Ish haqlari oshgan, aholiga ko‘p kredit berilgan, xorijdan tushumlar kam — Markaziy bank raisi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
Bugun, 27-iyul kuni Markaziy bank rahbariyati asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilish yakunlariga oid matbuot anjumani o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Muloqotda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov joriy va kutilayotgan makroiqtisodiy sharoitlar, pul-kredit sohasidagi vaziyat to‘g‘risida batafsil axborot berdi.
Asosiy stavka o‘zgarmadi
“Muhokamalardan kelib chiqib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish maqsadga muvofiq deb topildi”, — dedi Mamarizo Nurmurodov.
Maʼlum qilinishicha, ushbu qarorga kelishga bir qator omillar sabab bo‘lgan.
Inflyatsiya darajasi pasayotgan bo‘lsa-da, fundamental talab omillarining bosimlari saqlanib qolmoqda. Joriy yil ikkinchi choragida umumiy inflyatsiya dinamikasi sekinlashishda davom etib, iyun oyi yakunida 9 foizgacha pasaydi va bu holatni:
- qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy omillar;
- o‘tgan yilgi yuqori baza effekti taʼsirlarini chiqib ketishi;
- import narxlari barqaror saqlangani;
- yil boshidan shakllanayotgan monetar sharoitlar hamda tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolgani bilan izohlash mumkin.
“Ayni paytda xizmatlarga bo‘lgan yuqori talabning saqlanib qolayotgani va ushbu sohada narxlar moslashuvining davom etayotgani hisobiga o‘tgan 6 oy davomida xizmatlar inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilmadi. Bazaviy inflyatsiya ham kutilganidan ko‘ra sekinroq pasayib, iyun oyida 11,3 foizni tashkil etdi. Natijada bazaviy inflyatsiya va umumiy inflyatsiya o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolmoqda”, — dedi tashkilot rahbari.
Yana bir muhim ko‘rsatkich, o‘rtacha yillik inflyatsiya ham joriy inflyatsiyadan yuqori darajada 11,7 foiz doirasida shakllangan. Mazkur holatlar isteʼmol bozorlaridagi talab va taklifning to‘liq muvozanatlashmagani, isteʼmol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining yuqoriligida ham namoyon bo‘lmoqda.
Mehnatga haq to‘lash oshdi
Mamlakatda yalpi talab va inflyatsion kutilmalarni narxlarga oshiruvchi taʼsiri saqlanib qolmoqda.
“Iqtisodiyotda mehnat haqlarining real hisobda keng qamrovli o‘sishi kuzatildi (2023-yil I yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,5 foiz). Aholi daromadlarining ko‘payishi uy-joy, mebel, avtomobil, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va xizmatlar sohasiga bo‘lgan talabni oshirmoqda, — dedi Mamarizo Nurmurodov.
Aholining real daromadlarining o‘sishini barcha sohalarda kuzatilayotgani, bir tomondan, ish haqi xarajatlari orqali ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish tannarx xarajatlarini oshishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan, isteʼmol talabini rag‘batlantiruvchi asosiy drayverlardan bo‘lmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham hamon inflyatsiya darajasidan yuqori shakllanmoqda va iyun oyida 13—13,5 foizni tashkil qildi. Aholining valyuta kursi o‘zgarishi, ish haqi va nafaqalar oshishining narxlarga taʼsirini ko‘chayishi borasidagi kutilmalari ortgan.
Isteʼmol talabini oshishiga chakana kreditlarning sezilarli darajada o‘sish dinamikasi ham taʼsir ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 6 oyida banklar tomonidan 116 trillion so‘mlik, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p kreditlar ajratilgan. Ushbu o‘sishni asosan aholiga ajratilayotgan chakana kreditlar qo‘llab-quvvatlamoqda. Iyun oyi yakunlari bo‘yicha aholiga ajratilgan kreditlar (46 trln so‘m) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga o‘sdi. Bunda, aholining avtokreditlar, mikroqarz, mikrokredit hamda ipoteka kreditlariga talabi yuqori bo‘ldi.
“Ushbu holat, uy-xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ham qayd etildi. Respondentlarning aksariyati kelgusida uy-joy, mebellar, maishiy texnika hamda avtomobillar xaridi uchun kreditlar olishini va xarajatlari ko‘payishini maʼlum qilgan. Chakana kreditlarga bo‘lgan talabning ortib borishiga aholining kelgusidagi daromadlari o‘sishi bo‘yicha ishonchlarining oshayotganligi asosiy sabablardan bo‘lmoqda. Ajratilayotgan kreditlar asosan, isteʼmolni qo‘llab-quvvatlovchi xususiyatga ega ekanligi kelgusida talab inflyatsiyasining uzoqroq muddat saqlanib qolishi bo‘yicha signallar bermoqda. Ushbu segmentda “iqtisodiy qizish”ni oldini olish uchun makroprudensial talablar kuchaytirildi va chakana kreditlarning yillik o‘sish surʼatlari iyun oyida o‘tgan oylardagi ko‘rsatkichlarga nisbatan biroz sekinlashdi”, — dedi Mamarizo Nurmurodov.
Markaziy bank raisining aytishicha, joriy yilning I yarmida fiskal xarajatlarning kutilganidan ko‘proq bo‘lishi ham yuqori talabni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lmoqda.
O‘tgan yillardagi rag‘batlantiruvchi fiskal siyosatning taʼsirlari davom etayotgan bir sharoitda joriy yilda ham xarajatlarning kutilganidan ko‘proq bo‘lishi iqtisodiyotda yalpi isteʼmol talabini rag‘batlantiruvchi asosiy drayverlardan bo‘lib, 2023-yil yakuniga qadar inflyatsiyani prognoz ko‘rsatkichlarining yuqori chegaralarida shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Umuman olganda, isteʼmol bozorlarida taklif omillarining barqarorlashishiga qaramasdan iqtisodiyotda shakllanayotgan inflyatsion vaziyat asosan yuqori talab evaziga hosil bo‘layotgani borasida xulosa qilish mumkin.
Iqtisodiy o‘sish yaxshilandi
O‘zbekistonda ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarlardagi ijobiy tendensiyalar taʼsirida iqtisodiy faollik saqlanib qolmoqda. Iqtisodiy o‘sish surʼatlari joriy yil birinchi yarim yilligida 5,6 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davridan yuqori darajada shakllandi.
“Birinchi chorakdagi ayrim pasayishlardan keyin iqtisodiy faollikning jadallashuvi savdo va pullik xizmatlardan tushumlar (+24,4 foizga), ko‘chmas mulk bozorida uy-joy oldi-sotdi bitimlar soni (+5,3 foizga), banklararo tranzaksiyalar hajmi (+38 foizga), chakana savdo aylanmasi hajmlari (+6,9 foizga) o‘zgarishlarida ham o‘z aksini topdi”, — dedi Markaziy bank rahbari.
I yarim yillikda isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,0 foizga oshdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish fizik hajmida so‘nggi 5 yillikdagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi kuzatilib, 6,4 foizni tashkil qildi.
Shu bilan birga, yuqori investitsion faollik saqlangan holda asosiy kapitalga investitsiyalar 7,9 foizga, shu jumladan, markazlashmagan investitsiyalar hajmi 8,7 foizga ko‘paydi.
Import dinamikasida ham yuqori o‘sish surʼatlari kuzatilib (o‘tgan yilning mos dariga nisbatan 17 foizlik o‘sish), bu bir tomondan, ichki iqtisodiy faollikni oshayotganligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, import va investitsiya maqsadlari uchun valyuta mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalar hajmi o‘zining fundamental trendi doirasida o‘sib bormoqda. Yil boshidan 5,2 milliard dollarlik o‘tkazmalar kelib tushdi. Bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 22 foizga kam degani.
“Global iqtisodiy vaziyat borasida to‘xtalib, jahonda iqtisodiy faollik kutilganidan ko‘ra tezroq oshishiga qaramasdan uning kelgusi rivojlanish trayektoriyasi bo‘yicha noaniqliklar yuqoriligicha qolayotganligini qayd etish lozim. Aksariyat davlatlarda umumiy va bazaviy inflyatsiya yil oxirigacha yuqori darajalarda saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda. Ayrim asosiy hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar milliy valyuta kurslariga bo‘layotgan bosimni saqlanib qolayotgani ham, o‘z navbatida, milliy iqtisodiyotga maʼlum darajada taʼsir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi Mamarizo Nurmurodov.
O‘rtacha kredit stavkasi 22,6 foiz
Iyun oyida pul bozoridagi operatsiyalar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 13,9 foiz doirasida shakllandi. Real foiz stavkasi esa 4,3 foiz bandni tashkil etib, “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlari taʼminlandi.
Iyun oyida kredit va depozit bozorlarida o‘rtacha foiz stavkalar (22,6 foiz va 19,8 foiz) o‘tgan oylardagi ko‘rsatkichlarga nisbatan o‘zgarishlarsiz shakllandi.
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining o‘sish dinamikasi saqlanib, yil boshidan 1,2 barobarga oshdi (7,3 trln so‘m). Ushbu tendensiya depozitlarning dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qilib, depozitlar dollarlashuvi yil boshidan 5,5 foiz bandga pasayib, 28,7 foizni tashkil qildi.
Ayni paytda kreditlar bo‘yicha dollarlashuv darajasi 2 foiz bandga pasayib, 44 foizni tashkil qildi.
Makroiqtisodiy prognozlar
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, tashqi iqtisodiy sharoitlarga iqtisodiyotning moslashuvini davom etayotganligi va ayrim noaniqliklarni saqlanib qolayotganligini sababli 2023-yil yakunlari bo‘yicha real YAIM o‘sishi 5,0—6,0 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda aholi daromadlari oshishi, fiskal rag‘batlar, investitsiya va xizmatlar sohasidagi faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni asosiy qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.
Joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanishi, 8,5—9,5 foiz atrofida bo‘lishi borasidagi prognozlar o‘zgarishsiz qoldirildi. Kelgusi davrlarda bazaviy inflyatsiya prognozi va inflyatsion kutilmalarning ishonchli pasayish trayektoriyasiga o‘tishi, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini kuchaytiradi.