Qirg‘iziston prezidentining jiyani hibsdan ozod etilmadi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning jiyani Ulan Japarov hibsda qoldirildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Advokat Ulan Japarovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirishni iltimos qilgan, biroq Bishkek sudi uni hibsda qoldirishga qaror qilgan. Ulan Japarov 26-iyulga qadar Bishkekdagi 1-izolyatorda saqlanadi. Hibsga olish tergov tomonidan talab qilingan.
Qirg‘iziston prezidentining qarindoshi korrupsiya bo‘yicha 6-iyul kuni hibsga olingani maʼlum bo‘lgandi. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov xizmati tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ma’lumotni Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov ham tasdiqlagan.
“Sadir Japarov avvalroq tanish-bilish va qarindosh-urug‘ligidan qat’i nazar, har kim o‘z qilmishi uchun qonun bo‘yicha javob berishi haqida ogohlantirgandi”, — degan Orunbekov.