“Hayotimdagi eng og‘ir holat — ta’limdan mahrum bo‘lish”. Afg‘on qizlari universitetlar yopilishi tufayli ruhiy zo‘riqishga duchor bo‘lmoqda
“Tolibon” Oliy ta’lim vazirligining rasmiy maktubi bilan 2022-yil dekabr oyidan boshlab Afg‘onistondagi universitetlar qizlar uchun taqiqlandi.
Talaba qizlar o‘quv yili boshida universitetlar ular uchun qayta ochilishiga umid qilishgandi. Ammo ular ochilmadi va bu holat qizlarning ruhiy zo‘riqishlarga duchor bo‘lishiga olib kelmoqda.
Hasibo imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, universitetga o‘qishga kirgandi, biroq “Tolibon” universitetlar eshiklarini yopgani uchun u o‘qishni to‘xtatdi. U shunday deydi:
“Hozir uyda kayfiyatim yaxshi emas, chunki menda hech narsa, maqsad va motivatsiya yo‘q. Men ruhiy tushkunlikni boshdan kechirdim.
Hayotimning eng qiyin qismi bu — ta’limdan mahrum bo‘lish, men juda ko‘p bosim va xavotirdaman va noaniq kelajagimdan qo‘rqaman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Afg‘onistonda kam sonli oilalar qizlarining ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababdan bir qancha qizlar o‘qishni davom ettirish uchun oilalarida kurash olib borishdi.
Risola oilasi qarshiliklariga qarshi kurashib, o‘qishni davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan, ammo hozir noaniq ahvolda, sarosimada qolgan ana shunday qizlardan biridir.
Balx viloyatidan bo‘lgan talaba Risola shunday deydi:
“Bu kunlarda men azob chekyapman, kechalari uxlay olmayman. Kichkina narsa ham meni asabiylashtiradi, sabrim tugadi. Men bilaman, universitetlarning yopilishi tufayli yuzaga kelgan bu asabiy taranglik menga va kelajakda ularni nima kutayotganini bilmaydigan minglab boshqa qizlarga salbiy ta’sir qiladi".
Uning aytishicha, uning uyda o‘tirishdan boshqa ishi yo‘q, har oy oxirida universitetlarning eshiklari ochiladi deb umid qiladi, lekin afsuski, bu orzu amalga oshmayapti.
Ushbu talabalarning ba’zilari psixoterapiya markazlariga murojaat qilishadi.
Xaseyna ham talaba qiz bo‘lib, kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, Balx universitetiga o‘qishga kirgan. U shunday deydi:
“Universitetlar yopilgan paytda men ruhiy muammolar bilan kurashardim. Universitet eshiklari ochilishini 6 oydan ortiq kutganman. Men har kuni tinchlantiruvchi tabletkalar ichaman”.
Boshqa tomondan, Balx viloyatidagi bir qator xususiy universitetlar talabalar sonining kamaygani tufayli o‘z muassasalari inqirozga uchraganini xabar qilmoqda.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, iqtisodiy muammolar va boshqa sabablar tufayli xususiy oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabuli kamaygan.
Oliy taʼlim muassasalari va xususiy universitetlar ittifoqi Afg‘onistondagi xususiy universitetlarda talabalar soni 40 foizga kamayganini maʼlum qildi.
Kasaba uyushmasi iqtisodiy muammolar va “Tolibon” hukumatining qizlarning o‘qishini taqiqlashi talabalarni o‘qishga qabul qilishning kamayishiga asosiy omillardan ekanligini taʼkidladi.
Ismini oshkor qilishni istamagan xususiy oliy o‘quv yurti xodimi so‘nggi paytlarda talabalar soni kamaygani, shu munosabat bilan o‘quv jarayoni sekinlashganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar vaziyat shu tarzda davom etsa, iqtisodiy muammolar tufayli yaqin orada ko‘plab xususiy oliy o‘quv yurtlarining eshiklari yopilishi mumkin.
“Tolibon” hukumati kelishi bilan qizlar bo‘limlari qisman yopildi. Talabalarimizning muammolari ko‘p, biz ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelyapmiz”, — dedi u.
Siyosiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha ekspert Asadulla Nadim “Daryo”ga bergan intervyusida “Tolibon” hukmronligi davom etsa, Afg‘onistonda shifoxona va klinikalarda ayol shifokorlar yetishmasligi mumkinligini aytib o‘tdi.
Bir qator afg'on oilalari qizlari o‘qishni davom ettirishlari uchun Afg'onistonni tark etishga majbur bo‘ldi.
Afg‘onistonning Faryob viloyatida yashovchi Ferozan Xalilyarning aytishicha, u Afg‘onistonni farzandlarini tarbiyalash va o‘qitish uchun tark etgan va Afg‘onistondan tashqarida yashaydi.
“Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazoratni qaytarib olgach, nafaqat universitetlarga kirishni yo‘qotdi, balki ularning xatti-harakatlari bilan ayollarni barcha insoniy huquqlaridan mahrum qildi va bugun Afg‘onistondagi barcha ayollar ruhiy zulmdan aziyat chekib, yorqin kelajakka umid qilmoqda.