Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda mavjud gaz konlarida jami 1,8 trillion kub metr gaz zaxiralari bor. Bu haqda “O‘zlitineftgaz” AJ raisi Ulug‘bek Nazarov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda maʼlum qildi.

Foto: “O‘zbekneftgaz”

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar jamiyat tasarrufidagi Modellashtirish markazi va Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati, “O‘zlitineftgaz” AJ faoliyati bilan tanishtirildi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

“Gazimiz hali ko‘p”

“O‘zbekneftgaz” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonovning aytishicha, respublikada gaz qazib olish kamaygani yo‘q.

Behzod Usmonov
Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda 287 ta gaz konlari bo‘lib, shundan 123 tasi bizning jamiyat tasarrufida. Kompaniyamizda 37 ming nafar xodim ishlaydi. “O‘zbekneftgaz” monopol emas. “Lukoyl”, Epsilon kabi kompaniyalar ham gaz ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, “Sanoat energetika guruhi” ham gaz bilan shug‘ullanyapti. O‘zbekistonda hali ko‘p gaz bor.

Hozir ishlab chiqarilgan gaz yetishmasligi xalqimizning soni oshayotgani bilan bog‘liq. Odamlar ham ko‘paymoqda, ishlab chiqarish quvvatlari ham oshmoqda. Yaʼni energetikaga talab juda yuqori. Gaz qazib olish hajmi kamaygani yo‘q. To‘g‘ri, asosiy va eng yirik konlarimizda ishlab chiqarish pasaymoqda. Buni oldini olish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Xususan, yangi konlar, quduqlarni burg‘ilash ishlari olib borilyapti. Bu yil ham bir nechta yangi konlar ochilishi rejalashtirilgan, — dedi rais o‘rinbosari.

Modellashtirish markazi

Press-turda jurnalistlar dastlab Modellashtirish markazi faoliyati bilan tanishtirildi. Markaz bo‘lim boshlig‘i Anvar Murodov loyiha qiymati 6,5 million dollarga baholanganini taʼkidladi.

Anvar Murodov
Foto: “Daryo”
Markaz maʼlumotlarni raqamlashtirish va kompaniyamiz tarkibidagi konlarni geologik, gidronomik, integral, tarmoq modellarini tuzish bilan shug‘ullanadi. Bu yerdan turib konlarning 2,5­­–3 ming metr chuqurlikdagi tuzilishini raqamli shaklda ko‘rish, ularda qancha gaz zaxiralari borligi, hozirgacha qancha hajmda gaz qazib olingani haqidagi maʼlumotlarni kuzatish mumkin. Bu konlar ustida ishlash va ular to‘g‘risidagi maʼlumotlarni olishni juda osonlashtiradi, — dedi mutaxassis.
Foto: “O‘zbekneftgaz”

Eng ko‘p gaz qazilayotgan hududlar

Anvar Murodov bergan maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda asosiy neft-gaz konlari 5 ta hududda joylashgan.

“Birinchisi, Farg‘ona viloyatida. Keyingilari Surxondaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda. Hozirda eng yosh va istiqbolli konlar Ustyurtda”, — dedi u.

Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamenti boshlig‘i Jamshidbek Abduqayumovning qo‘shimcha qilishicha, hozirda “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarishning asosiy hajmi Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtan” va “Muborak” konlaridan olinadi.

Jamshidbek Abduqayumov
Foto: “Daryo”
Bundan tashqari, Buxoroda “Gazli”, Qoraqalpog‘istonda “Ustyurt” konlaridan ham katta miqdorda gaz qazib olinadi. Farg‘onada esa eng kam gaz qaziladi. Joriy yil uchun “O‘zbekneftgaz”ga 32,2 milliard kub metr gaz qazib olish vazifasi yuklatilgan, — dedi u.

Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati

Press-tur davomida Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamenti faoliyati haqida ham suhbatlashildi. Jamshidbek Abduqayumovning aytishicha, departamentning vazifalari modellashtirish markazidan ancha farqli.

Foto: “O‘zbekneftgaz”
Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati yerning ustki qismida jihozlarni konlardan qazib chiqarilayotgan gaz, uni qayta ishlash va isteʼmolchilarga yetkazish jarayonlarini boshqaradi. Biz shu yerdan turib konlarning qayerini burg‘ilash, qaysi qismidan gaz qazilishini nazorat qilamiz. Modellashtirish markazida esa asosan yerning tagi, geologik qismi o‘rganiladi, — dedi mutaxassis.

O‘zbekiston gaz zaxiralari necha yilga yetadi?

Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili “O‘zlitineftgaz” aksiyadorlik jamiyati bo‘ldi. Jamiyat raisi Ulug‘bek Nazarov jurnalistlarni qiziqtirgan qator savollarga javob berdi.

Foto: “O‘zbekneftgaz”

Xususan, “Daryo” muxbirining mamlakat gaz zaxiralari qanchaligi haqidagi savoliga javoban, “barcha konlardagi gaz zaxiralarining umumiy hajmi 1,8 trillion kub metr”, dedi Ulug‘bek Nazarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jami zaxiralarning 50 foizi — 900 milliard kub metri “O‘zbekneftgaz” konlaridagi gaz zaxiralari hisoblanadi.

Ulug‘bek Nazarov
Foto: “Daryo”
“Bizda yangi, 50 foizgacha va 50 foizdan ko‘p zaxiralari olingan konlar mavjud. Asosiy zaxiralar 50 foizdan ko‘p gaz qazib olingan konlarda yotipdi. Masalan, “Lukoyl” konlaridagi zaxiralarning 30 foizi olingan. Shuning uchun ularda mahsuldorlik barqaror. Bizlarning asosiy konlarimizda esa 50–70 foizdan ko‘p zaxiralar olingan. Shuning uchun mahsuldorlikka qarab turishimiz kerak. Yerni tagida nima bo‘layotganini juda chuqur o‘rganish lozim. Konlarimizda juda ham murakkab ishlarni olib borishimiz zarur. Hozirda ochilayotgan yangi konlarning zaxiralari kichik”, —dedi “O‘zlitineftgaz” AJ rahbari.

Ulug‘bek Nazarovning taʼkidlashicha, hozirda konlarda 3-4 ming metr, hatto Ustyurtdagi konda gaz qazib olish uchun 6 kilometrgacha quduq qazilmoqda.

Foto: “O‘zbekneftgaz”
“Bu birinchi marta bo‘lmoqda. Buxoro va Qashqadaryoda 80 foiz konlar topilgan. U yerlarda gaz konlarining 20 foizi qolgan va ular kichik-kichik konlar”, — dedi u.

“Daryo” muxbirining “Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yilda mamlakatda 53,8 milliard kub metr, 2022-yilda  51,6 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan, agar yiliga 50 milliard kub metrdan ko‘p gaz qazilsa, 35–40 yilda gaz zaxiralari tugab qolishi mumkinmi?” degan savoliga, “bunday deyish noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki yangi konlar ochilyapti, ularda ham yangi zaxiralar paydo bo‘lmoqda”, deya javob qaytardi Ulug‘bek Nazarov.

Uning aytishicha, barcha davlatlar ham neft va gaz zaxiralarining hisobini yuritadi. Xususan, Rossiyaning gaz zaxiralari O‘zbekistonnikidan ancha ko‘p.

Masalan, Rossiya ham nefti 30 yilga, gaz zaxiralari 50 yilga yetishini hisoblagan. Gaz zaxirasi biznikidan 10 baravar ko‘p, yaʼni 18 trillion kub metr. Yillik qazib olishi ham 10 baravar yuqori —560 milliard kub metr, —  dedi korxona rahbari.
Foto: “O‘zbekneftgaz”

“E­­-kon” loyihasi

O‘zbekistonda 50-80-yillarda ochilgan konlar zaxirasi kamaymoqda. Oldinda ularning mahsuldorligini oshirish masalasi turibdi. Mutaxassislar bunda raqamlashtirish katta yordam berishini aytyapti. Ulug‘bek Nazarovning taʼkidlashicha, hozirda gaz qazib olishda samaradorlikni oshirish uchun “E­­-kon” loyihasi ishlab chiqilgan.

Foto: “Daryo”

“Bizning tashkilot energetikani ilmiy tekshirish va loyihalashtirish instituti hisoblanadi. Neft va gaz salohiyatini oshirish strategiyasini biz chiqaramiz. O‘sha strategiyalarni amalga oshirish uchun ilmiy tadqiqot ishlarini olib boramiz. “E­-kon” bu, konlarni raqamlashtirish degani. Bu orqali biz ularni optimal ishlatish vazifalarini bajaramiz. “E-kon” hamma konlarni bitta tizimda ko‘rsatadigan mexanizm bo‘ladi. Bu tizim butun O‘zbekistonga jalb qilinsa, gaz ishlab chiqarish jarayonini texnik tartibga solish mumkin. Oldin konlarni ko‘rib qancha mahsuldorligi borligini bilardik. Ammo quduqning o‘zini ko‘ra bilmasdik. Bu dastur orqali quduqlarda har 5 daqiqada nima bo‘layotganini onlayn ravishda ko‘rib turibmiz. Laboratoriya orqali zaxirada qancha neft va gaz borligini aniqlaymiz. Ayni paytda “O‘zbekneftgaz”ga qarashli konlarda 1 500 ta quduqlar mavjud. Ularning barchasi modellashtirilgan”, — dedi mutaxassis.

Izoh

Lutfillo 0010

17.08.2023, 15:46

Bu fikrga qoʼshilmayman chunki bu hozirgi kunda internet olamidagi saytlar yoki ilovalar youtube instagram telegram facebook tarmoqlarida keng tarqalgan muammo emas.Hozirgi kunda eng achinarli holat ayrim bloger vayner va yana shunga oʻxshash jinni ketti nomli aqli past yoshlarni qiliqlari bexayoligi va unga qonunchilikning beparvolarcha millatni tubanlikka choʻkib borishini kuzatib turish boʻlayapdi halos.Bu bemanigarchilikda yoshlar na davlat boshligʻi na qonunchilik organlarini xurmat qilishmasligi saylov jarayonlarida yaqqol koʻrindi.Buni hammamiz koʻrdik va befarqlarcha oʻtib ketdik.Prizidentni masxara qilishdi Ilmli yoshlar kerak maʼnosida aytilgan "Diplom kerak emas mutlaqo kerak emas"jumlasini hohlagancha aylantirishdi.Achinarli holat emasmi bu millatni yurt boshiga boʻlgan hurmatini eʼtiborini pasayishiga olib keladiku bu axir.Taklifim shuki internet saytlarida ijtimoiy tarmoqlarda rasm video ovozli materiallarga maʼlum bir aniq chegarani belgilashimiz kerak va undan chetga chiqqan hollarda qonun doirasida qatiy chora koʻrishimiz kerak.U material qaysi mavzuda boʻlmasin oʻz chegarasiga ega boʻlishi kerak.Koʻp xotinlik haqida fikrim shuki bunda ham qonuni ustuvor qoʻyib yashirincha nikohlarni oʻrniga qonuniy 2 nikohga yoʻl ochib berish kerak.Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas chunki bu din ruhsat bergan masala hisoblanadi.Lekin buni suisteʼmol qiladiganlar ham yoʻq emas.Shuning uchun davlat ichki ishlarini aholi farovonligi tinchligi yoʻlida ham dunyoviy ham diniy oʻlchovlarni hisobga olgan holda normaga solib turishi kerak.Qonun ustuvor boʻlishi kerak bir soʻz bilan aytganda.

Элмурод Худойбердиев

15.08.2023, 23:30

35 йилга йетади биз кумир йоксак мен шахар типида яшайман газлаштирилган 2 xojalik yashagan uyni bir tomonimi sotib oldim keyin gaz uchuchik sotib oldim jontagimdan endi sharynoma yoq ekan 5 mil bersam xal bolarkan yoki xamma gaz yoqadigan shaxarda men komir yoqishim kerak mana osha 35 yilga yetadigan gaz

Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »