Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Telegram messenjeridagi kanallarda bojxona postlarida yuk avtomobillarining turnaqator navbatlari yuzaga kelgani, haydovchilarning sutkalab chegara postlarida qolib ketishi va ortiqcha xarajatga tushayotgani aytilgan suratlar, videolar paydo bo‘ldi. “Daryo” muxbiri mazkur holatni o‘rganish maqsadida “Mayskiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan bojxona chegara postidagi haydovchilar билан suhbatlashdi.

Foto: Militsiya.uzb

Turkiya va Gruziya haydovchilari yo‘limiz abgorligini aytib, ustimizdan kuladi

Yuk haydovchilariga “Mayskiy” nomi bilan tanish bo‘lgan S.Najimov chegara bojxona posti Toshkent viloyati hududida joylashgan bo‘lib, mazkur O‘zbekiston–Qozog‘iston chegara posti orqali kuniga yuzlab har xil turdagi isteʼmol mahsulotlari boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi.

“‘Mayskiy’ postiga kirib kelguncha taxminan 10 kilometr yo‘l juda abgor holatda. Turkiya va Gruziyadan kelgan yuk avtomobili haydovchilari ‘O‘zbekistonning chegara postlaridagi yo‘llar nega bu darajada abgor, hech kim eʼtibor bermaydimi?’, deya kulgi aralash so‘rashadi. Baʼzan bunaqa gaplarni eshitib, uyalib ketamiz, to‘g‘risi. Sababi o‘sha kulayotgan haydovchilarning vatani Turkiya, Gruziya kabi mamlakatlarning bojxona chegara postlariga borsangiz, hatto mashinadan tushmaysiz, chegaraga kirib borishingiz bilan mashinangiz nomeri ularga ko‘rinadi va telefoningizga onlayn navbatga yozilganingiz, qancha vaqtda ichkariga kirib ketishingiz xabar qilinadi. Ayting-chi, O‘zbekistonning imkoniyati kammi ulardan? Yoki haydovchilar shu darajada qiynalib yurishga mahkummi?”, — deydi ismi sir qolishini istagan yuk avtomobili haydovchisi.

Qashqadaryolik tadbirkor Bekzod Berdiyev ham shu chegara bojxona postidan yuk o‘tkazishini, har safar pala-partish navbat sabab ikki-uch sutkalab kutishga majburligini aytmoqda.

Bekzod Berdiyev.
Foto: “Daryo”

“Hamma rahbarlar ‘eksportni yo‘lga qo‘ydik, falon mahsulotlarni eksport qilib, mana buncha valyuta olib kiryapmiz’, deya og‘iz to‘ldirib maqtanishadi. Lekin hech qaysi rahbar o‘sha eksport qilinayotgan mahsulotlarimiz chegaradan qanday o‘tyapti, muammoga duch kelmayaptimi deya biror marta bu yerga kelib ko‘rmaydi. ‘Mayskiy’ postiga kirib kelishdagi yo‘llarning ahvoli bilan tanish emas. Hozir-ku, havo ancha issiq, abgor yo‘lning chang-to‘zoniga chidayapmiz. Lekin yomg‘ir yog‘sa, bu yo‘llar loyga botib, yuk ortilgan mashinalar yo‘lda qolib ketadi. Ortidagi yuk mashinasi ham oldindagi mashinaning loyga botib qolishi oqibatida yo‘lda qoladi. Qarabsizki, taxminan 3-4 kilometrlik pala-partish navbatlar yuzaga keladi. Bundan kim zarar ko‘radi, albatta, xorijga mahsulot chiqarayotgan tadbirkor va yuk avtomobili haydovchisi”, — deydi qashqadaryolik tadbirkor Bekzod Berdiyev.

Yo‘l taʼmiri bizning vazifamiz emas

“Daryo” mazkur holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Nurbek Salomov bilan suhbatlashib, haydovchilarning yo‘llar abgorligi haqidagi shikoyatini yetkazdi.

“Bilasiz, yo‘llarning abgorligi bilan Bojxona qo‘mitasi shug‘ullanmaydi. Bu yo‘llar Toshkent viloyatining Qibray tumaniga qarashli ichki yo‘llar bo‘lib, hududdagi yo‘llar taʼmiri mahalliy hokimlik zimmasidagi masala hisoblanadi. Ular taʼmirlasa, bu muammolar bartaraf etiladi”, — deydi qo‘mita axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov.

Nurbek Salomov “Daryo” jurnalistining qo‘mita eksportyor tadbirkorlar, yuk avtomobili haydovchilariga yengillik, ularga qulaylik yaratish maqsadida taʼmirtalab yo‘lni sozlash haqida mahalliy hokimliklarga yoki masʼullarga taklif bilan chiqilganmi degan savoliga javoban bundan bexabarligini bildirdi.

