Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yogurt, stakan, utyug, kirpich kabi so‘zlar asli o‘zbekcha ekani, rus tiliga turkiy tillardan o‘zlashgani haqida maktab darsligida berilgan maʼlumot ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga, hatto kulgi-mazax va kinoyalarga sabab bo‘ldi. Yuz minglab obunachiga ega kanallar ham bu maʼlumotni istehzo bilan tanqid qildi. Aslida-chi? Ozroq kitob varaqlagan, manba ko‘rgan kishi bu so‘zlar rus tiliga haqiqatan ham turkiy tillardan o‘zlashganiga amin bo‘ladi.

Tillar bir-biri bilan muntazam aloqada. Bir-biridan so‘z olib, so‘z beradi. Agar bu jarayon tabiiy shaklda kechsa, bunday oldi-berdi tilni boyitishga xizmat qiladi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bu gal turkiy ildizga ega, rus tiliga o‘zlashib, ruslashib ketgan so‘zlarimiz haqida hikoya qiladi.

Stakan – yog‘och kosa

Foto: Pixabay / Kspi.kz

Hayron qolayotgan bo‘lishingiz mumkin. Lekin rostdan shunday. Faqat uzoqroq yo‘l yurib kelgani uchun tanimay turibsiz xolos.

So‘zlashuvda odamlar stakanni istakan deyishi bejiz emas. Chunki so‘z boshida ikki undoshning yonma-yon kelishi o‘zbek tiliga xos emas. Stakan rus tili taʼsirida shunday ko‘rinish olgan. Eski o‘zbek tilida, yaʼni chig‘atoychada to‘stug‘on, tustig‘on, to‘stug‘an shaklida qo‘llangan bu so‘z ruschada tovush o‘zgarishlariga uchragan: достоканъ > стокан > стакан.

“Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” to‘stug‘on va tustig‘on so‘zini qimiz quyib ichiladigan idish; yog‘och kosa deb izohlagan:

Halol ona sutidekdur gar o‘zbekim tutsa,

Tobuq qilib yukunib tustig‘on ichinda qimiz. (Alisher Navoiy, “Xazoyinul-maoniy”.)

To‘stag‘an so‘zi hozirgi qozoq, qirg‘iz, tatar, boshqird tillarida baʼzi talaffuz o‘zgarishlari bilan ishlatiladi.

Bu so‘z qadimgi rus tiliga ming yillar oldin o‘zlashgani ehtimoli katta. Chunki 1356-yilga oid rus yozma yodgorliklarida dostakan so‘zi qayd etilgan.

Batrak bir zamonlar botir bo‘lgan

Foto: Wikipedia

Batrak so‘zi o‘zbek tilida ham qo‘llanadi, asosan badiiy adabiyotda uchraydi. Ayniqsa, sovet davri adabiyotida qashshoq, birovga yollanib ishlaydigan va jabr-zulm ko‘rgan batrak obrazi ko‘p talqin qilingan. G‘afur G‘ulomning “Ko‘kan batrak” nomli asari ham bor. Batraklar kolxozlashtirish davrida tashviqotchilik vazifasini ham o‘tagan.

Filologlar fikricha, batrak atamasi rus tiliga turkiy tillardan, katta ehtimol bilan, tatar tilidan o‘tgan. Taniqli rus tilshunosi Maks Fasmerga ko‘ra, bu so‘zning ildizi botir so‘ziga borib taqaladi. Botir so‘zi esa mo‘g‘ul tiliga oid. Mo‘g‘ul va turkiy xalqlarda jasur jangchilar nomiga botir, bahodir kabi unvonlar qo‘shib aytilgan.

Rus tiliga XVI asrda o‘zlashgan batrak bora-bora shu maʼnodagi boshqa so‘zlarni isteʼmoldan siqib chiqargan.

So‘zning taqdiri ajoyib. Bir paytlar yovlarni zir titratgan botir va bahodirlar o‘z mol-mulki bo‘lmagan yollanma ishchilarga – batraklarga aylangan.

Чугун – eritilgan mis

Foto: Pixabay

Chugun so‘zini og‘zaki tilda ishlatamiz, hatto ruscha qo‘shimchasini ham qo‘llaymiz. Isitish qovurg‘alari haqida gapirganda chugunnaya batareya atamasiga murojaat qilamiz. Aslida bu so‘z ham turkiy asosga ega. Chugunning o‘zbekchasi cho‘yan bo‘ladi. Cho‘yan uglerod bilan temirdan, shuningdek, juda oz miqdordagi boshqa qo‘shilmalardan iborat qotishma. U po‘lat hosil qilish yoki quyma detallar tayyorlash uchun ishlatiladi.

Ruscha чугун va o‘zbekcha cho‘yan asli bitta so‘z. So‘z ruschada ham, o‘zbekchada ham tovush o‘zgarishlariga uchragan. “Devonu lug‘atit-turk”da cho‘din so‘zi eritib quyilgan bir turli mis deya izohlangan. U hozir qardosh turkiy tillarda turli talaffuz variantlarida ishlatiladi.

Cho‘yan so‘zi ruschaga o‘zlashishiga XIV–XV asrlarda Bulg‘oriya, Bolgar va Juketov kabi hududlarda temir, cho‘yan va po‘lat ishlab chiqarish ommalashgani sabab bo‘lgan.

Bu so‘z turkiy tillarga xitoy tilidan o‘zlashgan degan qarash ham bor. Unga ko‘ra, cho‘yan iborasi chju – metall quymoq, gung – ish so‘zlaridan hosil bo‘lgan.

Деньги – tanganing ko‘pligi

Foto: Pixabay

Rus tilida eng muhim hayotiy vosita – pulning oti ham asli turkiycha ekani ko‘pchilikni hayratlantirsa ajab emas. Turkiy tillarda kumush pulni anglatgan tanga rus tiliga деньга bo‘lib o‘tgan. Keyinchalik ko‘plik shaklini olib, деньги ko‘rinishiga kelgan. Rus tilidagi eʼtiborli etimologik manbalarning aksari bu fikrni tasdiqlaydi.

Tanga so‘zi rus tiliga XIV asrlarda kirib kelgan. XV asr rus yozma manbalarida ushbu so‘z тенка, тенки shaklida uchraydi.

Tanga qadimda arab, fors, hind, tibet kabi tillarda ham turli talaffuz variantlarida qo‘llangan. Tangalar dastlab kumushdan, keyinroq misdan zarb qilingan. Qadimgi Yunoniston va Forsda metall pullar danaka deb atalgan. Oltin O‘rdada esa dang yoki danig deb nomlangan. To‘g‘ri o‘ylayapsiz, har ikki so‘z tanganing ayni o‘zi. Faqat tovushlari biroz o‘zgargan.

Baʼzi manbalarga ko‘ra, tanga so‘zining ildizi tiyinga borib taqaladi. Ayrim manbalar esa ruscha деньги turkiycha tamg‘adan kelib chiqqan degan fikrni ilgari suradi. Darvoqe, tamg‘adan hosil bo‘lgan boshqa bir rus so‘zi ham sizu bizga yaxshi tanish.

Таможня – tamg‘a uriladigan joy

Foto: Pixabay

Tamg‘a so‘zi qadimda chorva yoki boshqa mulklarni ajratish uchun qo‘yiladigan belgini bildirgan. U taq feʼliga -ma qo‘shimchasini qo‘shish orqali yasalgan. Taqma vaqt o‘tib, tovush o‘zgarishiga uchragan va tamg‘aga aylangan.

Ko‘chmanchi turk qabilalari asosan otlari va qimmatbaho buyumlariga tamg‘a bosgan. U bu mulkning biror shaxsga yoki qabilaga tegishli ekanini bildirib turgan.

Tamg‘a Oltin O‘rda davrida Qadimgi Rusda savdo bojini anglatgan.

Rus etimolog olimi Lev Uspenskiyga ko‘ra, tamg‘a atamasi rus tiliga III asrda kirib kelgan. Soliq yig‘uvchilar turli yorliqlarga qo‘yadigan muhr tamg‘a, muhr bosuvchilar esa bosqoq deb atalgan. Chegara boji ham tamg‘a deb nomlangan, chunki boj to‘langach, hujjatga tamg‘a urilgan. Shu so‘zdan таможня hosil bo‘lgan. U tamg‘a qo‘yiladigan joy, idorani anglatgan. Bu yerda ishlovchilar таможьник, таможенник nomini olgan.

Лошадь – axta ot

Foto: Pixabay

Ming yillar oldin rus tilida лошадь so‘zi bo‘lmagan. Ot конь so‘zi yordamida ifodalangan. Keyinchalik turkiy tillar taʼsirida лошадь ham isteʼmolga kirgan.

Лошадь alasha va ot so‘zlaridan hosil bo‘lgan. Alasha turkiy tillarda ot, axta ot maʼnolarini anglatgan. Turkiy qavmlar orasida juda ommalashgan bu so‘z Sharqiy Yevropa tillariga ham ko‘chib o‘tgan. Alasha baʼzan ot so‘zi bilan ham ishlatilgan, ruschaga ayni shu shakli o‘zlashgan. Baʼzi olimlar fikricha, alasha ruschaga лоша shaklida o‘tgan, so‘ng unga -дь qo‘shimchasi qo‘shilgan. Ukrain tilida esa лоша shakli saqlangan va u qulun, toycha maʼnosini anglatadi.

Alashaning birinchi tovushi tushib qolishi favqulodda holat emas. Rus tiliga turkiy tillardan o‘tgan so‘zlarda bunday o‘zgarishlar uchrab turadi. Masalan, kulba, kapa maʼnosidagi olachuq so‘zi ruschaga лачуга shaklida o‘tgan.

Лоша лошак shakliga kirgach, xachir maʼnosiga ega bo‘lgan. So‘z so‘ngidagi -k boshqa bir turkizm – ишак, yaʼni eshak taʼsirida yuzaga kelgan.

Ералаш – aralash-quralash

Foto: Videodan lavha

“Ералаш” nomli bolalar hajviy kinojurnalini bilsangiz kerak. Nomi o‘zimizning aralash so‘ziga o‘xshab ketadi. Lekin bu o‘xshashlik tasodif emas. Ruscha ералаш ayni shu aralashning o‘ppa-o‘zi. Aralash o‘zbekchada qo‘shilgan, qorishgan holatni anglatsa, boshqa turkiy tillarda tartibsizlik, tartibsiz harakat, hovliqish kabi maʼnolarga ega. Ералаш ruschada boshi-keti yo‘q tartibsizlik, chigallik, chalkashlik, aralash-quralashlikni bildiradi.

Olimlar fikricha, bu so‘z rus tiliga XVIII–XIX asrlarda o‘zlashgan. Baʼzi tadqiqotchilar ералаш dastlab Sharq taomlaridan biri bo‘lgani, keyinchalik maʼnosi o‘zgarib ketganini ilgari suradi. Boshqalar esa so‘z dastlab o‘zlashgan paytda ham hozirgi maʼnosida bo‘lgan degan fikrda.

Пай va паёк

Foto: Pixabay

Har ikki so‘z o‘zbek tilida ham qo‘llanadi. Ularning o‘zagi bir, lekin maʼnosi har xil. Pay biror shirkat, aksiyadorlar jamiyati ishida qatnashish uchun qo‘shiladigan hissa, ulushni anglatadi:

Ko‘plab aksiyadorlar o‘zlarining sotib olgan aksiya va paylari evaziga dividend, yaʼni daromad olishlari kerak. (“Gazetadan”.)

Payok esa biror kishiga maʼlum vaqtga mo‘ljallab beriladigan oziq-ovqat miqdori:

Dadavoy aka bugun har kungidan ertaroq keldi. U oylik payogiga go‘sht, yog‘, guruch, qandni bir xalta qilib ko‘tarib kirdi. (H. G‘ulom, “Toshkentliklar”.)

Pay qadimgi turkiy tilda ulush, hissa, qurʼa, chek maʼnolarini bildirgan. Ruschaga ham xuddi shu maʼnoda o‘zlashgan. Паёк esa pay so‘zining kichraytirish-erkalash qo‘shimchasini olgan shakli. U belgilangan muddat uchun belgilangan miqdorda beriladigan oziq-ovqatni anglatadi. Asosan harbiylar orasida mashhur. Masalan, сухой паёк iborasi issiq ovqat tayyorlash ilojsiz bo‘lgan sharoitda isteʼmol qilishga mo‘ljallangan yeguliklarni anglatadi.

Кара, карий, караковый, карандаш

Foto: Pixabay

Bu so‘zlarning bari turkiy qora so‘zidan o‘sib chiqqan. Кара kam o‘zgarishga uchragan, u jazo maʼnosida qo‘llanadi. Карий esa qorato‘riq, ayg‘ir, jigarrang kabi maʼnolarga ega. Qora bu o‘rinda bir yumalab, jigarrangga aylangan. Кароковый ham kariyga maʼnodosh, qorato‘riq otni anglatadi. Карандаш so‘zi qora va tosh so‘zlaridan yasalgani, qalam maʼnosiga egaligi ko‘pchilikka maʼlum. Bu so‘zdagi toleni qarang, o‘zimizning so‘zimizni rus tiliga berib, uning o‘rniga uzoq yunon tilidan qalamni olib kelganmiz.

Rus tiliga qora o‘zakli boshqa so‘zlar ham o‘zlashgan. Кара nomli va shu o‘zakli bir necha joy nomlari bor.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »