O‘zbekiston mutaxassislari Yaponiya sanoat korxonalarida ishga joylashtiriladi
O‘zbekiston mutaxassislarini Yaponiya sanoat korxonalarida ishga joylashtirishda ko‘maklashiladi, deb xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati.
Unga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyadan iborat ishchi guruh JICA’ning Tokiodagi bosh ofisida uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Yaponiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yapon tili o‘quv kurslarini keskin oshirish ehtiyojidan kelib chiqib, yapon tili mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish hamda o‘qitish jarayonlarini zamonaviy o‘quv uslublarda olib borish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda JICA tashabbusi bilan “Yaponiyada bandlik imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekistonning sanoat sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi. Mazkur loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra:
- o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining barcha toifalariga (yuqori malakali mutaxassis (HSP), muhandis/gumanitar fanlar/xalqaro xizmatlar (ESI), talaba, malakali sanoat ishchisi (SSV) va texnik stajyor (TIT) Yaponiyada ishga joylashtirishda ko‘maklashish;
- Yaponiyada qishloq xo‘jaligi, keksalarni parvarishlash, mehmonxona xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish sohalarida ishlash tartib qoidalari to‘g‘risida maʼlumotlarni aks ettiruvchi veb-portal joriy qilish. Unda Yaponiyadagi potensial ish beruvchilar uchun O‘zbekistonning mehnat salohiyati, fuqarolarni mehnat migratsiyasiga tashkiliy, qonuniy va xavfsiz jo‘natish uchun yaratilgan tizim haqida maʼlumotlar joylashtiriladi;
- yapon tili va kasbga o‘qitish kurslarini zamonaviy uslubiy qo‘llanmalar bilan jihozlashga ko‘maklashiladi.