O‘zbekistonga yuk olib kelib, bo‘sh qaytayotgan avtomobillar uchun alohida yo‘lak ochilsa…

“Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan qozog‘istonlik yuk avtomobili haydovchilari Ravshan Yo‘ldoshev hamda Hayitmurod Magamedovlar chegara bojxona postlarida bo‘sh yuk avtomobillari uchun alohida yo‘lak tashkil qilish taklifini berganini aytmoqda.

“Kecha O‘zbekistonga armatura olib kirgan edik. O‘zbekiston bojxona postidan o‘tish uchun ikki kun chiqib ketish uchun ikki kun — jami 4 kun vaqtimiz shu bojxona postida o‘tadi. Yukni arzimagan vaqtda xaridorga yetkazamiz. Ammo vaqtimiz bojxona postlarida o‘tib ketadi. Shu sabab O‘zbekiston bojxona postlarida yuk olib kelib, tashlab chiqayotgan yuk avtomobillari uchun alohida yo‘lak tashkil qilishsa, yaxshi bo‘lardi. Yuk olib kirilayotganda yukni tekshirish, rasmiylashtirish uchun vaqt ketishini tushunamiz, ammo yukini tashlab chiqayotgan bo‘sh yuk avtomobilini tekshirish uchun ko‘p vaqt ketmaydi-ku, shuning uchun ham haydovchilarni ikki kun bojxona postlarida olib o‘tirish shartmi?”, — deydi qozog‘istonlik haydovchi Ravshan Yo‘ldoshev.

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov qozog‘istonlik haydovchilarning bu taklifiga javoban barcha bojxona postlarida bunday yo‘lak tashkil etib bo‘lmasligini, Sirdaryo viloyatida joylashgan “Malik” posti ayni paytda O‘zbekistonga yuk olib kelib, bo‘sh qaytayotgan avtomobillar uchun xizmat qilayotgan maxsus bojxona posti ekanini maʼlum qildi.

Qozog‘istonlik haydovchilar “Mayskiy”dagi bojxona postiga kirishda baʼzan O‘zbekiston bojxonasi xodimlari, baʼzan Qozog‘iston bojxonasi xodimlarining masʼuliyatsizligi sabab kechikishlar bo‘lishini aytmoqda.

“Bir safar Qozog‘istondan O‘zbekistonga kirish osonlashib qoladi. Boisi Qozog‘istondan o‘tayotgan yuk mashinalarini O‘zbekiston bojxonasi xodimlari judayam tez ‘tortadi’. Bazan O‘zbekiston bojxonasi tez o‘tkazsa-da, Qozog‘iston bojxonasi tez ‘tortmasligi’ oqibatida kechikishlar kuzatiladi. Eng yomoni ‘Qoplonbek’ bojxona postining 1 yil-u 6 oyga taʼmir uchun yopilgani bunaqa pala-partish navbatlarning ko‘payishiga olib keldi”, — deydi haydovchilar.

Qozog‘istonlik haydovchilar ham bojxona postlariga olib boruvchi yo‘llarning ahvoli yomonligidan shikoyat qilmoqda.

“‘Mayskiy’dagi bojxona postiga borish uchun taxminan 10 kilometr yo‘l yursak, mana shu yo‘lning ahvoli judayam achinarli holga kelib qolgan. Hozir issiq paytida chang-to‘zon va chuqurlarga duch kelsak, yomg‘irli havoda loygarchilik charchatadi. Loyda yuk mashinalari botib qolib, ortidan kelayotgan boshqa mashinalarning ham yo‘lda qolib ketishiga sabab bo‘ladi”, — deydi qozog‘istonlik haydovchi Hayitmurod Magamedov.

O‘zbekistondagi bojxona postlarida tamagirlik kuzatilmaydi

Bojxona postida kutib, sillasi qurigan haydovchilarning tan olishicha, O‘zbekistondagi mavjud bojxona postlarida tamagirlik holati kuzatilmaydi.

“O‘zbekiston bojxonasining eng zo‘r tomoni postlarda umuman tamagirlik yo‘q. Hech kim pul so‘ramaydi. Ammo Qozog‘istonga o‘tsangiz, ochiqchasiga pul talab qiladi”, — deydi bojxona postidagi yuk haydovchilari.

Qo‘mita axborot xizmatining “Daryo”gа qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi mavjud bojxona postlari 52 ta bo‘lib, shundan 24 tasida faqatgina yuk tashuvchi avtomobillar harakatlanadi.

Bojxona postida tunab qolish haydovchilar uchun 100-200 dollarga tushadi

“Mayskiy”dagi bojxona postlarida turgan yuk avtomobili haydovchilarining maʼlumot berishicha, postlarda navbat kutib, ikki-uch sutkalab qolib ketish haydovchilarning 100-200 dollar xarajat qilishiga sabab bo‘ladi.

