Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekiston Rossiyadan gaz sotib olishga qaror qildi. Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, import jarayoni 1-oktabrdan boshlanadi. Xo‘sh, rus gazi import qilinsa, qishda respublikaga yetishmayotgan gaz o‘rni qoplanadimi? Gaz Rossiyadan necha puldan sotib olinadi? Aholi hamda tadbirkorlar uchun narxlar oshirilishi mumkinmi? Bugun shu haqda so‘z yuritamiz.

Foto: Energetika vazirligi

2022-yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayevga “uch tomonlama gaz ittifoqi” tashkil etishni taklif qilgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Mazkur xabar jamoatchilikda energetik mustaqilligimiz jar yoqasida qoldimi, degan xavotirlar uyg‘otgan.

Energetika vazirligi bunga javoban, oldi-sotdi jarayonida O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gazni zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilinganini keltirgan.

“Gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka maʼlum qilib boriladi”, — deya xabar bergan vazirlik.

Foto: Energetika vazirligi

Joriy yil 16-iyunda tuzilgan shartnomaga muvofiq, 1-oktabrdan Rossiya O‘zbekistonga gaz eksport qilishni boshlaydi. Gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma “UzGastrade” AJ va “Gazprom eksport” MCHJ o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan.

“Shartnoma to‘liq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, respublikamiz isteʼmolchilarining tabiiy gazga bo‘lgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir. Shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi”, — deya xabar bergan Energetika vazirligi.

Foto: Energetika vazirligi

Vazirlik axborot xizmatining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, respublikada kunlik gaz isteʼmoli hajmi o‘zgarib turadi. Hozirgi kundagi isteʼmol hajmi o‘rtacha 80-90 million kub metrga teng.

Xo‘sh, Rossiyadan sotib olinadigan gaz miqdori O‘zbekistondagi gaz kamomadini to‘ldira oladimi? “Daryo” muxbirining mazkur so‘roviga javoban, Energektika vazirligi “sotib olinayotgan gaz qish faslida O‘zbekiston ehtiyojining yetishmayotgan qismini qoplaydi”, — deya javob qaytardi. Vazirlik axborotiga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda kunlik gaz isteʼmolida defitsit yo‘q.

Ammo Rossiya gazi necha puldan sotib olinayotgani ochiqlanmayapti. Vazirlik bergan xabarda “tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikamizdagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan”, — deyilgan.

Foto: Energetika vazirligi

“Daryo” muxbirining aniq summa qanchaligi to‘g‘risidagi savoliga javoban Energetika vazirligi: “bu bo‘yicha “UzGaztrade” AJdan maʼlumot olganingiz maʼqul. Chunki ular shartnomaning ikkinchi tarafi hisoblanadi. Va bilishimizcha, bu tijorat siri sanaladi”, — degan javobni qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekistonda gazni ishlab olish narxi, sotish narxidan arzon hisoblanadi. Yaʼni davlat kamomadni budjetidan subsidiya sifatida qoplaydi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, agar gaz Rossiyadan bozor narxida sotib olinsa, uni aholi va biznesga arzon sotish uchun budjetda imkoniyat yetarli emas.

“Bitim bo‘yicha sotib olinadigan narxlar haqida “mintaqadagi bozor narxlari asosida” deyilgan formulirovka ishlatilgan. Maʼlumot uchun, Xitoy bojxonasiga ko‘ra, Rossiya Xitoyga ming kub gazni o‘rtacha 290 dollardan, Turkmaniston esa 240 dollar atrofida sotadi. Bu narxga tranzit xarajatlari kirmaydi. Agar shu narxlarga o‘lchov olinsa, import va ichki narxlar o‘rtasida o‘rtacha 200 dollar atrofida farq yuzaga chiqadi. Buni qoplashga budjetda hech qanday imkoniyat yo‘q, agar yana qarz olinmasa. Shuning uchun vazirlik ehtiyotkorlik bilan “amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib”, degan iborani ham qo‘llagan. Bu balki 1-oktabrdan keyin hech bo‘lmasa biznes uchun amaldagi tariflarni bozor narxlariga yaqinlashtirish mumkinligiga ishora beradi”, — deya fikr bildirgan iqtisodchi.

Foto: Energetika vazirligi

O‘tgan yili O‘zbekiston hukumati gaz va elektr energiyasi sotuvini bozor narxlariga yaqinlashtirishga uringandi. Yaʼni, 2022-yil may oyida Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan. Qaror loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini ijtimoiy norma asosida belgilash va oshirish nazarda tutilgan. Bu jamoatchilik eʼtirozlari va umuman, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyin Energetika vazirligi qarori loyihasi ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotganini, 2022-yil 1-iyuldan elektr va gaz narxi oshirilmasligini maʼlum qilgan.

Joriy yilning mart oyi yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov aholi uchun gaz va elektr energiyasiga to‘lov narxlari 2023-yilda oshirilmasligini aytgan.

“Narxlar oshadimi yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Ammo aholi uchun aniq oshmaydi. Hozirda ushbu masala bo‘yicha muhokamalar ketmoqda, turli variantlar ko‘rib chiqilmoqda”, — degan u.

Vazir o‘rinbosarining taʼkidlashicha, tabiiy gaz va elektr energiyasi sohasida aholi hamda yuridik shaxslar uchun tariflar 2019-yil avgustdan beri o‘zgarmay kelmoqda. Joriy yilda jalb qilinadigan tashqi qarzdan 14,5 trillion so‘mi gaz narxi uchun beriladigan subsidiyaga sarflanadi.

“Mazkur xarajatlarning bir qismi gaz narxidagi tafovut bilan bog‘liq. Bir kub metr gazni qazib olish narxi 550 so‘m bo‘lsa, aholiga sotayotgan narximiz 380 so‘mdan bo‘lmoqda”, — deya qo‘shimcha qilgan Dilshod Sultonov.

Davlat statistika agentligi 2022-yilda mamlakatda 51,6 milliard kub metr, 2021-yilda 53,8 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olinganini maʼlum qilgan. Ya’ni gaz qazib olish hajmi bir yilda 2,6 milliard kub metrga kamaygan. Gaz qazishning kamayib borishi hisobiga importga ehtiyoj ortgan. Voqealar rivojini kuzatib boramiz. 

Islombek Umaraliyev

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »