Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov majlisda Sariosiyo tumanidagi maktab direktori Umida Tursunova bilan tortishgani aks etgan video tarqaldi. Dahanaki janjalda hokim Tursunovani ishdan olganini aytgan. Direktor buning sababini so‘ragan. O‘rtada tortishuv yuzaga kelgan. Video yakunida Tursunovani ichki ishlar xodimlari majlislar zalidan olib chiqib ketgani aks etgan. Avvalroq saytimizda voqea tafsilotlariga doir maqola e’lon qilingandi. Mazkur tortishuv ijtimoiy tarmoqlarni junbishga keltirdi. Faollar voqea yuzasidan turli fikrlarni bildirmoqda.

“Vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim”

Voqea yuzasidan maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova munosabat bildirdi.

Hilola Umarova
Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda maʼmuriy qamoq jazosidan ozod etildi. Shu o‘rinda taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini eslatib o‘tmoqchiman”, — deb yozgan u Telegram’da.

“Hokim janoblari qonun oldida javob berishi kerak”

Huquqshunos Saidali Muxtoraliyev o‘z sahifasida tortishuvning yuridik jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Saidali Muxtoraliyev
Foto: Telegram / “Yuristkadr”

“Shaxsan men bu ayol, bu maktab direktori misolida o‘z huquqi uchun kurashadigan, nafaqat o‘zini, oilasini hamda o‘z jamoasini himoya qila oladigan qatʼiyatli shaxsni ko‘rdim. Bizga mana shunday rahbarlar kerakmasmi aslida? Kechagina deputatlar “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qilishdi. Bu qonun naqadar dolzarb va zarur ekanligini mana shu hokim va maktab direktori o‘rtasidagi munozara misolida yana bir bor ko‘rdik.

Hokim janoblari qonun oldida javob berishi kerak. Keyin maktab direktori alohida himoyaga olinmas ekan, unga nisbatan har xil asossiz bo‘htonlar o‘ylab topilishi hech gap emas. Bundan tashqari, bu opaga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudyaning masalasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan albatta ko‘rib chiqilishi kerak.

Gap bu yerda sudyaning mustaqilligi haqida ketyapti. Katta ehtimol bilan maktab direktoriga nisbatan qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudya hokimlik bosimi ostida mustaqil harakat qilmagan bo‘lishi mumkin. Hatto prezident sudyalarning mustaqilligi borasida qatʼiy talablar qo‘yayotgan bir vaqtda, buni istamayotgan va bunga loyiq bo‘la olmayotgan sudyalarga tizimda umuman o‘rin yo‘q. Bu voqea taʼlim tashkilotlari faoliyatiga hokimlarning asossiz aralashuviga zudlik bilan barham berilishini talab etmoqda”, — deb yozgan huquqshunos.

Foto: Videodan kadr

“Biror odam direktorning yonini olmadi”

Jurnalist Ibrat Safo Facebook’dagi sahifasida hokimning ayolga nisbatan qo‘polligi qattiq taʼsir qilgani haqida yozgan.

“Surxondaryo viloyati hokimi va maktab direktori bo‘lgan ayol o‘rtasidagi tortishuvning asosida nimalar yotganini o‘rganmadim, lekin videosidan menga eng qattiq botgani ­— hokimning mirshablarga ayolni “yo‘qot” deb aytgani bo‘ldi. Feodalizm zamonlari allaqachon qaytgandek — mahalliy xonlar seni pashshadek ko‘rmaydi, huzurimdan yo‘qot, boshini tanasidan judo qil deyishlariga oz qoldi, shekilli”, — deb yozgan Ibrat Safo.

Foto: Videodan kadr

Jurnalist Anora Sodiqova voqea haqidagi fikrida maktab direktorini atrofida hech kim himoya qilmaganiga urg‘u bergan.

“Maktab direktori o‘z haq-huquqini himoya qilmoqda. Atrofda bironta odam yonini olmadi. “Axir u o‘z huquqini talab qilyapti”, demadi hech kim. Afsuski, biz shunday mo‘minlarmiz. Ro‘mol, hijob, soqol sunnat, farz deymiz-u, bir mazlumani yonini ololmaymiz. Hokimga “sening shunday qilishga haqing yo‘q. Nima deyapsan?”, deya olmaymiz. Adolatni yonini ololmaydigan mo‘minlarmiz. Holbuki, Alloh adolatni sevadi”, — deb yozgan u.
Foto: Videodan kadr

“Pedagoglarni behurmat qilmang”

Deputat Alisher Qodirov ham voqea yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi

Alisher Qodirov

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Prezidentning vakili pedagoglarga munosabatda prezidentdan o‘rnak olishi kerak. Haqoratga rozi bo‘lgan pedagog farzandlarimizni oyoqosti bo‘lishga rozilikka o‘rgatadi! Pedagoglarni behurmat qilmang”, — deya yozdi “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari.

Yozuvchi Javlon Jovliyevning fikricha, millatga qo‘rqmas o‘qituvchilar kerak.

“Bizda silliq, boshi egilgan o‘qituvchilar serob, bizga endi qo‘rqmaslari kerak! Bizga “muomalasi chatoq”, lekin ilmli, dovyurak, haqiqatga tik boqadigan, nima buyursa qilib ketavermaydigan, o‘ziga ishongan ustozlar kerak! Chunki avlodlar-kelajak ularning qo‘lida”, — deb yozadi u.
Foto: Videodan kadr

Tadbirkor Bektosh Hotamov direktor ayol hokimning buyrug‘i bilan qamalganidan hayratga tushganini yashira olmadi.

“Surxondaryoda maktab direktori viloyat hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda hokim bilan dahanaki jang qildi. Keyin hokimning buyrug‘i bilan direktor opani tashqariga olib chiqib ketishdi. Maʼlum bo‘lishicha, direktor ayolni maʼmuriy qamoq jazosi bilan siylab qamab qo‘yishgan. Keyin yana maʼlum bo‘lishicha, vaziyat maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining nazoratiga olingan va direktor opa ozodlikka chiqarilgan. Menda bitta savol: direktor opani qamagan sudya hozir bormi, tirikmi, u mustaqilmi? U hokim aytsa, qamasa, vazir aytsa, ozodlikka chiqarsa, u o‘zi sudyami? Yoki opa hech qanday sudsiz qamaldimikan? Unaqa desam hozir feodalizm emas, biz huquqiy-demokratik davlatda yashayapmiz. Xullas, shu joyida ishlam kallamayapti”, — deya munosabat bildirgan u.

Yaqinda vazir Hilola Umarova yana bir bayonot bilan chiqdi. Maʼlum qilinishicha, Umida Tursunova maktab direktori sifatidagi ish faoliyatini davom ettiradi.

“Davlat tomonidan olib borayotgan taʼlim sohasi xodimlarini obro‘ va nufuzini ko‘tarish kabi ustuvor siyosatni qo‘llab-quvvatlagan holda har bir rahbar xodim pedagoglarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini, maktabda pedagog xodimlar faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratishga eʼtibor qaratishlarini, maktabdagi maʼnaviy muhit, taʼlim sifati va mazmuni bilan bog‘liq har qanday vaziyat vazirlik nazoratida ekanligini eslatib o‘tmoqchiman”, — deya maʼlum qilgan Hilola Umarova.

Izoh

Юнусжон Сойибович

04.08.2023, 06:08

Ассалому алайкум. Ҳа, жуда ачинарли вазият содир этган ҳоким жаноблари. Аслида мени фикрим шуки, шу савияси оқсаган ҳокимни ишдан олиб, мана шу мактаб директорини ҳоким этиб сайлаш керак. Чунки , бу опа қатъиятли, ӯзига ишонган, жамоаси учун курашадиган жасур аёл экан. Ҳокимнинг сенсираб беҳурмат қилиши ҳар қандай инсонни таъбини тирриқ қилади.
Аслида унга ким ҳуқуқ берди ҳоҳлаган одамни беҳурмат қилишга? Опа уни ӯзини судга берса арзийдиган иш бӯлибди. Бу ҳолат бошқаларга ҳам ӯрнак - ибрат бӯлса ажаб эмас. Ӯқитувчи ва мураббийнинг айби биз ва сизнинг саводимизни чиқариб дунёни теран кӯз билан кӯришга ӯргатганими?
Мен шахсий фикримда қоламан!

Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »