Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Kulrang tusdagi sviter kiyib, bahaybat gavdasini doimo g‘oz tutib yuradigan bu soqolli odam shunchaki yozuvchi emas edi. Sport ustasi, sayohatsevar, ovchi, baliqchi, pivoxo‘r, harbiy jurnalist va yana shu kabi ko‘plab sifatlar bilan atalishi mumkin bo‘lgan Hemingueyning hayoti misli ko‘rilmagan sarguzasht  hamda yuqori hayajonlarga boy bo‘lgan. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida amerikalik adibning o‘z joniga qasd qilish bilan yakunlangan noodatiy hayoti haqida hikoya qiladi.

Foto: Britannica

Bolalik

Yozuvchi 1899-yil 21-iyulda Chikagodan uncha uzoq bo‘lmagan Uok-Park shaharchasida dunyoga keladi. Ernestning otasi Klarens Edmont Heminguey shaharchaning ko‘zga ko‘ringan shifokori edi. Onasi Greys Xollning esa ko‘ngillarni sel qiluvchi sohir, jarangdor ovozi bor ediki, u opera kuylagan payt bu ovoz yanada sehrli tus olardi. Biroq ona shon-shuhrat darvozasini berkitib, olti nafar farzandining tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishga qaror qiladi — taniqli xonanda bo‘lishi kutilayotgan iste’dod sohibasi sahnadan ketadi. Xullas, bu katta xonadondagi ajoyib muhitda adabiyotdan bo‘lak barcha narsa bor edi.

Onasini yomon ko‘rgan yozuvchi

Klarens juda jiddiy, odamlar bilan kamdan kam holda muloqot qiladigan, doim nimanidir o‘ylab yuradigan odamlar sirasiga kirardi. Greys esa aksincha, sho‘x-shaddod, bolalar u bilan vaqtlarini chog‘ o‘tkazishardi. Shunday yer-u ko‘kka sig‘mas qiz qosh-qovog‘i ochilmaydigan yigitga turmushga chiqqani uchun ko‘p tanqidga uchraydi. Orqavarotdan sahnani tark etib, iste’dodini ham birato‘la ko‘mib keldi, degan g‘iybatlar tarqaladi. Biroq bu gaplarning hech biri Greysning dilbandlari va eriga bo‘lgan munosabatiga zarracha ta’sir o‘tkaza olmaydi.

Greys turmushga chiqqach, qiz farzandli bo‘lishni shunchalik qattiq istaganki, Ernestga u to‘rt yoshga to‘lguniga qadar, faqat qizlar kiyimini kiydirib yurgan.

Ba’zi xabarlarga ko‘ra, adib onasini yoqtirmagani aytilgan. Bu qanchalik ishonchli ekanligi hech kimga ma’lum emas. Biroq allaqaysi intervyuda Ernest shunga yaqinroq gap aytgan. Nima bo‘lganda ham, bir narsa aniq, hali bolakay aqlini tanib, dunyoqarashi o‘sguniga qadar onasini yaxshi ko‘rgan.  

Ota kamgap bo‘lsa-da, maroqli dam olishni juda yaxshi bilardi. U ishdan bo‘sh vaqt topildi, deguncha qarmoqlarni ko‘tarib baliq oviga yugurar va doim o‘zi bilan endigina uchga kirgan Ernestni olib ketardi. Bu shirin xotiralar keyinchalik buyuk yozuvchi asarlariga ko‘chdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Foto: Los Angeles Times

Maktabdagi do‘stlari Hem deb chaqiradigan bolakayning hayotida sport alohida o‘rin tutar edi. U futbol va suzishdan ham ko‘proq boksga qiziqardi. Ikki raqibning jon achchig‘ida bir-biriga tashlanishi, qora terga botib hansirashi — hamma-hamma jarayonlar unga qiziq edi. Faqatgina bir safar jangdan orttirgan jiddiy jarohati, ya’ni chap ko‘zi deyarli ko‘rmay, chap qulog‘i eshitmay qolganida bu sport turi bilan jiddiy shug‘ullanishni butkul yig‘ishtirib qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Aynan shu tasodifiy asorat uning harbiy xizmatga ketishiga bir necha bor to‘sqinlik qilgan.

Salom, qurol!

Ernest 12 yoshga to‘lganida bobosi unga haqiqiy qurol sovg‘a qiladi. Bolakay ajabtovur sovg‘ani sinab ko‘rish uchun do‘stlari bilan chopqilab yurganida, bir qari hindu ortlaridan xitob qilib qoladi: “Qo‘lingdagiga ehtiyot bo‘l, shumtaka. U istalgan odam, hatto o‘z egasi bilan ham sovuq munosabatda bo‘ladi!

Xuddi shu hodisadan ellik yil o‘tib, Heminguey Vincenzo Bernardelli to‘pponchasi bilan o‘zini otib o‘ldiradi. Keyinchalik bu model Hemingway deb o‘zgartirilgan.

Harbiy xizmat

Ernest yozishga doim ishtiyoqmand bo‘lgan. Biroq uning bu xatti-harakatlarini ota-onasi iliq qarshilamadi: ota farzandini o‘zi kabi shifokor bo‘lishga undasa, ona yigitni musiqachi bo‘lishga majburlardi. Maktabni bitirgandan so‘ng, Ernest ota-onasining ko‘rsatmalariga quloq solmadi. Universitetga ham hujjat topshirishdan bosh tortdi.

Birinchi jahon urushiga qo‘shilgan AQSH sabab frontga ko‘ngilli sifatida yo‘l oladi. Unga Italiyada haydovchilik lavozimi topshiriladi — vazifasi frontning jangovar chizig‘iga yaqinlashmasdan askarlarga oziq-ovqatlarni tashish bo‘lgan. To‘g‘ri, qo‘lidan ko‘p narsa kelishini bilgan va qaltis vaziyatlar jon-u dili bo‘lgan Heminguey uchun bu ish to‘g‘ri kelmas edi. Norozi kayfiyatini komandirlarga bildirishdan charchamagan yigit minglab askarlar qatori tumanli jangga kirishni qattiq xohlardi.

Foto: Los Angeles Times

Vanihoyat, komandirlar unga imkon berishga qaror qiladi. Ernest yelkasidagi mas’uliyat hissini unutmagan holda barcha majburiyatlarini ko‘ngildan bajaradi, o‘qlar yomg‘iri bir zum ham tinmaydigan jang maydonidan sheriklarini tashib chiqaradi. Bir safar snayper o‘qiga uchragan askarni qutqarish chog‘ida Heminguey minomyot snaryadlarining daydi o‘qiga uchraydi hamda bir vaqtning o‘zida 200 ga yaqin jarohat oladi. Askarning tanasidan 26 ta snaryad parchalari chiqarib olinadi, ulardan biri tizza qopqog‘iga jiddiy shikast yetkazgan edi. Shundan keyin 19 yashar o‘spirinni Italiya qirolining shaxsan o‘zi “Mardlik uchun” va “Harbiy Xoch” kumush medallari bilan taqdirlaydi

“Erkak nigohi bilan bitilgan…”

Jangda o‘lishdan qo‘rqib, uyi tomon qochgan yigitlarga nafrat ko‘zi bilan qaragan, urushni sevmagan bo‘lsa-da, payti kelganda uni rad etmagan Ernest Ikkinchi jahon urushi boshlanganida shunchaki chetdan qarab tura olmaydi. Boshqa zobitlar tarkibida olis Yevropaga yo‘l oladi. Avvaliga yozuvchi Fransiya uzra bombardimonchi samolyotlarda uchadi, keyinchalik yerdagi operatsiyalarda ham qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Gurkirab ijod qilishi kerak bo‘lgan bir paytda bizning dovyurak qahramonimiz Parij, Elzas va Belgiyadagi janglarda faol ishtirok etadi.

Bir nechta urush va mojarolarda qatnashib, ko‘p hodisalarga shaxsan guvoh bo‘lgan adibning keyingi asarlari nihoyatda qiziqarli hamda tabiiy tus ola boshlaydi.

Foto: The Guardian

Ernest Heminguey bir nechta avlod vakillari orasida “chinakam erkak nigohi bilan bitilgan asarlar” muallifi sifatida hurmatga sazovor bo‘lgan. Hattoki Sovet Ittifoqida ham uning muxlislari talay edi. “Qizil hudud”ga Amerikaga tegishli biror asar kiritilmagan paytlar ham qiziquvchilar hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, Heminguey romanlarini turli yo‘llar bilan olib kirgan. Buning sababi Heminguey deyarli barcha asarlarini qat’iyat, temir intizom, favqulodda mardlik hamda iroda kuchi bilan sug‘organida edi. Qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan kitoblarining muqovasida kulrang sviter kiygan bahaybat gavdali odam turardi.

Heminguey bu sifatlardan tashqari asarlarida muhabbatni ham tarannum etadi. Masalan, uning “Alvido, qurol!” romanidagi sevgiga oid boblari shunchalik tabiiy va hayajonli chiqqanki, o‘quvchi bir lahzaga bo‘lsa ham, asar bilan uyg‘unlashib ketadi.

“Inson irodasi uchun…”

Tajriba va iste’dod o‘z mevasini berdi: 1953-yil may oyida Heminguey Pulitser mukofotiga, 1954-yilda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Chol va Dengiz” qissasi Xemingueyni dunyoga mashhur qildi. Xeminguey bu asarini 1952-yilda Bagama orollarida hech qanday mukofot talab qilmay, tirikchilik vajidan yozadi. Kubalik keksa baliqchi Santyago hayoti davomida uchratgan yagona ulkan o‘lja – bahaybat marlin bilan ochiq dengizdagi jangi pivoxo‘rga shunchalik shuhrat keltirishini o‘zi ham tasavvur qilmagan.

Foto: PSB

O‘lim bilan bog‘liq hodisalar

Tinib-tinchimas Hem 62 yoshni qarshilagunga qadar o‘n martalab o‘limdan qolgan. Urushda unga naq 273 ta mina bo‘laklari tegadi, pulemyot o‘qlaridan oyog‘i yaralanadi. Beshta avariya hamda yettita chinakam falokatni boshdan kechirgan Ernest turli darajadagi asoratlarni olgan: oyog‘i bir necha bor singan, miya chayqalgan, mina tovushlaridan quloq pardalari yirtilishiga bir baxya qolgan

Bir kuni ov qilayotgan chog‘i oyog‘idan jarohat oladi: qurigan shox tushib ketadi. Ayni o‘sha paytda o‘rmon yong‘ini boshlanadi. Yugurish tugul, yurishni ham eplolmayotgan Ernest dahshat ichida qolsa ham, bir amallab, birovning ko‘magiga zoriqmay omon qoladi. Xullas, qariya irodasini taqdir juda ko‘p bora sinagan.

Ko‘pchilik biladi, yozuvchi shifoxonada o‘tkazgan kunlarining bir tongida hech kimga ikki enlik bo‘lsa-da xat-xabar qoldirmay, peshonasidan o‘q uzadi. Qiziq jihati shundaki, Heminguey oilasining barcha a’zolari to‘pponchadan o‘q uzishni yaxshi ko‘rgan. Onasi Greys farzandlarining bolalikdagi xotira albomi uchun kassetaga yozib qoldirgan ovozlarida uch yashar Ernest haqida shunday deydi: “U quroldan juda yaxshi foydalanyapti. Oxirgi paytlar otasining ko‘magisiz o‘zi o‘qlay olishni o‘rgandi”.

Heminguey boshida doimo baxtsizlik bulutlari aylanib yurishini odamlar oldida ko‘p bora takrorlagan. Uning otasi, singlisi va kenja ukasi – uchovi ham o‘z joniga qasd qilgan. Adibni vafotiga qadar tark etmagan ichki tushkunlikning sababi aynan shu uch jigargo‘shasining mudhish qarorlari sabab paydo bo‘lgan.

Umrining oxirida shifokorlar undan diabet va gipertoniya belgilarini topadi, biroq negadir uni Mayodagi ruhiy kasallar shifoxonasiga jo‘natishadi. U yerda Ernest salkam aqldan ozar darajaga yetib boradi: vasvasa oqibatida yuzaga keladigan paranoya bilan kurashadi. Yozuvchiga uni to‘xtovsiz ta’qib etishayotgandek tuyulavergan. Mana shu qo‘rquv sabab u hatto uxlay olmagan, tuni bilan g‘uldirab chiqqan.

Hemingueyni davolashda elektroshokerdan foydalanishgan. Bir necha bor tokli “muolajadan” so‘ng, yozuvchi yoza olmay qoladi, chunki u deyarli butun xotirasidan ayriladi. Muolaja aks ta’sir ko‘rsatadi: bechora Ernest tushkunlik botqog‘iga botib boraveradi, alaloqibat, bu qiynoqlar o‘z joniga qasd qilishga majbur etadi.

Ernest xotinboz

Ernest hamma narsaga qiziqib ko‘rgan. O‘zining xotira qaydlarida yozishicha, Ernest gamburger tayyorlashning o‘zgacha uslubini kashf etgan. Umuman olganda, u mazali narsalar tanovul qilishni hamda mazali qilib pishirishni yoqtirgan. Bir kuni u o‘zi ishlayotgan gazetasining unga ajratilgan sahifasiga nima berishni bilmay, olmali pirog retseptini tayyorlab yuboradi. Uning Floridadagi uy muzeyida turli taomlarning retsepti, tayyorlanishi yozib qoldirilgan qog‘ozlar mavjud.

Foto: Pinterest

U qaltis holatlarni sevardi. Shuning uchun o‘ziga burnidan bahaybat temir halqa o‘tkazilgan, ko‘zi qonga to‘la buqalar jangida qatnashish yoki bir katakda sher bilan yuzma-yuz qolish kabi istaklari qarigunga qadar ahmoqona tuyulmagan. Bu qiziqish shaxsiy hayotiga ham ta’sir qilmay qolmagan.

Muqim narsalardan tez zerikadigan adib bir nechta ayollarni sevgan. Birinchi muhabbati sanalmish hamshira Agnes fon Kurovskidan boshlangan ishqiy mashmashalar uncha chiroyli bo‘lmagan pianinochi Elizabet Xedli Richardson bilan davom etadi. 1927-yilda esa beqaror oshiq xotinining eng yaqin dugonasi – Paulina Pfayferni sevib qoladi. Undan ikki farzand ko‘rgach, Ernest amerikalik jurnalist ayol Marte Gellxornga uylanadi. Bu hayoti davomidagi uchinchi turmushi edi

1947-yil 48 yoshli Heminguey o‘zidan 30 yosh kichkina bo‘lgan oqbadan qiz – Adriana Ivanchichga uni telbalarcha suyishini oshkor qiladi. Biroq qiz Ernestni o‘z otasidek ko‘rishini aytadi hamda qaysar qizning talabi bilan ikkisining o‘rtasida faqatgina do‘stona munosabat o‘rnatiladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »