Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Jahon banki “Jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari” nomli navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Yiliga ikki marta: yanvar va iyun oylarida taqdim etiladigan nashrda global, mintaqaviy va milliy iqtisodiyotlar rivojlanishining joriy tendensiyalari, xatarlari va prognozlari yoritilgan.

Hisobot xulosalariga ko‘ra, 2022-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo (YMO) mintaqasida iqtisodiy o‘sish keskin sekinlashib, 1,2 foizni tashkil qilgan. Bu bozor shakllanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar joylashgan jahonning oltita mintaqasi orasida eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Hatto Rossiya va Ukraina hisobga olinmaganda ham, o‘tgan yili YMO mintaqasida o‘sish sur’atlari 4,8 foizgacha pasaygan.

Regulyatorlarning qattiqlashgan siyosati

Iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi amalda mintaqaning barcha joylarida sodir bo‘lgan. Bunga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, tadbirkorlar va iste’molchilar ishonch darajasining pasayishi, inflyatsiyaning keskin ko‘tarilishi, davlat regulyatorlari tomonidan pul-kredit siyosatining sezilarli darajada qattiqlashtirilgani va energiya resurslari ta’minotidagi uzilishlar sabab bo‘lgan.

Sharqiy Yevropa, asosan, Ukrainada ishlab chiqarish 20,2 foizga pasaygan. Biroq pasayish mintaqaning qolgan qismida ham kuzatilgan: Yevropa Ittifoqining global ishlab chiqarish va sotish zanjirlariga anchagina yaqin integratsiyalashgan Markaziy Yevropa va G‘arbiy Bolqon mamlakatlarida energiya resurslari narxlarining keskin ko‘tarilishi, energiya resurslari ta’minotidagi uzilishlar va pul-kredit siyosatining qattiqlashtirilishi oqibatida o‘sish sur’atlari sekinlashgan.

O‘sish sur’atlari 2 baravar qisqaradi

2023-yilda YMO mintaqasidagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari birozgina, 1,4 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani va uning oqibatlari tufayli o‘sish istiqbollari o‘ta mavhumligicha qolmoqda. Rossiya va Ukrainani hisobga olmaganda, 2023-yilda mintaqada kutilayotgan o‘sish sur’atlari 2,4 foizni tashkil etadi, ya’ni bir yil avvalgidan deyarli ikki baravar qisqaradi.

Skrin: Jahon banki

Tojikiston va O‘zbekiston 2023-yilda YMO mintaqasidagi 23 ta iqtisodiyot orasida eng yuqori YIM o‘sishini ko‘rsatishi kutilmoqda — mos ravishda 6,5 foiz va 5,1 foiz. Ulardan keyin joriy yilda iqtisodiy o‘sishning 4,4 foizi bilan Armaniston va Gruziya keladi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2024 va 2025-yillar uchun iqtisodiyot prognozlarida ham mintaqadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega — 5,4 va 5,8 foiz.

Migrantlarning pul o‘tkazmalaridagi o‘sish sekinlashadi

Mintaqaviy prognoz uchun xatarlar avvalgidek pasayish tomonga siljigan. Ular Ukrainadagi urush, inflyatsiyaning ehtimoliy tezlashishi, davlat regulyatorlari tomonidan pul-kredit siyosatining yanada qattiqlashtirilishi va moliya sektoridagi notinchliklar bilan bog‘liq. Yevrohududda iqtisodiy faollikning keskin sekinlashuvi ham Markaziy Yevropa va G‘arbiy Bolqon mamlakatlari uchun tashqi talabning yanada sustlashishiga olib keladi. 

Bundan tashqari, joriy yilda Rossiyadagi mehnat muhojirlaridan, ayniqsa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlariga pul o‘tkazmalarining hajmi kutilganidan sekinroq o‘sishi mumkin. 

“Ukrainadagi to‘qnashuvning kuchayishi energiya xavfsizligi sohasidagi xatarni oshirishi mumkin, chunki YMO mintaqasi mamlakatlari ta‘minotdagi uzilishlar va Rossiyaga qaramlik sharoitida himoyasiz qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Pastlovchi xatarlar qatoriga, shuningdek, YMO mintaqasining boshqa qismlarida geosiyosiy keskinlikning oshishi va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq noqulay meteorologik hodisalar yuz berganda migrantlar sonining ko‘payishi kiradi.

YTTB va XVJ prognozlari

Avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 va 2024-yillarda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qilgandi. Bank o‘zining mintaqaviy hisobotida tashqi bog‘liqlikning nisbatan kuchsizlanishiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining yanada kuchayishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi aprel oyidagi hisobotida O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognozini yaxshilagan. Unga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda YIM o‘sishi 5,3 foizni tashkil etishi kutilmoqda, oktyabr oyidagi prognozda bu ko‘rsatkich 4,7 foizni tashkil etgan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »