Jamoatchilik savoli: Maktab direktorini ishdan bo‘shatgan va qamatgan Surxondaryo hokimiga chora ko‘riladimi?
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov (Toshkent shahrining sobiq prokurori) va Sariosiyo tumanidagi maktab direktori Umida Tursunova o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dahanaki janjal jamoatchilikni junbushga keltirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda anglashiladiki, hokim o‘qituvchini ishdan olganini aytgan. “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning yozishicha, viloyat rahbari bu buyrug‘i bilan mansab vakolatidan chetga chiqish va uni suiiste’mol qilish jinoyatini sodir etgan. Chunki hokim maktab direktoriga ish beruvchi emas.
“Qonunbuzarlik jamoat ko‘z o‘ngida sodir etilishi millat va davlat uchun misli ko‘rilmagan hurmatsizlikdir”
Abdurahmon Tashanovning fikricha, hokimda maktab direktorini ishdan olish huquqi yo‘q.
“Mehnat kodeksining 170-moddasiga ko‘ra, maktab direktoriga ish beruvchi Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi hisoblanarkan, hokim bu buyrug‘i bilan mansab vakolatidan chetga chiqish va uni suiiste’mol qilish jinoyatini sodir etdi. Majlisda hokimning qaroriga eʼtiroz bildirgan maktab direktori “Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning mayda bezorilik moddasi bilan jarimaga tortilib, qamoqqa tashlandi. Sudning hokim istagini qonunlashtirishi va shaxsni adolatsiz hibsga olish qarori yurtdoshlarimiz uchun yangilik emas, albatta. Ammo bu qonunbuzarlikning jamoat ko‘z o‘ngida sodir etilishi millat va davlat uchun misli ko‘rilmagan hurmatsizlikdir. Hokim sobiq prokuror o‘laroq bunday sharmandalikka qo‘l urarkan, hurmatsizlikning badali ikki hissa yuqori bo‘lishi kerak”, — deb yozadi huquq faoli.
Abdurahmon Tashanovning qo‘shimcha qilishicha, bu holatga Oliy sud va bosh prokuratura darhol izoh berishi zarur.
“Maktab direktorining lavozimiga munosibligi mas’uliyati tegishli vazirlik zimmasidagi ishdir. Biz yangi Konstitutsiya muqaddimasini mamlakatning huquqiy davlat ekani haqidagi norma bilan boshladik. Agar muqaddimadayoq unga tajovuz qilsak, unga to‘la amal qilishni o‘ylamasak ham bo‘ladi. Iltimos, hech kim “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganini eslatmasin, hokimlarga o‘xshab so‘kinib yuboraman”, — deya fikr bildirgan u.
“Hokim qonun oldida javob berishi kerak”
Huquqshunos Saidali Muxtoraliyev Telegram’dagi kanalida voqea yuzasidan munosabat bildirdi.
“Hokim janoblari qonun oldida javob berishi kerak. Keyin maktab direktori alohida himoyaga olinmas ekan, unga nisbatan har xil asossiz bo‘htonlar o‘ylab topilishi hech gap emas. Bundan tashqari, bu opaga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudyaning masalasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan, albatta, ko‘rib chiqilishi kerak.
Gap bu yerda sudyaning mustaqilligi haqida ketyapti. Katta ehtimol bilan maktab direktoriga nisbatan qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudya hokimlik bosimi ostida mustaqil harakat qilmagan bo‘lishi mumkin. Hatto prezident sudyalarning mustaqilligi borasida qatʼiy talablar qo‘yayotgan bir vaqtda, buni istamayotgan va bunga loyiq bo‘la olmayotgan sudyalarga tizimda umuman o‘rin yo‘q. Bu voqea taʼlim tashkilotlari faoliyatiga hokimlarning asossiz aralashuviga zudlik bilan barham berilishini talab etmoqda”, — deb yozgan mutaxassis.
Jurnalist Ibrat Safo Facebook’dagi sahifasida masʼullarga bir necha savollar bilan murojaat qildi.
“Surxondaryo hokimiga o‘qituvchini ishdan bo‘shatgani va qamatgani uchun chora ko‘riladimi? Hokimning buyrug‘i asosida jinoiy ish ochgan tergovchilar va qamash hukmini chiqargan sudyaga chora ko‘riladimi? O‘qituvchi ayol daʼvolarida maktabga tegishli yerni sotgan “Boboyev” tergov qilinadimi?”, — jurnalist shu singari savollarni bergan.
Umuman olganda, hokimning maktab direktoriga nisbatan qilgan qo‘polligi ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar faollari eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, Umida Tursunovani qamatgani noroziliklarni ko‘paytirdi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning aralashuvi bilan hozirda maktab direktori ozodlikda ekani aytilmoqda. Buxoro safarida bo‘lub turgan vazir, shaxsan o‘zi Tursunovaga qo‘ng‘iroq qilib, gaplashgani aks etgan video tarqaldi. Suhbatda o‘qituvchi: “Ertaga nima bo‘larkin, tinch qo‘yisharmikin, deb o‘ylayapman?”, — deb aytgan. Vazir hammasi yaxshi bo‘lishi, pedagoglar ortida davlat rahbari turganini bir necha bor taʼkidlagan.
редуктор шестерня Зубофрезер
Prezidentimiz omon bõsin. Bu hokim buvani uchirvorsa kerak endi