Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Rossiya urushga qaramay, Qora dengiz portlaridan Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga ruxsat bergan don bitimidan rasman chiqdi. U bu haqda Turkiya, Ukraina va BMT kotibiyatini xabardor qilgan. Shartnoma muddati bugun, 17-iyul kuni yakuniga yetdi.

Foto: Unsplash

“Qora dengiz tashabbusi” 18-iyuldan boshlab, Istanbuldagi Ukraina doni ortilgan kemalarni nazorat qilgan qo‘shma muvofiqlashtirish markazi faoliyatini to‘xtatadi. Rossiya yuk tashish xavfsizligi kafolatlarini ham bekor qildi va Qora dengiz shimoli-g‘arbiy qismidagi gumanitar koridorini cheklamoqchi.

Kreml avvalroq Moskva talablari qondirilgach, Rossiya Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz portlari orqali eksport qilish imkonini beruvchi kelishuvni ko‘rib chiqishini aytgan edi.

“Bitimning Rossiyaga tegishli qismi amalga oshirilishi bilanoq, Rossiya zudlik bilan ushbu kelishuvni amalga oshirishga kirishadi”, — degan edi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, don kelishuvi bo‘yicha pozitsiya Moskva tomonidan Qrim ko‘prigiga hujumdan oldin e’lon qilingan va ko‘prikdagi portlash don bitimi tugatilishi bilan bog‘liq emas.

Darhaqiqat, Rossiya rasmiylari 2022-yilning 22 iyulida kelishilgan “Qora dengiz don tashabbusi”dan chiqish bilan uzoq vaqtdan beri tahdid qilib, kelishuv shartlari bo‘yicha Rossiyaga berilgan va’dalar bajarilmayotganini ta’kidlab keladi.

Turkiya, Ukraina rasmiylari va BMT vakillari kelishuvni saqlab qolish tarafdori edi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on dushanba kuni Putinning kelishuvni uzaytirish istagiga umid qilayotganini aytdi.

“Bugungi bayonotga qaramay, men ishonaman, do‘stim Putin bu gumanitar koridor ishini davom ettirishni xohlaydi”, — degan Erdo‘g‘on.

Yevropa Ittifoqida vaziyatga kamroq optimistik qarashmoqda.

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen Moskvaning kelishuvdan chiqish qarorini qoraladi va buni “bema’ni harakat” deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazib berish ustida ishlashda davom etadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya kelishuvni to‘xtatganini e’lon qilganiga qaramay, Kiyev g‘alla eksport qilishda davom etishini aytdi.

“Bizda ikkita kelishuv bor edi: Ukraina, Turkiya, BMT, boshqa kelishuv Rossiya, Turkiya, BMT. Demak, Rossiya kelishuvni to‘xtatayotganini aytsa, BMT Bosh kotibi Guterrish va Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on bilan kelishuvni buzmoqda. Biz bilan emas. Ular bilan hech qanday kelishuvimiz yo‘q”, — deydi u o‘z bayonotida.

Don shartnomasi bo‘yicha oxirgi kema Odessa portidan 16-iyul kuni ertalab jo‘nab ketdi. Rossiya iyun oyi oxirida uning Qora dengiz orqali o‘tishiga kelishib oldi va shundan beri Moskva boshqa kemalarning o‘tishiga ruxsat bermadi.

Ukraina hukumati bir necha bor don tashuvchi kemalarni tekshirishuvchi rossiyalik inspektorlar yetkazib berishni ataylab kechiktirishi, tartibga solinmagan hujjatlarni muntazam talab qilishi va g‘alla ishiga aralashish uchun boshqa asossiz sabablarni izlashidan shikoyat qilgan.

Nima bajarilmadi?

So‘nggi haftalarda Putin don bo‘yicha kelishuvni qayta-qayta tanqid qilib, uni boshqa narsalar qatori bir tomonlama o‘yin deb atadi.

“Shuni ta'kidlamoqchiman, umuman hech narsa qilinmadi. Bu bir tomonlama o‘yin. Rossiya manfaatlari mavjudligi bilan bog‘liq hech bir punkt bajarilmagan”, — dedi Putin.

Hafta oxirida Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Kiril Ramafosa bilan don kelishuvini muhokama qilar ekan, Putin “Rossiya-BMT tegishli memorandumida Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan majburiyatlar hamon bajarilmaganini taʼkidladi”.

Rossiya va BMT o‘rtasidagi memorandum don bo‘yicha kelishuv muhokamasidagi rasmiy kelishmovchiliklarning asosiy sababidir.

22-iyul kuni Istanbulda bir emas, ikkita hujjat imzolandi: BMT va Rossiya  o‘rtasida Rossiyadan jahon bozorlariga oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportini taʼminlashga qaratilgan anglashuv memorandumi va Qora dengiz don tashabbusining o‘zi, u Rossiya harbiylari tomonidan Ukraina portlaridagi to‘sib qo‘yilgan oziq-ovqat va o‘g‘itlarning xavfsiz eksportini ta’minlaydi.

Rossiyaning ta’kidlashicha, don bitimi ikki qismdan iborat bo‘lib, Ukraina va Rossiyadan eksportni osonlashtirishni o‘z ichiga oladi.

Bu Rossiya rasmiylarining kelishuvning “paket” xususiyatiga ko‘plab murojaat qilishini tushuntiradi.

“Birinchidan, hujjat ishtirokchilarning turli tarkibi tomonidan imzolangani, ikkinchidan, turli xil amal qilish muddatlariga ega bo‘lishi (memorandum uch yil) bu nuqtayi nazarga qarshi bo‘lishi mumkin. Qolaversa, memorandum matnida faqatgina tomonlar ko‘radigan chora-tadbirlar bo‘yicha kelishuvga kelishi qayd etilgan”.

Hujjatda, shuningdek, “memorandum xalqaro shartnoma hisoblanmaydi va xalqaro huquqqa muvofiq hech qanday huquq va majburiyatlarni belgilamaydi” deb yozilgan.

Sanksiyalar yoki toksik iqtisodiyot

Rossiya oziq-ovqat eksportiga to‘sqinlik qiluvchi sanksiyalarni yumshatish g‘alla kelishuviga rasman kiritilmaganiga qaramay, AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan kelishilgan, deb yozadi Karnegi Politika.

Natijada, Yevroittifoq tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘itlarni (kaliydan tashqari) import qilish, eksport qilish, sotib olish yoki sotishni taqiqlamaydi. 9-paketda sanksiyalangan subyektlar ishtirokida ham operatsiyalarga ruxsat berilishi alohida ta’kidlangan.

Biroq, Moskvaning talablari oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha cheklov choralarini bekor qilishdan ko‘ra uzoqroqqa bordi.

Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Moskvaga “Rossiyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro jahon bozorlariga yetkazib berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita barcha sanksiyalarni bekor qilish” kabi vaʼdalar berilgan. Aslida, Rossiya hukumati qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga har qanday tarzda ta’sir ko‘rsatadigan iqtisodiy cheklash choralarining muhim qismini olib tashlashni talab qildi.

Haqiqatan ham Rossiya donini yetkazib berishda muammolar mavjud. Import qiluvchilar sanksiyalardan qo‘rqib, Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishi mumkin.

Aslida, butun Rossiya iqtisodiyoti toksik bo‘lib qoldi, ammo Kreml buni olib tashlanishi mumkin bo‘lgan ba’zi bir “bilvosita sanksiyalar” natijasi sifatida ko‘radi.

Yana bir muammo — Rossiya banklarining SWIFT tizimidan uzilishi, bu yetkazib berish uchun to'lovlarni juda noqulay qiladi.

Financial Times (FT) nashrining yozishicha, g‘alla shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Rossiya avvalroq Rosselxozbank to‘lovlarni qayta ishlash va unga SWIFT tizimiga kirish huquqini beruvchi sho‘ba korxona tashkil etishni ko‘zda tutuvchi rejani taklif qilgan.

Rosselxozbank ilgari g‘alla va o‘g‘itlarning xalqaro savdosida muhim rol o‘ynamagan, ammo Kreml uni qishloq xo‘jaligi eksportida to‘lovlar uchun “yagona darcha”ga aylantirishga qaror qilgan va shu bilan uni sanksiyalardan himoya qilgan (Gazprombank va gaz eksporti kabi).

Natijada, Rosselxozbank bo‘yicha kelishuvlar haqida xabar berilmagan.

FT ta’kidlashicha, bank to‘liq Kremlga tegishli: uning sobiq boshqaruv raisi Dmitriy Patrushev, amaldagi qishloq xo‘jaligi vaziri va Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning o‘g‘li, u “Ukrainadagi urushni boshlashda muhim rol o‘ynagani” aytiladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »