“Hindiston go‘zali”, millionerning rafiqasi, ikki farzandning onasi: Bollivud yulduzi Juhi Chavlaning taqdiri qanday kechdi? (foto)
Juhi Chavla mashhur kino aktrisasi bo‘lgan birinchi hind modellaridan biri hisoblanadi. U 1967-yilning 13-noyabr sanasida Haryana shtatining Ambala shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Hindiston soliq xizmati xodimi bo‘lgan, onasi esa “Oberoy” mehmonxonalar tarmog‘ida ishlagan. Oilada Juhidan tashqari yana ikki nafar farzand: uning akasi Sanjiv Chavla va singlisi Soniya tarbiyalangan.
1984-yilda Juhi “Hindiston go‘zali” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va AQSHning Mayami shahrida bo‘lib o‘tgan “Koinot go‘zali” tanlovida o‘z mamlakati nomini himoya qildi. U tanlovda eng yaxshi 10 ta yarim finalchilar qatoriga kira olmadi, biroq bari bir “Eng yaxshi milliy libos” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritib, hindlarning faxriga aylandi.
Go‘zallik malikasi o‘zining aktyorlik debyutini katta budjetli “Sultonning mulki” (1986-yilda namoyish etilgan) filmida qildi, bu film kassada muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biroq aktrisa o‘sha yili muvaffaqiyatli “Bahodirshoh Zafar” serialida suratga tushdi.
Uning kino olamidagi birinchi muvaffaqiyatli loyihasi ikki tilda: kannada va tamil tillarida suratga olingan “Sevgi dunyosi” (1987-yilda taqdim etilgan) romantik musiqiy filmi bo‘ldi. Keyinchalik Juhi Bollivud yulduzi Amir Xon bilan birgalikda “Hukm” (1988-yilda suratga olingan) filmida suratga tushdi. Bollivudning eng mashhur loyihalaridan biriga aylangan filmga yigirma yillik jangari filmlar hukmronligidan so‘ng kinoga romantikani qaytargan kinokartina deb qaraladi.
Shridevi va Madhuri Dikshit bilan bir qatorda, Juhi 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarida hind kinosining eng yaxshi uchta aktrisasidan biri edi. U karyerasining boshida talabgir hind aktrisalaridan biri edi, 1990-yildan 1993-yilgacha uning ishtirokidagi 29 ta film ekranlarga chiqdi.
Uning talabgir aktrisalardan biri bo‘lishi bir nechta yaxshi loyihalardan, jumladan, o‘n yillikning ikkita eng katta blokbasterlaridan — “Raja Hindustani” (1996-yil) va “Devona qalb” (1997-yil) filmlaridagi rolidan voz kechishiga sabab bo‘lgan. Ikkala filmdagi rollarni ham Karishma Kapur ijro etgan va katta muvaffaqiyatga erishgan. Juhi haligacha bu filmlardagi rollardan voz kechganini o‘zining karyerasidagi eng katta xatosi deb biladi.
U “Ishq” melodramasidagi roli uchun “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida Filmfare mukofotini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari “Hukm” filmidagi eng yaxshi debyut uchun yana bir bor ushbu mukofotni olishga muvaffaq bo‘ldi.
Rejissor Rakesh Roshan “Vasvasa” filmini suratga olish chog‘ida Juhini o‘zining eng yaqin do‘sti, millioner Jay Mehta bilan tanishtirdi. Film 8 yil davomida ekranlarga chiqmadi, biroq u Juhiga bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan uchrashish imkonini berdi.
Jurnalistlar aktrisaning hamkasblari Shohrux Xon va Amir bilan yaqin munosabatda bo‘lgani haqida yozgan, u esa har doim bu mish-mishlardan uzoqroq turishga harakat qilgan. Juhi 1995-yilda turmushga chiqqan. Aktrisa shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni sir saqlashga harakat qilgan, ko‘plab muxlislar uning oilaviy ahvoli haqida homilador bo‘lganida bilgan. Ko‘pchilik Mehtani ko‘rib, aktrisaning sevgi uchun emas, balki pul uchun unga turmushga chiqqanini aytgan, chunki Jay Hindistondagi eng boy insonlardan biri va uning hisoblarida millionlab dollarlar bor edi.
2001-yilda Juhi Chavla qizi Javnini, ikki yildan so‘ng o‘g‘li Arjunni dunyoga keltirdi. Shundan keyin Juhi kino olamidagi ishini sezilarli darajada qisqartirdi va o‘zini oilasiga bag‘ishladi. Aktrisalikdan tashqari, u o‘zining “Nath villasidagi arvoh” filmida birinchi marta qo‘shiq kuyladi.
2014-yilda aktrisa Stiven Spilbergning Xelen Mirren va Om Puri ishtirokidagi “Ziravorlar va ehtiroslar” filmidagi kichik rol bilan Gollivudda debyut qildi.
55 yoshli aktrisa barcha qarindoshlaridan: ota-onasi, singlisi va akasidan ayrilgan. Shuning uchun ham u oilasi bilan birga yashaydi, turmush o‘rtog‘i va bolalari bilan o‘tkazgan har bir lahzani qadrlaydi.