Toshkentdagi maktabda o‘quvchi yigit bir necha tengdoshlari tomonidan kaltaklandi
Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan maktablarning birida o‘quvchi yigit bir necha tengdoshlari tomonidan kaltaklandi.
Ma‘lum qilinishicha, holat 22-may kuni soat taxminan 12:30 larda Yunusobod tumanidagi maktablarning birida sodir bo‘lgan. Kaltaklangan o‘quvchi ko‘z va qosh qismidan jarohatlangan.
“Yig‘ilib turadigan joyimizda gap tarqalgan, meni urishmoqchi bo‘lishgan. 11-sinf bola meni chaqirib yoqmayotganimni aytdi. Nima qilishim kerak, dedim. Keyin meni urib yiqitishdi. Hamma ustimda turib tepdi, besh daqiqa hushimga kela olmadim. Meni 10 tacha odam urdi. Ayni paytda ahvolim yaxshi emas, har kuni boshim og‘riyapti, televizor, telefon ko‘rish mumkin emas”, — deydi jabrlanuvchi yigit.
Jabrlanuvchining onasi ham voqea haqida aytib, hozir farzandi ko‘zini ochib yurishga qiynalayotganini ta‘kidladi.
“Telefon qilib, o‘g‘lingizning ahvoli og‘ir, tez keling deyishdi. Borsam bolamni kaltaklashgan ekan. Vrachga olib borib, tekshirtirishim kerakligini aytishdi. Shifoxonaga olib borsam ahvoli yomon ekanligini, satriseniya bo‘lganini, orbita qismlari singan, deyishdi. Jarohatini bosh yopiq jarohati, deb berishgan. Ko‘zini ko‘p ochib yura olmayapti. Qonuniy chora ko‘rishni iltimos qilaman. Direktordan kameradagi yozuvlarni so‘rasam, kamera ishlamasligini aytdi”, — deydi uning onasi.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIO boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘quvchilar o‘rtasida mushtlashuvlar
2022-yilning oktabrida ijtimoiy tarmoqlarda Namanganning Kosonsoy tumanida maktab o‘quvchilari mushtlashuvi aks etgan tasvirlar tarqalgandi. Noyabrda esa Toshkentda o‘quvchilar futboldagi janjal sabab mushtlashib ketgan edi. Keyinroq poytaxt IIBB voqeaga munosabat bildirib, mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Toshkentda maktab o‘quvchilari “Amerika kinosiga taqlid qilib” mushtlashuv uyushtirgani, Xorazm viloyati Urganch tumanida joylashgan ikki maktab o‘quvchisi o‘rtasida janjal sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.