Yoshlar yetakchilariga bir oylik armiya uchun talabgor topish va pulini to‘latish majburiyatini qo‘ygan Yakkabog‘ hokimi o‘rinbosari hayfsan oldi
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Fozil Xidirov hayfsan oldi. U tumandagi yoshlar yetakchilariga bir oylik armiya uchun talabgor topish va shartnoma pulini to‘latish majburiyatini qo‘ygandi.
Yakkabog‘ hokimi Lutfiddin Abdullayev o‘rinbosariga hayfsan berish to‘g‘risidagi qarorni 2023-yilning 30-may kuni imzolagan.
Yakkabog‘ tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Fozil Xidirov tumandagi barcha yoshlar yetakchilariga murojaat qilib, yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rib borishlari kerakligini, hamma safarbarlik chaqiruvchi rezerviga bir nafardan fuqaroni jalb qilib, shartnoma pulini to‘latib borishi kerakligini uqtirgandi.
“Yetakchilar diqqatiga, hamma o‘zining hududidan bittadan SCHR (1 oylik xizmatga) fuqaroni topib, pulini to‘latib bormasa, vazifasidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Shu topshiriqqa masʼuliyat bilan qaranglar, yig‘ilishga pillaga 20:00 dan yetib boringlar“, degandi Fozil Xidirov yoshlar yetakchilariga Telegram orqali topshiriq berar ekan. Holbuki, O‘zbekiston prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yetakchilarni ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash taqiqlangani belgilab qo‘yilgan.