chempionatda “Roda”ga qarshi uchrashuvda debyut qilish imkoniyatini berdi. Keyin 1987-yilning mart oyida yosh Dennis niderlandiyalik muxlislar qalbidan joy oldi.

Foto: Getty Images

Biologiya fanidan imtihon

Kubok egalari Kubogi chorak finali qur’asiga ko‘ra, “Ayaks” “Malmyo”ga qarshi maydonga tushishi kerak edi. U vaqtda shved jamoasini angliyalik murabbiy Roy Hojson boshqarardi. Bu amsterdamliklar uchun yaxshi qur’a deya baholangandi. Shunga qaramay jamoa kuchli emasdi va yarim finalga chiqish uchun qattiq mehnat qilishi kerak edi.

To‘rtinchi mart kuni Niderlandiya klubi birinchi o‘yinni o‘tkazish uchun Shvetsiyaga yo‘l oldi. Biroq maydonni to‘liq qor qoplagandi va so‘nggi daqiqalarda o‘yin 14-mart, shanba kuniga qoldirildi. Bu Bergkamp xalqaro maydondagi debyutini o‘tkazib yuborishini anglatardi. Dennis o‘yinning yangi sanasi belgilangandan keyin darhol kun tartibini tekshirdi va jahli chiqdi. Nega? Futbolchi gimnaziyani tugatishi uchun 1,5 yil qolgandi va diplom olishni niyat qilgandi.

Foto: FourFourTwo

Kroyf jamoasi Shvetsiyaga payshanba kuni yo‘l olishi rejalashtirilgandi, biroq yosh Dennis juma kuni biologiya fanidan muhim imtihon topshirishi kerak edi. Yoxan buni hurmat qilar edi, lekin eng iqtidorli o‘smirni qoldirib ketish ham mumkin emasdi. Shunda u ajoyib reja o‘ylab topdi.

Maktab o‘quvchisi Bergkamp juma kuni imtihondan o‘tdi, keyin esa ota-onasi uni Sxiphol aeroportiga olib bordi va u Kopengagenga parvoz qildi. Futbolchiga niderlandiyalik jurnalist Kis Yansma hamrohlik qildi. Ular Daniyadan Malmyoga qayiqda borishi kerak edi.

U vaqtlarda niderlandiyalik futbolchi parvozdan qo‘rqmas edi. Bu Bergkampga Shvetsiyada 15 daqiqa o‘ynash imkonini berdi. Uning jamoasi esa 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Kroyff Bergkampning qimmatbaho iste’dodiga shubha qilmasdi. Shuning uchun to‘rt kundan keyingi javob uchrashuvini Dennis asosiy tarkibda boshladi.

Kroyff katta o‘yinda birinchi daqiqalardanoq hali hech kimga tanish bo‘lmagan bolani maydonga tushirib, do‘stlari va dushmanlarini hayron qoldirdi. Shuncha yildan so‘ng “Ayaks”da Yevropa maydonlarida o‘zini ko‘rsatish imkoni tug‘ilganda, murabbiy hali hech narsa ko‘rsatmagan yigitga ishondi. U nima haqida o‘ylagan?

Ammo tanqidlar tez orada yo‘qoladi.

Yorqin debyut

“Ayaks”ning afsonaviy stadioni “De Mer” 25 ming muxlis bilan to‘lgandi. Ularning barchasi sevimli klubi shved jamoasini mag‘lub etishini ko‘rish uchun kelgandi.

O‘sha kuni maydon ahvoli dahshatli darajada edi. Biroq texnika tomondan yaxshiroq bo‘lgan amsterdamliklar bu holatda “Malmyo” futbolchilariga qaraganda yaxshiroq harakat qildi. Shvedlar faqat uzun paslar bilan o‘ynadi. Bergkamp ilk bor “Ayaks”ning asosiy tarkibida maydonga tushdi. Kroyf unga chap qanot vingeri pozitsiyasini ishonib topshirdi. Dennis o‘z o‘yini bilan hammani hayron qoldirdi.

O‘yin “Ayaks”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Mezbonlar safida Aron Vinter gol urdi va Marko van Basten dubl qayd etdi. “Malmyo” safida Xakan Lindman to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin shaharda muhokamalar markazidagi mavzu Dennis Bergkamp bo‘ldi. Kroyf ataylab muxlislarning olqishini his qilishi uchun uni 87-daqiqada zaxiraga oldi.

Foto: FourFourTwo

Muxlislar yosh futbolchini tik turib olqishladi. U Kroyf kashf qilgan keyingi buyuk futbolchi bo‘lishi kerak edi. O‘shanda Bergkamp hali o‘qishni tugatmagani uchun zaxira tarkibi bilan mashg‘ulot o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Ammo Kroyf keyinroq quyidagicha izoh bergan.

“Biz zaxira o‘yinchilarini tayyorlamadik, ulardan Dennis mashg‘ulot o‘tkazishi uchun foydalandik”, — degan mutaxassis.

Bergkamp o‘rta maktab diplomini ololmadi. Dennis mart oyida biologiya imtihonini topshirdi va o‘rta maktabning yuqori sinfiga o‘tdi. Keyin ishga Kroyf aralashdi. Yosh iste’dodli futbolchi murabbiyga haftada ikki kun emas, balki doimiy ravishda kerak edi. Shunday qilib, Yoxan unga maktabni tashlab, fizioterapiya mashg‘ulotlarini boshlashni maslahat berdi.

Kroyf yana bir bor haq bo‘lib chiqdi. Bergkamp o‘sishdan to‘xtamadi va mavsumni birinchi jamoa bilan yakunladi. U “Ayaks”ning yutuqlariga katta hissa qo‘shdi. Avvaliga Niderlandiya kubogida “Den Haag” ustidan g‘alaba qozondi. Keyin esa Kubok egalari Kubogida uzoq kutilgan g‘alabaga erishdi. Unda “Ayaks” Leypsigning “Lokomotiv” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.

Albatta, bu boshlanishi edi. U “Inter” va “Arsenal” sharafini ham himoya qildi. Biroq ular butkul boshqa hikoya.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »