Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Iordaniya valiahd shahzodasi va Rajva al-Saifning to‘yi munosabati bilan Yaqin Sharq haqidagi barcha stereotiplarni buzib tashlagan monarxlar — qirol Abdulla II va uning suyukli qirolichasi Raniyaning sevgi hikoyasini so‘zlab beramiz.

Foto: Getty Images

Iordaniya qirollik oilasining qarorgohi bitta saroyda emas, balki butun Al-Makar majmuasi hududida joylashgan bo‘lib, uning nomi arab tilida unchalik romantik eshitilmaydi — shunchaki “shtab”. Bu arab qo‘zg‘oloni davridagi voqealarni eslatadi — 1918-yilda zamonaviy Iordaniya poytaxti Ammonni turklardan ozod qilgan arab qo‘shinlari aynan shu yerlarda joylashgan edi. Biroq “shtab” hududida joylashgan saroylarning nomlari bizni sharqiy voqeliklarga qaytaradi. Masalan, Ragadan. Bu Oliy hazratlarining asosiy qarorgohi. Uning nomi arabcha fe'ldan kelib chiqqan bo‘lib, “qulay yashash” degan ma'noni anglatadi. Yoki Basman saroyi — uning nomi “sevinmoq” deb tarjima qilinadi.

Iordaniya qirollik oilasi. Chapdan o‘ngga: shahzoda Hoshim, malika Imon, qirol Abdulla II, qirolicha Raniya, malika Salma va valiahd shahzoda Husayn, 2016-yil
Foto: Getty Images

Bunday nomga ega saroylar Iordaniya qiroli va qirolichasi – Hazrati oliylari Abdulloh II va uning suyukli (va yagona!) rafiqasi Raniyaning oilaviy hayotini mukammal tasvirlaydi. Tinch, osoyishta hayot ularning asosiy qadriyatlaridan biridir. Ular 40 gektar maydonni egallagan ulkan saroyga 1999-yilda toj kiyish marosimidan keyin ko‘chib o‘tishadi. Bungacha er-xotin marhum qirol Husaynning to‘y sovg‘asi bo‘lgan shaharning boshqa qismidagi kvartirada yashagan. Biroq turar joy maydoni kengayganiga qaramay, Abdulloh va Raniya eng oddiy narsalar bilan kifoyalanadi: masalan, qirolicha shaxsan o‘zi ovqat pishiradigan oshxona yoki Hazrati oliylari barbekyu qilishni yaxshi ko‘radigan ichki hovlidagi bog‘ kabi.

“U (qirol) eng zo‘r steyk va mazali burger pishirishi bilan g‘ururlanadi, — deb kuladi Raniya Opra Uinfri bilan suhbatda. — Bu, albatta, erkaklarning ishi. Ammo men ham ovqat pishirishni yaxshi ko‘raman. Dam olish kunlarida shunday hordiq chiqaramiz”.
Iordaniya qiroli kenja o'g'li Hoshim bilan, 2006-yil
Foto: Getty Images

Qirol va qirolicha hamma kabi oddiy va tinch yashashga harakat qiladi. “To‘rt farzandimizning birortasi ham, — deydi Raniya, — agar yaxshi o‘qimasa, o‘zini munosib tutmasa, zamonaviy gadjetni sovg‘a sifatida ololmaydi”. Er-xotinning to‘ng‘ich farzandi valiahd shahzoda Husayn 15 yoshga to‘lgandagina rasman merosxo‘r deb e’lon qilindi. Shu yoshga qadar yigit qirollik protokolidan uzoqda tarbiyalangan.

“Menimcha, Husayn yoshidagi bolaga bir kun kelib qirol bo‘lishini aytish bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning bir turidir, — deydi Raniya 2005-yilda Hello nashriga bergan intervyusida. O‘shanda o‘g‘li bor-yo‘g‘i 11 yoshda edi. — Axir, bu juda katta mas’uliyatni talab qiladi. U hali juda yosh va oddiy boladek tarbiyalanishi kerak. Men uchun uning iloji boricha normal hayot kechirishi va uni bir kun kelib kim bo‘lishi mumkinligi uchun emas, balki kimligi uchun yoqtiradigan har bir kishi bilan tabiiy munosabatlar o‘rnatishi muhim”.
Valiahd shahzoda Husayn, qirol Abdulla va qirolicha Raniya
Foto: Getty Images

Aqlli, feminist va shunchaki chiroyli ayol

Falastinlik qochqinlar oilasida tug‘ilgan yosh Raniya al-Yasin, albatta, taxt haqida o‘ylamagan, Iordaniya qirollik oilasiga kelin bo‘lishni-ku umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Uning ota-onasi mahalliy burjuaziyaning tipik vakillari edi. Otasi — pediatr, onasi — uy bekasi bo‘lgan.

“Men juda oddiy hayot kechirganman — filmlar, sport zali, restoranlar, do‘stlar. Ota-onam menga, akam va singlimga muvaffaqiyatga erishish uchun ko‘p mehnat qilishni o‘rgatishdi”, — deydi 2006-yilda Fransiyaning Elle nashriga bergan intervyusida.
Qirolicha Raniya onasi bilan
Foto: Getty Images

Katta ehtimol bilan agar Raniya Iordaniya qiroliga turmushga chiqmaganida ishbilarmon ayol bo‘lardi. U yoshligida shunday yo‘l tutgan: qiz Qohiradagi nufuzli Amerika universitetiga o‘qishga kiradi, u yerda Tokioning birinchi ayol gubernatori Yuriko Koike yoki Saudiya Arabistonidagi birinchi ayol direktor Hayfa al-Mansur kabi taniqli xonimlar tahsil olgan. Bir so‘z bilan aytganda, nazariy jihatdan bu universitet bitiruvchisi uchun har qanday eshiklar ochilishi mumkin edi: 90-yillarning boshlarida, go‘zal va a'lochi talaba Raniya Iordaniyaning bo‘lajak malikasi ekani hech kimning xayoliga kelmagan.

Raniya, 1994-yil
Foto: Getty Images

O‘sha paytda qizning o‘zi butunlay boshqa narsa haqida o‘ylardi (garchi yoshligida Raniya model bo‘lib ishlash taklifini olgan, ammo rad etgan). U bo‘lajak erining vataniga majburlikdan kelgandi: 1990-yilda Kuvaytda “Ko‘rfaz urushi” avj olganida, al-Yasinlar oilasi Iordaniyaga qochib ketishadi. Raniya yangi mamlakatda karyera qurishni boshlaydi. U Iordaniyadagi Citibank’da, keyin Apple’da ishlagan. Biroq Raniyaning karyerasi unchalik omadli bo‘lmagan — mintaqaning madaniy va ijtimoiy voqeliklarining ta’siri sezilib turardi. Boshqa manbalarga ko‘ra, yosh al-Yasin, aksincha, yuqori lavozimlar uchun juda muvaffaqiyatli kurashgan. Bundan tashqari, falastinlik qizning shaxsiy hayoti haqida o‘ylashga vaqti yo‘q edi, u o‘zini ishiga bag‘ishlagandi: ko‘plab arab erkaklari instinktiv ravishda undan qochishgan — bunga sabab esa Raniyaning hijob kiymasligi edi. U hali ham boshini ochib yuradi: bu uning maktabdayoq qilgan shaxsiy tanlovi edi.

Al-Mafrakka tashrif buyurgan qirolicha Raniya, 2018-yil
Foto: Getty Images

Keyinchalik u malika bo‘lib, shunday deydi:

“Afsuski, G‘arbda odamlar hijobni zulm va zaiflik ramzi deb o‘ylashadi — bu yolg‘on. Ayollar o‘z e’tiqodiga asoslanib, boshini yopadi. Men har doim aytaman, ayol kishi haqida uning o‘ziga emas, balki boshidagi narsaga qarab hukm chiqarib bo‘lmaydi”.

Raniya bolaligida (taxminan otasidan) o‘rgangan liberal qarashlar ko‘pincha uning zamonaviy jamiyati haqiqatlariga zid keladi. Shunga qaramay, vaqt ko‘rsatganidek, bu butun mamlakatga kerak bo‘lgan narsa edi.

Taxtdan ayrilgan shahzoda

Hozirda Raniyaning taxt haqida o‘ylamaganini qanchalik tabiiy deb hisoblash mumkin bo‘lsa, uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i shahzoda Abdullaning ham taxt haqida o‘ylamaganiga ishonish shunchalik qiyin. Gap shundaki, Iordaniyada monarxning to‘ng‘ich o‘g‘li merosxo‘r bo‘ladi, ammo Yevropa monarxiyalaridan farqli o‘laroq, bu yerda qirolning o‘zi merosxo‘rlari orasidan vorisini tayinlashi ham mumkin. Xullas, podshoh Husayn o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘lini merosxo‘rlik unvonidan mahrum qilib, kichik o‘g‘li shahzoda Hasanni valiahd qilib tayinlaydi. Vakillik vazifalarining asosiy yuki amakisi zimmasiga tushadi. Abdulla ulg‘aygandagina mamlakat ishlariga aralashishi mumkin edi.

Shahzoda Abdulla bolaligida
Foto: Getty Images

Abdullaning onasi Toni Gardner avlodi — Britaniya malikasi Muna bo‘lib, Husaynning ikkinchi xotini (qirol u bilan 1972-yilda ajrashadi) edi. Aynan u o‘g‘liga ajoyib, sof inglizcha ta’lim bergan. Keyinchalik Abdulla Buyuk Britaniyada — Sandherstdagi Qirollik harbiy akademiyasida o‘qiydi (Shahzoda Uilyam, Garri va Britaniya aristokratiyasining yarmi ham shu yerda o‘qigan).

Umuman olganda, harbiy ishlar Abdullaning alohida ishtiyoqi edi (va shunday bo‘lib qolmoqda) — qirol hatto maxsus kuchlar (spetsnaz) tayyorgarligi bilan maqtanishi mumkin. Qirol hozirda ham ekstremal sportsiz yashay olmaydi — yoshligidanoq tavakkalchilikka chanqoqlik kuchli bo'lgan. Bir paytlar Abdulla — kelishgan harbiy erkak, mamlakatdagi eng havas qiladigan bo‘ydoq yigit bo‘lgan. Ammo shahzodaning o‘zi oila qurishga shoshilmaydi, bu esa otasini juda xafa qilardi.

Shahzoda Abdulla otasi qirol Husayn bilan, 1984 yil
Foto: Getty Images

Lekin Raniyani uchratganidan so‘ng hammasi o‘zgaradi

O‘sha baxtli uchrashuv qayerda bo‘lib o‘tgani hozircha noma'lum. Ba'zilar Raniya ishlagan bank ofisida deydi. Boshqalar esa qizni shahzodaning opasi taklif qilgan shaxsiy ziyofatda ko‘rgan, deb ta‘kidlaydi. Xullas, falastinlik qochqin qiz va Iordaniya shahzodasi uchrashadi. “Bu qanchalik bema’ni tuyulmasin, bir qarashdagi muhabbat edi”, — deb tan oladi Abdulla oradan ko‘p yillar o‘tib.

“Avvaliga shahzoda bilan uchrashish va uni sevib qolish biroz g‘alati tuyuldi, — deydi Raniya Elle nashriga bergan intervyusida. — Shunga qaramay, menimcha, bu ko‘proq qiz va yigit o‘rtasidagi oddiy uchrashuvga o‘xshardi”.

Qaysidir ma'noda u haq edi: yoshlar ko‘pincha mototsiklda sayr qilishar yoki dengiz bo‘yida ko‘rishardi. Qaysidir ma’noda Abdulla Raniyani odatdagi komfort zonasidan chiqarib yuboradi, qanday yashashni ko‘rsatadi. Oradan ikki oy o‘tgach, shahzoda falastinlik qizga turmush qurishni taklif qiladi.

Kelin va kuyov

Shahzoda Abdulla va Raniya al-Yasinning to'yi
Foto: Getty Images

Na drama, na sevgi uchun kurash, na ko‘z yoshlar — qirol Husayn Raniyaning otasidan qizining qo‘lini so‘rash uchun shaxsan o‘zi al-Yasinlar uyiga tashrif buyuradi. “Ha, hammasi juda tez sodir bo‘lgandi”, — deb eslaydi Raniya intervyusida.

Foto: Getty Images

Shahzoda Abdulla va Raniya al-Yasinning to‘yi 1993-yil 10-iyunda Zahron saroyida bo‘lib o‘tadi — 10-iyun kuni milliy bayram deb e'lon qilinadi. Bir necha yuz nafar hurmatli mehmonlar, tantanali kortej, ajoyib dekoratsiya, bir necha qavatli tort, hatto gul sochayotgan qizchalar — Abdulla va Raniyaning nikohi ko‘lami bo‘yicha G‘arb qirollik to‘ylaridan qolishmaydi.

Foto: Getty Images

Britaniyalik dizayner Bryus Oldfildning ajoyib libosida paydo bo‘lgan Raniya o‘z ismini to‘y modasi tarixiga abadiy yozib qoldirdi. Qordek oppoq ko‘ylak oltin kashta bilan bezatilgan — libos ustida ishlagan dizayner Britaniya muzeylariga borib, an'anaviy sharq liboslarini o‘rgangan. Kelin toj kiyishni xohlamaydi: buning o‘rniga Raniyaning sochlariga noodatiy zakolka taqiladi. Soch turmagi ham o‘ziga xos edi - shu qadar baland ediki, kelin mashinadan zo‘rg‘a tushib oladi.

Yoshlar qirol Husayn va qirolicha Nur bilan
Foto: Getty Images

Hokimiyatga yo‘l

Tarix takrorlanadi: aytishlaricha, Raniya turmush o‘rtog‘i hech qachon qirol bo‘lmasligini bilgani uchun ham turmush qurishga rozi bo‘lgan. Xuddi bir vaqtlar Britaniya qirolichasi Yelizaveta (Georg VI ning rafiqasi) singari u ham qirollik tashvishlaridan xoli tinch hayot kechiraman, deb o‘ylagan. Abdulla bilan Raniya saroydan uzoqda joylashgan ajoyib kvartiraga ko‘chib o‘tishadi va hech narsaga muhtoj bo‘lmay, bo‘sh vaqtlarini oilasiga bag‘ishlashadi.

Abdulla va Raniya birinchi farzandlari shahzoda Husayn bilan, 1994 yil
Foto: Getty Images

Biroq boshqa fikrga ko‘ra, Raniya qirolni uni merosxo‘ri qilishga ishontirish uchun erining imiji ustida qizg‘in ish boshlagan. Yangi malika qaynotasi bilan juda yaxshi munosabatda edi. Raniya va Abdulla birinchi farzandli bo‘lgach, bobosi sharafiga unga Husayn deb ism qo‘yishadi, albatta, bu monarxga yoqmasdan iloji yo‘q edi. Qirol ham ko‘proq vaqtini o‘g‘li va kelini davrasida o‘tkazar, har safar Raniyadek ilg‘or va bilimdon qizdan qanday ulug‘vor malika chiqishiga ishonch hosil qilardi.

Foto: Getty Images

1999-yilga kelib Husaynning salomatligi kundan-kunga yomonlashib boradi. Qirolning ukasi toj kiyishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir vaqtda uning xotini hatto saroyni qayta qurish haqida buyruq bera boshlaydi. To‘satdan hech kim kutmagan voqea sodir bo‘ladi — qirol ukasidan valiahdlik unvonini olib, to‘ng‘ich o‘g‘liga beradi. Bu uning o‘limidan ikki hafta oldin yuz bergan.

Foto: Getty Images

Biroq tor doiralarda Husaynning to‘satdan qabul qilingan bu qarori u qadar shok bo‘lmagani haqida mish-mishlar tarqaladi. So‘nggi paytlarda qirolning ukasi bilan munosabatlari yaxshi bo‘lmagan, Abdulla esa harbiy doiralarda, uning rafiqasi esa ijtimoiy (va xalqaro) jamiyat orasida juda mashhur edi. Hatto Raniyaning o‘zi ham Opra Uinfriga bergan intervyusida eri shunday bo‘lishini bilganini tan oladi: “U xonaga kirib, Raniya, men tez orada valiahd shahzoda bo‘laman, degandi. Bu aqlbovar qilmas voqea edi”, — degan.

Abdulla otasining vafotidan so‘ng darhol davlat rahbari deb eʼlon qilinadi va o‘sha yilning iyun oyida unga toj kiydiriladi. O‘z navbatida u go‘zal xotinini qirolicha deb e'lon qiladi. Raniya o‘shanda 28 yoshda edi.

Abdulla II ning toj kiyish marosimi, 1999 yil 9 iyun
Foto: Getty Images

Ularning taxtga ko‘tarilishi butun dunyoni hayajonga soladi, Iordaniyaning yangi qirolichasi esa hammani o‘ziga maftun qiladi. Jahon ommaviy axborot vositalari Raniyani Jaklin Kennedi, Greys Kelli, Uels malikasi bilan solishtirishni boshlaydi. Biroq Iordaniyaning o‘zida hamma ham Falastin qirolichasidan mamnun emasdi. Time jurnali yozganidek, 2002-yilda futbol o‘yinlaridan birida konservativ fikrdagi muxlislar qirolga qarata: “U bilan ajrash!” deb baqirishadi.

“Meni iordaniyalik deb qabul qilmaydiganlar doim bor, — deya javob qaytaradi Raniya. — shu qatorda to‘laqonli falastinlik emas deb o‘ylaydiganlar ham yetarlicha”.
Iordaniya qirol va qirolichasining Buyuk Britaniyaga tashrifi, 1999 yil
Foto: Getty Images

Dunyoni o‘zgartira olgan ittifoq

Aytishlaricha, ikki inson o‘rtasidagi sevgi butun dunyoga tarqalib, uni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun yetarlicha kuchli bo‘lganda cho‘qqiga chiqadi. Raniya va Abdulla qariyb 20 yildan beri bir-birini qo‘llab hukmronlik qilmoqda. Bu vaqt ichida ular ommaviy axborot vositalarida ko'plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, shunga qaramay, ularning ittifoqini hech kim va hech narsa buza olmagan.

Iordaniya qiroli va qirolichasi AQSHda, 2017 yil 30 noyabr
Foto: Getty Images

Shuni tushunish kerakki, Yevropadan farqli o‘laroq, Iordaniyada monarx ijro etuvchi hokimiyatga ega va mamlakat siyosati va iqtisodiyotiga ta'sir qilishi mumkin. Qirolichada bunday imtiyoz yo‘q, lekin aslida aynan Raniyani to‘laqonli birinchi xonim deb hisoblash mumkin.

Foto: Getty Images

Raniya haqiqatan ham siyosiy kuchga ega emas, lekin u boshqa narsaga ega — tashabbuslar kuchi va eriga misli ko‘rilmagan ta’siri. Bundan tashqari, u yevropalik hamkasblaridan farqli o‘laroq, siyosat haqidagi o‘z qarashlarini erkin gapira oladi. Shu nuqtayi nazardan, u haqiqatan ham monarxning xotiniga emas, ko‘proq prezidentning rafiqasiga o‘xshaydi — u intervyu beradi, ijtimoiy tarmoqlarni boshqaradi va ijtimoiy dasturlarda chiqish qiladi.

Foto: Getty Images

Uning asosiy maqsadi — bolalar va ayollar huquqlari hamda gender tengligi, xayriya, shuningdek, Yaqin Sharqdagi hayot atrofida aylanib yurgan barcha afsona va stereotiplarni yo‘q qilish. Uning eri hukmronligining birinchi oylaridanoq o‘zini dunyoviy lider, ba’zan g‘arbparast sifatida ko‘rsatdi. Ular aytganidek, asosan shu tufayli Iordaniya 2010-yillarning boshida Yaqin Sharqda boshlangan kataklizmalardan kamroq ta’sirlangan. Raniya erining imiji ustida faol ishlaydi: u ko‘p sayohat qiladi, Yevropa va AQSHdagi ijtimoiy tadbirlarda va turli forumlarda qatnashadi.

Qirolicha Raniya eri va katta o'g'li bilan
Foto: Getty Images

2005-yilda Uels shahzodasi Charlz va Kamilla Parker-Boulzning to‘yi ma'lum bo‘lgach, qirolicha Raniya bu ittifoqni chin dildan qo‘llab-quvvatlaganlardan biri edi. Afsuski, u to‘yga kela olmadi — u paytda kichik o‘g‘li shahzoda Hoshim chaqaloq edi.

“Men ular uchun juda xursandman, — degan u Hello nashriga bergan intervyusida. — Sizlardagi ommaviy axborot vositalari unga nisbatan shafqatsiz, ammo ular birgalikda ajoyib jamoa bo‘lishadi”.
Foto: Getty Images

Bu shunchaki quruq gap emasdi. Jamoaviy birlik Raniya va Abdulloh nikohida ayniqsa qadrlanadigan narsadir. Ularning faoliyat sohalari deyarli kesishmaydi, lekin ayni paytda bir-birini mukammal ravishda to‘ldiradi. Ehtimol, shu narsa ularni podshoh va malika unvonlariga loyiq hukmdor qilgandir.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »