Texasda migrantlarni to‘xtatish uchun to‘siqlar o‘rnatila boshlandi
Davlat jamoat xavfsizligi departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, AQSHning Texas shtati maʼmuriyati AQSH va Meksika o‘rtasidagi chegaradan o‘tuvchi Rio-Grande daryosi bo‘ylab noqonuniy migrantlar oqimining oldini olish uchun suzuvchi to‘siqlar o‘rnatishni boshladi.
“To‘siqlar yetib keldi, Rio Grandeda suv to‘sig‘ini o‘rnatish bugundan boshlanadi”, — deyiladi Davlat jamoat xavfsizligi departamentining Twitter’dagi postida.
Avvalroq Texas gubernatori Greg Abbott chegara daryosi bo‘ylab to‘siqlar yaqin orada o‘rnatilishini ma’lum qilgan edi. Bu AQSHning janubiy chegarasini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunlar to‘plami doirasida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.
Texas rahbari idorasining veb-saytida eʼlon qilingan bayonot matnida aytilishicha, yangi tashabbus texasliklarni rekord darajadagi noqonuniy immigratsiya, qurol-yarog‘ va giyohvand moddalardan himoya qilish bo‘yicha “misli ko‘rilmagan saʼy-harakatlari” natijasidir.
Qayd etilganidek, suzuvchi to‘siqning dastlabki 300 metri Eagle dovoni yaqinida o‘rnatiladi.