Samarqandda ko‘zi ojizlar maktabi o‘quvchisi avtobus urib yuborishi oqibatida vafot etdi
Samarqand shahridagi ko‘zi ojizlar maktabi o‘quvchisi avtobus urib yuborishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.
Samarqand viloyat IIB axborot xizmati mazkur xabarni tasdiqladi.
Mazkur xabarni tasdiqlangan yana bir manba Samarqand shahridagi 59-sonli ko‘zi ojizlar maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi marhum o‘quvchi 11-sinf bo‘lganini maʼlum qildi.
“Hozirda ‘Nurli maskan’ deb nomlanadigan maktabimizning 11-sinf o‘quvchisi 13-may kuni 12:50 da beshinchi soat darsini tamomlab, sherigi bilan ko‘chaga chiqib ketgan. YTH soat 14:00 atrofida sodir bo‘lgan”, — deydi ushbu maktab o‘qituvchisi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, marhum o‘quvchi Davlat Qurbonov va uning sherigi do‘konga borib-kelish bahonasida nazorati sust maktab binosidan osongina chiqib ketgan.
“O‘quvchilar do‘konga kirmasdan shahardagi istirohat bog‘iga ketib qolgan. Tramvaydan tushib yo‘lning ikkinchi tomoniga o‘tayotganda o‘quvchilardan birini avtobus urib yuborgan. Avtohalokatga uchragan bola shifoxonaga yetkazilgan. Biroq 15-may kuni ko‘rsatilgan yordamlarga qaramasdan vafot etgan”, — deydi manba.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur maktab maxsus rejimdagi maktab bo‘lganligi uchun o‘quvchilar faqatgina rahbariyatning ruxsati bilan tashqariga chiqishi mumkin.
“Marhum o‘quvchi asli surxondaryolik bo‘lib, 7 yoshidan beri shu yerda o‘qib, yashab kelgan. Ota-onasi har chorak yoki bayramlarda olib ketgan. Bunday hodisaga ishchilarini tartibga sololmay loqaydlik qilgan rahbar aybdor. Maktab yopiq tipdagi maktab hisoblanadi. Bunday maktablarga qo‘riqlash xizmatidan xodim qo‘yilishi kerak. Hozirgi qorovullar pensiya yoshida”, — deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan maktab o‘qituvchilaridan biri.