“Pala-partish navbatlar sabab yuk avtomobillari haydovchilari bitta bojxona postida ikki-uch sutkalab yotib qoladi. Bunaqa paytda muzlatkichi bo‘lgan yuk avtomobillari mahsuloti aynib qolmasligi uchun mashinani o‘t oldirib qo‘yadi. Va ortiqcha yonilg‘i sarflashga majbur bo‘ladi. Shuningdek, kunlik ‘stoyanka’ puli, haydovchining yeb-ichishi kabi xarajatlar ko‘payadi. Oqibatda ikki-uch kunlab navbat kutgan yuk avtomobili haydovchilari ortiqcha 100-200 dollar xarajat qiladi”, — deydi ismi sir qolishini so‘ragan haydovchi.

Xorijga olib chiqilayotgan tarvuzlar aynib qolyapti

Qashqadaryolik tadbirkor Bekzod Berdiyevning aytishicha, unga tegishli yuk avtomobilida muzlatkich yo‘qligi bois pala-partish navbatlar sabab mahsulotlarining aynib qolishi kuzatilmoqda.

“Menda muzlatkichi yo‘q yuk mashinasi bo‘lgani uchun olib o‘tilayotgan tarvuzlarim aynib qoladi. Xaridorlar bunaqa mahsulotlarni olmaydi. Muzlatkichi bor mashinalarga yuk ortsak, xarajati ko‘p bo‘ladi. 90-100 kilometr uzoqlikdagi Chimkentga borib kelish uchun bir haftalab vaqt sarflaymiz. Iltimos, shu holatlarni ko‘rib chiqib, yordam berishsin”, — deydi tadbirkor.

Sutkasiga 700 tagacha yuk avtomobilini o‘tkazish taklifi ilgari surilgan

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomovning “Daryo”gа qo‘shimcha qilishicha, kuni kecha O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlarining ikki tomonlama sayyor uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi

“Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasidan Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov va Qozog‘iston Respublikasidan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bakitjan Slyamov, shuningdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov, ikkala davlat chegara nazorati rahbariyati vakillari ishtirok etishdi. Dastlab tomonlar Qozog‘istonning ‘Jibek-Joli’ chegara-bojxona postida muzokaralar olib borishdi, unda asosiy eʼtibor shu kunlarda o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yuk avtotransport vositalarining tirbandligiga qaratildi. Taʼkidlanishicha, so‘nggi 5 yilda ikkala davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlik aloqalarining rivojlanishi natijasida aynan avtotransport vositalari orqali tashilayotgan tashqi savdo yuklari ikki barobarga oshgan. Xususan, o‘zbek-qozoq chegarasi orqali harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalari soni ham yiliga o‘rtacha 100 mingtaga oshmoqda.

Masalan, 2023-yilning to‘rt oyi davomida O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasi orqali 331 ming 672 ta avtotransport vositalari harakatlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 160 ming 689 tani tashkil qilgan edi. O‘sish ko‘rsatkichlari kelgusida chegara-o‘tkazish punktlarida turli noqulayliklar va tirbandliklarni yuzaga keltirishini oldindan tahlil qilib, ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari 2021-yil 25-dekabrdagi ishchi uchrashuvida bojxona postlarini qayta qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishishgan edi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi

Ushbu kelishuvlar doirasida hozirda ‘Navoiy’ (O‘zbekiston) — Qoplonbek (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarida har ikki davlat tomonidan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Qozog‘istonning ‘Kazigurt’ va ‘Atamaken’ chegara bojxona postlarida ham qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ayni vaqtda yurtimizda pishiqchilik mavsumi ham boshlangan bo‘lib, noyabr oyiga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti kundan kunga oshadi. Mazkur omillar natijasida o‘zbek-qozoq chegara o‘tkazish punktlarida shu kunlarda jami hisobda mingga yaqin yuk avtotransport vositalarining tirbandligi kuzatilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistoning ‘G‘ishtko‘prik’, ‘Yallama’, ‘Sirdaryo’ chegara bojxona postlari, ‘Malik’, ‘Oq oltin’ o‘tkazish punktlari, Qozog‘istonning esa ‘B.Konisbayev’, ‘Atameken’ kabi chegara bojxona postlarida ham bo‘lib, mavjud vaziyatni joyida ko‘zdan kechirishdi, tirbandlikda turgan haydovchilar bilan yaqindan muloqot qildi. Tomonlar muammoni tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan takliflarni atroflicha muhokama qilishdi.

Xususan, O‘zbekiston tomoni asosan kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi ‘Malik’ (O‘zbekiston) – ‘Sirdaryo’ (Qozog‘iston) o‘tkazish punktini sutkalik rejimga o‘tkazish, shuningdek, harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish taklifini ilgari surmoqda. Buning uchun ikkala davlat o‘rtasida 2001-yilda imzolangan kelishuvlarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi ham ishlab chiqilgan.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi

Shuningdek, ‘Yallama’ (O‘zbekiston) — ‘B.Konisbayev’ (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish taklifi ham ilgari surildi. Buning uchun qo‘shimcha kuch va vositalar, xususan, ilg‘or axborot texnologiyalarini keng jalb etish nazarda tutilgan”, — deydi Nurbek Salomov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »