Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Ruslan Abaturov respublikaning yanvar–iyun oylaridagi iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini tahlil qildi.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi yarim yillikda yuqori o‘sish dinamikasi beqaror tashqi muhit o‘zgarishlariga chidamliligini saqlab qoldi. Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YIM) 5,6 foizga o‘sdi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan yuqoridir (5,4 foiz). 

 

Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda inflyatsiya sekinlashishda davom etmoqda va 6 oy yakunlariga ko‘ra 5 yildagi eng past ko‘rsatkichlarni ko‘rsatmoqda. Joriy yil yanvar—iyun oylarida inflyatsiya 3,5 foizni, 2022-yilning shu davrida esa 6,5 foizni tashkil etgan. Yillik ko‘rsatkichlarda inflyatsiya 9 foizgacha (2022-yil iyun oyida – 12,2 foiz) sekinlashdi.

Oziq-ovqat inflyatsiyasi 2022-yil yanvar—iyun oylarida 8,9 foizdan joriy yilning shu davriga nisbatan 4,1 foizgacha sekinlashdi. Xuddi shunday, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi 5,8 foizdan 3,1 foizga, pullik xizmatlar narxining o‘sishi esa – 3,3 foizdan 2,9 foizgacha sekinlashdi.

Foto: “Daryo”

Olti oy davomida asosiy kapitalga investitsiyalar 7,9 foizga o‘sdi (2022-yil yanvar—iyun oylarida – 6,6 foiz). Xususan, markazlashtirilmagan investitsiyalardagi o‘sish surʼati 8,7 foizni tashkil etdi. Ulardan korxonalar mablag‘lari hisobidan investitsiyalar 15,8 foizga, aholi mablag‘lari 8,7 foizga, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari 36,5 foizga oshdi.

Bundan tashqari, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ikki xonali raqamli dinamika, yaʼni 21 foiz darajasidagi o‘sish qayd etildi.

Yilning birinchi yarim yilligida markazlashtirilgan manbalardan investitsiyalar 2,4 foizga, xususan, budjet mablag‘lari hisobidan 3,6 foizga o‘sdi. Xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostidagi kreditlar 6,9 foizga oshdi.

Foto: “Daryo”

Umuman olganda, investitsiyalar tarkibida markazlashtirilgan investitsiyalar ulushi 2022-yilning yanvar—iyun oylarida 13 foizdan 12,3 foizga kamaydi, markazlashtirilmagan investitsiyalar ulushi mos ravishda 87 foizdan 87,7 foizga oshdi.

Jami investitsiyalarda ishlab chiqarish sanoatiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning ulushi 30,2 foizgacha (2022-yilning birinchi yarmida 28,9 foiz), tog‘-kon sanoati 8 foizgacha (6,1 foiz) o‘sdi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish joriy yilning dastlabki 6 oyi ichida 5,6 foizga, yoki 2022-yilning shu davriga nisbatan (5,1 foiz) jadal surʼatlarda o‘sdi.

Foto: “Daryo”

Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi bilan bog‘liq bo‘lib, buning natijasida ishlab chiqarish sanoatining o‘sishi 6,3 foizni (2022-yilning birinchi yarmida 5,9 foiz) tashkil etdi.

Shuningdek, elektr taʼminoti sanoat tarmoqlari orasida eng dinamik ravishda o‘sish — 9,9 foiz bo‘ldi. Ammo bu 2022-yil yanvar—iyun oylariga nisbatan past (o‘sish 14,7 foiz).

Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yili pasayib ketgan tarmoqlar ham o‘sdi. Xususan, tog‘-kon sanoatida 0,2 foizga (2022-yil yanvar—iyun oylarida 0,5 foizga kamaygan) o‘sish kuzatildi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sektori 2022-yilning birinchi 6 oyi yakuniga ko‘ra 11,6 foizga kamayishiga nisbatan 3,6 foizga o‘sdi.

Foto: “Daryo”

Qurilish sohasidagi dinamika 2022-yil yanvar—iyun oylarida 5,1 foizdan joriy yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizgacha sekinlashdi.

Qishloq xo‘jaligida, xususan, o‘simlikchilik va chorvachilikda mahsulot ishlab chiqarishning o‘sish surʼati 3,8 foizgacha (2022-yil yanvar–iyun oylarida 2,7 foiz) tezlashish kuzatilmoqda. Shu bilan birga, o‘rmon va baliqchilikning o‘sish surʼatlari biroz sekinlashdi.

2023-yilning dastlabki 6 oyi davomida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 12,3 foizga oshdi (2022-yilning shu davrida – 14,5foiz). Tarmoqlar bo‘yicha aloqa va axborotlashtirish xizmatlari ikki xonali surʼatlarda – 22,9 foizga, moliyaviy xizmatlar 22,7 foizga, taʼlim xizmatlari 19,5 foizga, turar joy va oziq–ovqat mahsulotlari 10,4 foizga o‘sdi. Transport sohasida xizmatlar hajmi 8,6 foizga oshdi. Yuk va yo‘lovchilar aylanmasining o‘sish surʼatlari sekinlashdi.

Foto: “Daryo”

Chakana savdo aylanmasining o‘sish surʼati 2022-yil yanvar—iyun oylarida 9,9 foizdan 2023-yilning shu davri uchun 6,9 foizgacha sekinlashdi.

Yilning birinchi yarim yilligida tashqi savdo aylanmasi 19,4 foizga o‘sib, 29,2 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 23 foizga oshib, 12,1 milliard dollarga, import 17 foizga oshib, 17 milliard dollarni tashkil etdi.

Eksportning o‘sishi tashqi bozorlarga mashina va transport uskunalarini yetkazib berishning qariyb 60 foizga, oltinning 47 foizga, xizmatlarning 41 foizga, oziq-ovqat mahsulotlarining 33 foizga, turli xil tayyor mahsulotlarning 25 foizga o‘sishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, nooziq-ovqat xomashyosi eksporti 26 foizga, yoqilg‘i-energetika resurslari 20 foizga kamaydi.

Importda O‘zbekistonga yoqilg‘i-energetika mahsulotlari 73 foizga, mashina va transport uskunalari 30 foizga, kimyoviy mahsulotlar 10 foizga oshgani qayd etildi.

Umuman olganda, birinchi yarim yillikning asosiy tendensiyalari makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiyotga salbiy omillarning taʼsirini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ijobiy o‘sish dinamikasini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya faolligini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. O‘zbekiston iqtisodiyotida yil oxirigacha barqarorlik va jadal rivojlanish surʼatlarini saqlab qolish kutilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »