Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Dunyoning har tomonlama eng yirik mamlakatlaridan biri bo‘lgan Xitoy tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyo hisoblanadi. Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining uchta liniyasi orqali tabiiy gaz yetkazib berish, shuningdek, Qozog‘iston – Xitoy neft quvuri orqali neft yetkazib berish Xitoyning energetik xavfsizligini taʼminlashga muhim hissa qo‘shmoqda.

Bunday sharoitda mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish ikki tomonlama strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu mavzu oliy darajadagi O‘zbekiston-Xitoy aloqalari kun tartibida va yakuniy siyosiy hujjatlarida anʼanaviy tarzda muhim o‘rin tutadi.

“Daryo” ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik xususida so‘z yuritadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar

O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari uzoq tarixga ega va Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi, bir paytlar O‘rta qirollik savdosining asosiy qismi bu yo‘l orqali o‘tgan. Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlar bozorlarida Xitoy shoyi, qog‘oz, choy va boshqa mahsulotlar uzoq vaqt hukmronlik qilgan.

Infografika: “Daryo” 

XXR O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. Diplomatik munosabatlar 1992-yil 2-yanvarda o‘rnatilgan. 2012-yil 6-iyunda strategik sheriklik, 2016-yil 22-iyunda keng qamrovli strategik sheriklik, 2022-yil 15-sentyabrda yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatildi.

1991-yildan buyon ikki davlat rahbarlarining 21-marta sammiti bo‘lib o‘tgan. O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasi prezidentlari Szyan Szemin (1996), Xu Szintao (2004, 2010) va Si Szinpin tashrif buyurdi (2013, 2016, 2022).

Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning may oyida Xitoyga ilk marta davlat tashrifi bilan bordi. Mazkur tashrif O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari rivojiga katta turtki berdi. Tashrif natijasida qishloq xo‘jaligi, taʼlim, sanoat, tibbiyot, energetika, transport va kommunikatsiya sohalarida turli loyihalar bilan umumiy qiymati 23 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 100 dan ortiq ikki tomonlama shartnomalar imzolandi.

Tashriflar va muloqotlar keyingi yillarda ham davom etdi. 2018-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida o‘tayotgan SHHT sammiti doirasida Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazdi. 2019-yilning aprel oyida O‘zbekiston prezidenti “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish maqsadida Pekinga bordi.

Pandemiya davrida va undan keyin ham qator muloqotlar davom etdi. Turli konferensiyalardagi ishtirok, telefon orqali mukofotlar shular jumlasidan. 

2022-yilning fevralida Shavkat Mirziyoyev XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun Xitoy poytaxtiga bordi. Shu yilning sentyabr oyida esa XXR Raisi Si Szinpin davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. Mazkur oliy darajadagi tashrif doirasida 15 ta hujjat imzolandi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati 15 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi.

Bugunga qadar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 283 ta hujjat imzolangan. Jumladan, 113 ta davlatlararo va hukumatlararo xalqaro shartnomalar, 82 ta idoralararo va 88 ta boshqa turdagi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik

2022-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 8,92 mlrd dollarni (+19,7%) tashkil etdi, jumladan: eksport – 2,52 mlrd dollar (-0,4%), import – 6,4 mlrd dollar (+30, 1%). 2023-yilning yanvar-mart oylarida tovar ayirboshlash hajmi 2,3 milliard dollarni (+7,4 foiz) tashkil etdi, jumladan: eksport – 358,5 million dollar (-32,1 foiz), import – 2 milliard dollar (+20%).

Infografika: “Daryo” 

Jami o‘zlashtirilgan Xitoy sarmoyasi 2017-2022-yillarda 10,9 milliard dollarni, shu jumladan 2022-yilda 2,2 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoyning qator tijorat banklari orqali O‘zbekistonga berilgan kreditlarning umumiy portfeli 6,9 milliard dollardan oshadi (shundan 4 milliard dollari hukumat kafolatisiz).

2008-2022-yillarda 51 ta loyihani amalga oshirish uchun Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining 246,3 million dollarlik grant mablag‘lari jalb etildi. 2022-yilda 10,1 million dollar miqdorida grantlar jalb etildi. Ayni paytda 77,6 million dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 1763 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 275 tasi 2022-yilda tashkil etilgan.

Infografika: “Daryo” 

Bugungi kunda mamlakatlar Qirg‘iziston tomoni bilan hamkorlikda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti arafasida uch tomonlama shartnoma imzolash orqali O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi loyihasini ilgari surish ishlarini faollashtirdi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida “Xitoy-Markaziy Osiyo-G‘arbiy Osiyo” iqtisodiy yo‘lagini shakllantirish rejalarini ilgari surish, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqqa yangi transport yo‘laklarini rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkin. 

Ayni paytda ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanmoqda. Shunday qilib, 2021-yil sentyabr oyida COVID-19 ga qarshi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma vaksinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish doirasida 2020-yil 12-fevral va 3-mart kunlari O‘zbekiston Xitoyga umumiy qiymati 203 ming dollarlik insonparvarlik yordami yubordi. 2020-yilning mart-dekabr oylarida Xitoy Xalq Respublikasi hukumati tomonidan 4,8 million dollarlik 50 tonnadan ortiq insonparvarlik yordami yetkazildi.

Madaniy va gumanitar hamkorlik

2003-yilda Xitoyning Changchun shahrida Kamoliddin Behzod haykali ochildi, 2017-yili Shanxay universitetida Alisher Navoiy haykali. Konfutsiy institutlari Toshkent (2005-yildan) va Samarqandda (2014-yildan) faoliyat yuritmoqda. 2019-yilda Samarqand davlat universiteti yonida Konfutsiy haykali o‘rnatildi.

Infografika: “Daryo” 

Markaziy Millatlar Universitetida (Pekin) va Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘zbek tili kafedralari mavjud. Xitoy tilini o‘rganayotgan yoshlar soni ortib bormoqda, ularni Xitoy madaniyati, musiqasi va raqsi ham o‘ziga jalb qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Toshkentdagi Xitoy milliy madaniyat markazi Xitoyda o‘qish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik yoshlarga stipendiya va grantlar ajratishda ko‘maklashayotgani ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston ham Xitoy singari boy tarixiy-madaniy merosga, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Farg‘ona kabi noyob qadimiy meʼmoriy yodgorliklarga ega bo‘lgan rang-barang mamlakatdir. 

2010-yildan boshlab O‘zbekistonga Xitoy fuqarolarining guruhli sayohatlari uchun turistik davlat maqomi berildi, 2017-yilda esa besh yilga mo‘ljallangan Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish dasturi qabul qilindi. 2021-yil mart oyidan boshlab Xitoy fuqarolari uchun o‘n kunlik vizasiz rejim amal qiladi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli keyingi yillarda O‘zbekistonga xitoylik sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi. 2017-2019-yillarda ularning soni 19 mingdan 54 ming nafardan oshdi. Biroq so‘nggi uch yil ichida pandemiya boshlanishi bilan mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlar oqimi qisqargan va 10 ming kishidan oshmagan. 

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2023-yil Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili deb eʼlon qilindi. 

“Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti haqida

18-19-may kunlari Sian shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik salohiyatini yanada samaraliroq ochib berishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Ekspertlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim ustuvor yo‘nalishi mintaqaviy xavfsizlik va Markaziy Osiyo taraqqiyotini taʼminlashning muhim omili bo‘lib qolayotgan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, barqarorlikni taʼminlash va qayta tiklashga ko‘maklashishdan iboratligini taʼkidlashmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »