Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Umri davomida hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa-da, Dubayga sayohat qilishni orzu qilmagan inson topilmasa kerak. Osmono‘par binolar, rivojlangan shahar, issiq quyosh tafti va jozibali dengiz sohillarini bir so‘z bilan ta’riflash qiyin. Uni faqat ko‘rish va zavqlanish kerak xolos. “Daryo.uz” jurnalisti Nargiza Murodova Dubay bo‘ylab o‘tkazilgan press-turda ishtirok etib, shaharning turizm salohiyati bilan tanishdi.

Foto: Visit Dubai

Shubhasiz, sayohatdan olgan taassurotlarim olam jahon. Keling, kaminani hayratlantirgan Dubay taassurotlarini siz bilan bo‘lishaman.

Dubayning muvaffaqiyat siri nimada?

Foto: Visit Dubai

Hozirgi kunda kelajak shahri deya e’tirof etiladigan Dubayning paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Agar uni boshqa rivojlangan shaharlar bilan solishtirsak, birdaniga paydo bo‘lib qolgan megapolisga o‘xshaydi. Dubayni kelajak shahri deb atashlari bejiz emas. Uning rivojlanish sur’ati shunchalik yuqoriki, atigi 50 yil ichida Dubay kichik port shahridan butun dunyoga mashhur bo‘lgan ma’rifatli shaharga aylana oldi.

Nega sayyohlar Dubayga intilishadi?

Buning sabablari bisyor. Chunki aeroportdan tortib to dam olish manzillariga qadar sayyohlar uchun qulaylik yaratilgan. Keling, bu qulayliklarning ayrimlari haqida to‘xtalaman.

Foto: Visit Dubai

BAAga parvozlar soni ortib bormoqda. Masalan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” har kuni Toshkentdan Dubayga, shuningdek, Samarqand va Farg‘onadan qatnovlarni amalga oshiradi. Siz shu yilning sentyabr oyidan boshlab, Dubayga Toshkent va Namangandan har kuni parvoz qiladigan FlyDubai bilan uchishingiz mumkin.

Foto: Visit Dubai

Dubayga sayohatni rejalashtirish endi osonlashdi. Ota-onalari bilan sayohat qilgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar endi bepul turistik viza olishlari mumkin.

Foto: Visit Dubai

Aeroportdan tushishingiz bilan sizga bepul sayyohlik SIM-kartasi taqdim etiladi. Bunday qulaylik sayyohlarning vaqtini ancha tejaydi.

Foto: Visit Dubai

Dubay shahri to‘liq Wi-Fi tizimiga ulangan. Savdo markazi, metro, park yoki cho‘milish havzasiga borsangiz ham bemalol bepul internetdan foydalanishingiz mumkin. Faqatgina unga ulanish uchun ism-familiyangiz, telefon raqamingiz va shaharga qanday maqsadda tashrif buyurganingizni yozib o‘tsangiz kifoya.

Foto: Visit Dubai

Shahar nihoyatda ozoda. Mamlakatda plastik idishlar ishlab chiqarishga jiddiy cheklov qo‘yilgan. Restoran va tamaddixonalarda bunday idishlarga solingan ichimliklarni deyarli uchratmaysiz. Aholining plastik idishlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, ko‘plab hududlarda bepul ichimlik suvi tarqatiladi. Shu bois, aholining ko‘p qatlami ko‘p marta foydalaniladigan suv idishlarini o‘zi bilan olib yuradi. U hududlarga o‘rnatilgan maxsus apparatlardan toza ichimlik suvini issiq, sovuq yoki gazli holatda bepul olishi mumkin.

Foto: Visit Dubai

Bundan tashqari, Dubay eng xavfsiz shahar sifatida tan olinadi.

Foto: Visit Dubai

Yuqoridagi ma’lumotlarni o‘qib, “Albatta, Dubayga boraman” deb niyat qilgan bo‘lsangiz ajab emas. Sayohat qilishdan avval, aniq reja tuzib olish kerak. Qayerga borasiz, u yerning narx-navosi va chiptalar qancha muddat avval band qilinishi kerak. Chunki avvaldan band qilingan chipta narxi, shoshilinchda olinganidan bir necha bor arzonroq bo‘ladi.

 Burj-Halifa — eng baland bino

Foto: Visit Dubai

U dunyodagi eng baland bino hisoblanib, 2009-yilda barpo etilgan. 828 metrga teng bo‘lgan binoning qurilish ishlari naqd 6 yil davom etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 6 yillik qurilish ishlariga har kuni 12 ming quruvchi jalb etilgan. O‘ziga xos arxitektura va dizaynda qurilgan inshoot 163 qavatdan iborat. Uni 80 km uzoqlikda turib ham bemalol ko‘rish mumkin. Arxitektorlar fikricha, u shunchaki bino emas, balki shahar ichidagi shaharcha hisoblanadi. Chunki uning ichida mehmonxonalar, zamonaviy ofislar, restoranlar va tomosha maydonlari ham bor.

Foto: Visit Dubai

Eng baland osmono‘par bino yonida ko‘plab do‘kon va restoranlarga ega Dubai Mall shahardagi eng mashhur savdo markazlaridan biri, shuningdek, Dubayning o‘ziga xos belgisi bo‘lgan mashhur musiqali favvorasi, shuningdek, Dubay akvariumi va suv osti hayvonot bog‘i joylashgan.

Museum of The Future — kelajak muzeyi

Foto: Visit Dubai

Uning tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, shu bois sayyohlarning qiziqishi juda yuqori. Noodatiy dizayndagi kelajak muzeyining balandligi 77 metrni tashkil etadi. Tashrif buyuruvchilar zamonaviy texnologiyalar yordamida 2071-yilga sayohat qilishlari va kelajakda yaratilishi mumkin bo‘lgan texnik yangiliklar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.

Foto: Visit Dubai

Bundan tashqari, “DNK kutubxonasi” deb nomlangan bo‘lim mavjud bo‘lib, unda siz sayyoramiz flora va faunasi, shuningdek, yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan hayvonlar va o‘simliklar va kelajakdagi texnologiyalar ularni saqlab qolishga qanday yordam berishi haqida ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin.

Foto: Visit Dubai

Bu shunchaki muzey emas, balki ixtirochi, olim va tadqiqotchilarning loyihalarini ham qo‘llab-quvvatlaydigan maskan hisoblanadi. Kelajak muzeyi butun dunyoda muhandislik mo‘jizasi sifatida ko‘rila boshlandi. National Geographic jurnali uni dunyodagi eng go‘zal 14 muzey ro‘yxatiga kiritgan. Loyiha bosh muhandisi Shon Killaning so‘zlariga ko‘ra, binoning o‘ziga xos elliptik shakli Dubayning kelajak haqidagi tasavvurini ifodalaydi.

Etihad muzeyi

Foto: Visit Dubai

Bu mamlakat tarixi va uning shakllanishining asosiy joyi haqida hikoya qiluvchi muhim muzey hisoblanadi. Aynan shu yerda 1970-yilda o‘sha yillardagi amirliklar rahbarlari o‘rtasida Birlashgan Arab Amirliklari davlatiga asos solgan shartnoma imzolandi. Shuning uchun uni “Etihad” deb atashgan, ya’ni arabcha “birlashtirish” ma’nosini bildiradi.

Foto: Etihadmuseum.dubaiculture.gov.ae

Muzeyda tarixiy xronologiya, fotosuratlar, artefaktlar va ajoyib filmlar bilan ko'plab interaktiv eksponatlar mavjud.

Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum madaniyat markazi

Foto: Cultures.ae

Madaniyat markazi Al-Fahidi tumanida joylashgan. Bu yerda siz haqiqiy arab yelkanli qayiqlarini va shamol tegirmonlarini ko‘rishingiz mumkin.

Foto: Cultures.ae

Madaniyat markazida mehmonlarga Dubay xalqining madaniyati va urf-odatlari haqida so‘zlab beriladi, shuningdek, milliy taomlar va kofe ichish an’analari bilan tanishtiriladi. Darhaqiqat, Sharqda har qanday madaniy aloqa dasturxon atrofidagi suhbatdan boshlanadi.

La Perle by Dragone akva shousi

Foto: Visit Dubai

Mehmonxona ichida joylashgan teatr dunyodagi eng yetakchi tomoshagohlardan biri hisoblanadi. Uni ko‘rish uchun har yili millionlab tomoshabinlar tashrif buyurishadi. Agar Dubayga kelib, unga tashrif buyurmasangiz, sayohatingizdagi eng yorqin xotiralar soni to‘liq bo‘lmasligi aniq. Xullas, biz La Perle by Dragone spektaklini tomosha qilish uchun bordik. Sahnadagi katta basseyn, murakkab tryuklar, rang-barang raqslar, eng zamonaviy monitor xullas hammasi o‘zgacha. Uni teatr, myuzikl yoki konsert deb bo‘lmaydi. Chunki unda bir nechta san’at turlari jamlangan. Basseyn suvining birdan toshishi va bir harakat bilan sahnaning qurishi har qanday tomoshabinni hayratlantirishi aniq.

Foto: Visit Dubai

Tomosha dunyoga mashhur rejissor Franko Dragone tomonidan sahnalashtirgan va unda 65 ta turli millatga mansub iqtidorli aktyorlar ishtirok etishadi.

Aquaventure akvaparki va The Lost Chambers akvariumi

Foto: Visit Dubai

Dubayning diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib, u 2008-yilda Atlantis The Palm kurortida barpo etilgan. Kompleks tarkibiga dunyodagi eng yirik Aquaventure akvaparki kiradi. U yerda 27,5 metr uzunlikdagi shaffof trubka bo‘ylab, ekstremal hordiq chiqarishingiz mumkin. Akvaparkda jami 105 ta attraksion mavjud, faqat ularning ko‘pchiligida uchish uchun bolaning bo‘yi 120 santimetr bo‘lishi kerak.

Foto: Visit Dubai

Suvda hordiq chiqarib, The Lost Chambers akvariumi yonidagi kurort hududida joylashgan Wavehouse restoranida tushlik yoki kechki ovqat qilishingiz mumkin. The Lost Chambers akvariumida siz turli xil dengiz jonivorlarini ko‘rishingiz mumkin. Masalan, u yerda dengiz otlaridan tortib ulkan moray baliqlarigacha bor.

IMG Worlds of Adventure bog‘i

Foto: “Visit Dubai”

Iqlim sharoitiga ko‘ra, shaharning ko‘pgina bog‘lari yopiq hududlarda joylashgan. Attraksionlarning ko‘pligi bo‘yicha, IMG Worlds of Adventure nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham yoqadi.

Foto: Visit Dubai

Bundan tashqari, bu yerda turli xil xalqaro oshxonalar restoranlari mavjud.

The Green Planet Dubaiy tropik o‘rmoni

Foto: Visit Dubai

Dubay markazidagi tropik o‘rmon bo‘lib, 4 qavatli binoda 3000 turdagi o‘simlik va hayvonlar yonma-yon yashaydi. Sayohat eng yuqori qavatdan boshlanadi. “Biodom” markazida ulkan daraxt bor, bundan tashqari, gullar, ekzotik va manzarali butalar ham o‘sadi. Hayvonlar va qushlar bino atrofida bemalol sayr qilishlari, tashrif buyuruvchilar o‘zlarini o‘rmonda yurgandek his qilishlariga yordam beradi.

Foto: Visit Dubai

Agar ko‘rshapalaklar va ilonlar ba’zi odamlarni qo‘rqitsa (qo‘rqmanglar, ular maxsus xonalarda yashaydilar), uchib yuradigan to‘tiqushlar faqat zavq bag‘ishlaydi. Qushlar hatto mehmonlarning yelkalariga ham o‘tirishlari mumkin. Bino shunday qurilganki, yuqoridan pastga tushayotganda charchoqni his qilmaysiz.

Mehmonxonalar sifati va narx-navosi qanday?

Foto: Visit Dubai

Sayohatning ko‘ngildagidek o‘tishi ko‘p jihatdan mehmonxonaga ham bog‘liq. Dubay eng hashamdor va sifatli xizmat ko‘rsatuvchi mehmonxonalari bilan mashhur. Har yili ko‘plab xorij investorlari mehmonxona investitsiya bo‘yicha takliflarini bildirishadi.

Olti kunlik sayohatimiz davomida JA Ocean View Hotel va JA Lake View Hotel mehmonxonalarida bo‘ldik. Albatta, ulardagi xizmat sifati va narx-navosi sizni qiziqtirishi aniq.

JA Ocean View Hotel — Dubay markazidagi hashamatli besh yulduzli mehmonxonalardan biri. 25 qavatdan iborat mehmonxona orqali Fors ko‘rfazini yaqindan ko‘rish mumkin. Dam oluvchilarda mehmonxonaning katta hovuzidan tashqari, qirg‘oqqa borib cho‘milish imkoniyati ham bor.

Foto: Jaresortshotels.com

Mehmonxona sifati a’lo darajada, xizmatchilar ham dam oluvchilarda yaxshi taassurot qoldirishga harakat qilishadi. Mehmonxonada 5 ta restoran va barlar xizmat ko‘rsatadi. Nonushta, tushlik va kechki ovqatni shohona o‘tkazishingiz, eng sara taomlarni yeb huzur qilishingiz mumkin. Masalan, tushlik uchun Motorino da mazali pitssa yoki Le Rivage bufet kechki ovqat uchun boring.

Foto: Jaresortshotels.com

JA Lake View Hotel — Jebel Ali hududidagi besh yulduzli mehmonxona bo‘lib, yashil bog‘ va golf maydonlari bilan o‘ralgan.

Foto: “Jaresortshotels.com”

Mehmonxona JA The Resort mehmonxona majmuasining bir qismi bo‘lib, u JA Beach Hotel va JA Palm Tree Courtandni ham o‘z ichiga oladi. U yerda 25 ta restoran va bar, ko‘plab basseynlar, ot sporti markazi va kurort ham bor. Ayniqsa, bolalar, Just Splash suv havzasidan zavqlanishadi, kattalar esa golf maydonida vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari mumkin. Xizmat a’lo darajada. Bir xonaning narxi bir kecha uchun 100-120 dollardan boshlanadi va mavsumga qarab farq qilishi mumkin.

Dubay yaqinidagi Yevropaning “yuragi”

“Yevropaning yuragi” orol majmuasi Fors ko‘rfazida, Dubay qirg‘og‘idan to‘rt kilometr uzoqlikda joylashgan. U oltita tabiiy oroldan iborat bo‘lib, ularning aksariyati Jahon orollari arxipelagida joylashgan.

Foto: Thoe.ru

“Yevropaning yuragi” birinchi kurorti – Cote d’Azur Monaco sinov rejimida mehmonlarni qabul qilmoqda. 198 xonali mehmonxona 18 yoshdan kattalar uchun mo‘ljallangan. Ayni paytda uning asosiy diqqatga sazovor joyi — “Yomg‘irli ko‘cha” hisoblanadi.

Foto: Thoe.ru

Kelajakda qor yog‘ishi ham mumkin. Mehmonxonaning rasmiy ochilishi shu yilning kuzida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Dubayning mazali oshxonalari…

Bu haqida ham so‘z ochmasak bo‘lmaydi. Bu yerda dunyo taomlarining barcha turlarini uchratish mumkin. Menyu rang-barang xohishga qarab turli millat oshxonalaridan tamaddi qilish imkoniyati bor. A’lo xizmat ko‘rsatish va mazali menyu sabab bu yil Dubai Guide “MICHELIN” ikkinchi nashrida uchta yangi restoranga bitta Mishel yulduzi topshirildi. Bundan tashqari, 17 ta restoran Bib Gourmand mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Foto: “Visit Dubai”

Sayyohlarning ko‘pchiligi W Dubai mehmonxonasida joylashgan Ginger Moon restoraniga qiziqishadi. Boisi, ochiq panoramali terassa va yoritkichli basseyn shaharning ajoyib manzaralarini o‘zgacha shaklda ko‘rsatadi. Restoran menyusida sirlangan qo‘zichoq qovurg‘alari, sitrus mevalari bilan sashimi, kalmar va qarsildoq non va boshqa pan-Osiyo taomlari bor.

Foto: Instagram / @gingermoondxb 

Restoran faqat kattalar uchun ishlaydi, bu bolalarsiz tashrif buyurish kerakligini anglatadi.

Dubayga qaysi mavsumda borgan ma’qul?

Dubay bo‘ylab sayohatni yil bo‘yi amalga oshirishingiz mumkin. Chunki hamisha bu yerda sayyohlarning e’tiborini tortadigan jihatlar bor. Agar yoz oyida borsangiz, mehmonxonadan tortib, muzey chiptalarining narxlarigacha chegirmada xarid qilishingiz mumkin.

Yozgi Dubay barcha yoshdagilar uchun o‘yin-kulgilarni taklif etadi, jumladan, 3-sentabrgacha davom etadigan mashhur Dubai Summer Surprises xarid qilish festivali, shuningdek, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalari bor oilalar uchun Kids Go Free uchun maxsus chegirma dasturi mavjud.

Foto: Visit Dubai

Odatda ayrim davlatlar faqatgina bir jihati bilan sayyohlar e’tiborini tortadi. Dubayda esa bunday chegara yo‘q. Sohilga borib cho‘milish, osmono‘par binolarga chiqib shaharni tomosha qilish, sahroda ekstremal poygalar uyushtirish yoki tuya ustida sayr qilish mumkin. Buning uchun faqatgina xohish va yetarli mablag‘ingiz bo‘lsa kifoya.

Jurnalist Nargiza Murodova

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »