Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Kitob bandasi” bilan ilk tanishuv

“Bugun eng ulug‘ qurbonlik yuz berdi, – hayqirdi Iblis, – bu kun abadulabad unut bo‘lmaydi. Men bu paytni uzoq kutdim. Balki, falakdan haydalgandan beri kutgandirman. Sen mening orzum eding, asli, sen men eding. Butun umr men uchun yashading, mening nomimdan gapirding, mening nomimdan farzandlaringni tarbiya qilding. Mana, endi ulug‘ kun sodir bo‘ldi. Sen meni yo‘q qilolmaysan, chunki men sening o‘zingman, yashab bo‘lgan umringman... ”

Foto: “Akademnashr”

Menga kimdir Nazar Eshonqul desa, birinchi galda badbo‘y, o‘limtik hid (albatta, yozuvchiga nisbatan emas, yoziqlari nazarda tutilmoqda) hamda eski maktabimizda sira chirog‘i yonmaydigan qop-qorong‘i xona esimga keladi. Asarlarining ta’siriga shunchalik tushganmanki, u ta’riflayotgan qahramon bo‘g‘riqsa, bo‘g‘riqib, ko‘ngli aynisa, ko‘nglim ko‘tarilib, bemajol yursa, majolsiz holga evrilardim.

Nazar Eshonqulning zimiston bo‘lsa-da, bir tutam nur doim topiladigan olamiga ko‘p qatori “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi bilan kirib borganman. U hikoyada ham, hozir men tahlil qilmoqchi bo‘lgan qissada ham sig‘inib kelgan mafkurasi, topinib kelgan e’tiqodi puch bo‘lib chiqqach, tamoman bo‘shliqda qolgan odamning simillatuvchi og‘riqlari, achchiq iqrorlari aks etgan.

Ikkinchi kursligimda Nazar Eshonqulning deyarli barcha asarlarini o‘qib chiqqach, o‘zimni kinolardagi sirli changalzorlarda o‘ynoqi qumga botib ketadigan odamdek his qildim. Esimda, o‘sha kezlar, juda tushkun kayfiyatda kvartiraga qaytar, rangi uniqib ketgan ko‘rpachaga yuztuban cho‘zilib, ma’nisiz necha-necha soatlarni o‘tkazib yuborardim.

Asar haqida qisqacha

Nazar Eshonqulning “Qora kitob” qissasida inson tarbiyasi, taqdiri kabi masalalar asosiy o‘rinni egallaydi. Asar g‘oyasi butun insoniyat taqdirining bir inson hayoti misolida aks etgan. Yozuvchi qahramonining ismini bildirmaydi. Bu esa asar voqealarining har bir o‘quvchiga tegishliligini bildiradi.

Asar qahramoni ziyoli, yetmishni qoralagan, o‘zligini anglab yetgan inson hisoblanadi. Ya’ni u ham aybdor, ham tergovchi, ham hakam bo‘lib hayotini taftish qiladi, xatolari uchun muqarrar hukm e’lon qiladi. U shu yashab turgan hayotimizda tayinlanadigan jazodan qo‘rqmaydi: “Jazo nima u? Shunchaki rasmiy marosim. Hakamlar, tergovchilar kun kechirishi uchun o‘ylab topilgan marosim…” [195-bet].

Boshqa bir muqarrar jazo – vijdon jazosi uni Raskolnikov kabi adoyi-tamom qiladi. Bu esa uning o‘zligini anglab yetganiga misol bo‘loladi. Nima uchun u o‘ziga o‘zi o‘lim hukmini o‘qidi? Qizini o‘ldirgani uchunmi?! Yo‘q. U o‘ziga o‘ttiz yil oldin jazo tayinlagan va qizining o‘limi unga ozodlik bergan edi. Qanday qilib? Hozir shuning javobini izlab ko‘ramiz.

Spoylersiz tahlil

Nazar Eshonqul asar davomida bu savolga ancha oldin javob tayyorlab qo‘ygan: “Momo Havo va Odam Atoning gunohi nimada bilasizmi? Olma o‘g‘irlaganlikda? Bilmabsiz, taqsirim, ikkalasining aybi shundaki, ular yer yuzida gunohkorlar, tavqi-la’natga uchraganlar naslini paydo qildi… Parvardigor odam bilan birga gunohni ham yer yuziga ekib qo‘ydi. Biz hammamiz la’natga mahkum etilganlarmiz…” [193-bet].

Asar qahramoni bir tomondan kufriy gaplarni aytayotganga o‘xshaydi. Ammo u masjidga boradi, Muqaddas kitobni ochib, bir oyatni o‘qishi unga yetarli bo‘ladi. Xo‘sh, uning gunohlari qanday? Qahramon so‘zi hamda orzulari bilan dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘ladi. Ammo uning ma’ruzalari tobora xudbinlikka, zo‘rlikka, o‘limni sevishga chorlab boradi. Qora kitobni ko‘rganidan buyon uning yuragiga iblis o‘rnasha boshlaydi. Yonib turgan yoshligini shu kitobga sajda qilish bilan sovuradi: “zo‘rlikni, o‘limni sevish va unga o‘zlikni baxshida qilish uchun odam aqldan ozishdan tashqari yana bir narsaga ega bo‘lishi kerak – iblisning yuragiga…” (219-bet). U o‘g‘illarini ahvolini ko‘rib, adashayotgan inson yo‘l izlayotgan insondir, deydi. Yoshligida u ham adashib “qora kitob”dan yo‘l izlaydi va o‘g‘illariga ham u bo‘yicha tarbiya beradi. Natijada iblis uning qiyofasiga kirib, xotinini erkalaydi, tunlari sochini silaydi va o‘z zurriyodini ko‘paytiradi. Ya’ni asar qahramonining bolalari Iblis farzandlari bo‘lib chiqadi…

Oxir-oqibat, dunyoni o‘zgartirishga qilgan harakati sarob, yaxshilik deb biluvchi narsalar yomonlik ekanini anglaydi. Anglagan vaqtda esa kech, orzu-umidlari so‘ngan, xudbin bir insonga aylanib ulgurgan bo‘ladi. Bunga o‘g‘lining kundalik daftaridagi quyidagi gaplar isbot: “…U judayam xudbin odam. O‘zini tutishi va tarbiyasida xudbinlik sezilmasa ham o‘zining har sohada birinchi bo‘lib tilga olinishini istaydi” (233-bet). Hayotni o‘zgartirish orzusida yashab o‘zligini afsus bilan anglagan qahramonimiz shunday gap havola qiladi: “…Butun insoniyat shu paytgacha bo‘shliq ichida yashab kelganini, shu paytgacha orzu qilib, intilib, erishib kelgan narsalarimizni ham zim-ziyo nomsiz bo‘shliqdan iborat ekanligini tushunb yetdim” (231-bet).

Shuncha vaqt davomida qilgan ishlari, so‘zlagan ma’ruzalari yovuzlikka xizmat qilishini payqaganda esa kech bo‘ladi, xatosini to‘g‘rilashga kirishadi. Iblisning avlodi bo‘lgan, biroq jonidan ortiq suygan qizini bo‘g‘ib o‘ldirishga majbur bo‘ladi.

Qahramonimiz ezgulik nihoyatda jo‘n, yovuzlikda ijodkorlik, ko‘tarinkilik bor, deydi. U ezgulikning naq chegarasini aniqlashi, Iblis oldidagi ojizligidan saboq chiqarishi, hech qursa, qolgan umridan g‘ofillik to‘rini yorib tashlashi kerak edi. Uning birdan ibodat qilgisi, tazarru qilgisi kelib kelib qoladi – shu niyatda machitga boradi. Biroq u yerdan ruhi siniq bo‘lib qaytadi. Uning ichida qandaydir sarkashlik bor edi. Iblis oldidagi qo‘rquvi tufaylimi, ibodati o‘ziga soxta, yasama tuyuladi – uyga qaytib, o‘zini bir umrlik gumrohdek, Iblis e’tirof etganidek, uning xizmatkori bo‘lib qolganini va undan qutulish og‘irligini anglab, o‘lim kabi yerga cho‘ziladi.

Hayoti davomida Iblisga xizmat qilgani shaytonni o‘z qo‘llari bilan yaratgani va iblisning avlodlari bo‘lmish bolalarini o‘ldirib hayoti nest-u zabunlikda o‘tgan inson umrining oxirida katta xulosa beradi: “Asbob buzilsa, uni yaratgan ustaga olib borib tuzatamiz. Odamzodning ham buzilgan qalbini uni yaratgan ustagina tuzata oladi. Kim ustalikka da’vogar bo‘lsa, kim uni men tuzataman desa, uni faqat yana ham ko‘proq vayron qilishga olib keladi” (249-bet).

Asar qahramoni iblis bilan birga yashayotgan insoniyatga murojaat qilib, so‘nggi adashgan inson bo‘lishini aytib hayqiradi.

Xulosa

Nazar Eshonqulning ijodi bilan tanish insonlar uning asarlarida o‘zini anglashga harakat qilayotgan qahramonlarni ko‘radi. Istalgan hikoyasida ham shu g‘oya bor. U bilan bo‘lgan suhbatda asarlarining tayanch nuqtasi nima ekanligi so‘ralganda shunday javob beradilar: “Har bir inson asarlarda o‘zini topa bilsin va inson haqida, uning kelajagi haqida fikr yuritishni o‘rgansin”.

“Qora kitob” qissasida o‘zini anglagan insonning hayoti tasvir etiladi. O‘zini anglagan inson, ming afsuslar bo‘lsinkim, iblisning xizmatkoriga, keyin esa vositasiga aylanib, hayotda go‘zal deb bilgan narsalarining yovuzlikka xizmat qilishiga zamin yaratib beradi.

Asar sujeti psixologik konfliktga asoslangan, unda tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya va yechim mavjud. Asarda tarbiya masalasiga ham e’tibor berilishini anglatadigan o‘rinlar mavjud. Qissaning sovet davrida yozilganini hisobga olib qarasak, qahramonimiz o‘zini va bolalarini xudbin qilib, ya’ni doim birinchi bo‘lishga intilib, intiltirib tarbiya qiladi.

Bu xususda yozuvchi Nazar Eshonqulning o‘zi shunday fikr bildiradi: “Adabiyot hech qachon yakka holda taraqqiy etgan emas. Bir insonni fikridan qaytarish yoki o‘z haqiqati bo‘lgan shaxsning qarashlarini o‘zgartirish oson emas. Chunki inson o‘z maslagidan voz kechishi, bosib o‘tgan yo‘lini, yashash tarzini inkor etishi, men adashibman, deya osongina tan olishi hazilakam gap emas. Bu qalb va iroda bilan kechadigan jarayon. Axir, umr davomida singdirilgan mafkurani yangilashning o‘zi bo‘lmaydi-da!”.

Asardan iqtiboslar

  •  Men topib olgan kitob Iblis kitobi edi. Iblis umrini mening umrim orqali tiklagan edi, o‘z umrimni, bolalarimni Shayton suhuflari bilan tarbiya qilgan edim...
  •  Umrim yuki shunchalik og‘ir ediki, mening bor-yo‘q kuchim ertaga tug‘ilajak shaytonning onasini  o‘z pushti kamarimdan bo‘lgan qizimni bo‘g‘izlashga zo‘rg‘a yetdi.
  •  Men ham tavqi la’natga yo‘liqqan ajdodlarimning yo‘lini davom ettirdim.
  •  Men o‘g‘limdan: “Bu qirg‘in musiqasi nega zarur?” – deb so‘radim. U o‘sha ulug‘vor qiyofada: “Bu insoniyatning yangi musiqasi bo‘ladi”, – dedi.

Azizbek Yusupov

 

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »