Tilimizni bilamizmi: qarich, quloch, chaqirim – qadimgi o‘lchov birliklari bugungi o‘lchovda nimaga teng?
Badiiy asarlarda sharqona o‘lchov birliklariga duch kelamiz. Ularning ayrimlari bugungi tilimizda ham saqlangan. Xo‘sh, ular nimani anglatadi? “Daryo” kolumnisti Orif Tolib o‘tmishda yurtimiz hududlarida qo‘llangan uzunlik va yuza o‘lchov birliklari haqida so‘z yuritadi.
Bir qarich necha santimetr?
Albatta, har kimning qarichi har xil. Lekin qarich deyilganda muayyan uzunlik tushuniladi.
“Qiziqarli bilimlar olamida” kitobida yozilishicha, barmoqlarning turli xil vaziyatdagi holatiga ko‘ra uzunlik o‘lchovlari sifatida qarich, suyam, sarali, tutam, enlik kabi so‘zlar ishlatilgan.
Masalan, qarich bosh barmoq bilan jimjiloqning, suyan bosh barmoq bilan ko‘rsatkich barmoqning, sarali esa ko‘rsatgich barmoq bilan jimjiloqning yopiq holatdagi oralig‘ini bildirgan. Bir barmoq eniga teng uzunlik o‘lchovi enlik deyilgan.
Hozirgi tilda bu so‘zlardan asosan qarich, tutam va enlik qo‘llanadi.
Demak:
1 qarich – bosh barmoq bilan jimjiloqning yoyilgan holatdagi uzunligiga teng, ya’ni 19–20 santimetr.
1 tutam – 9 santimetr: arqon yoki tayoqni siqib ushlagan qo‘l, to‘rtta barmoqning kengligiga mos uzunlik birligi.
1 enlik – bir barmoq eniga teng: 18–20 millimetr.
Gaz bir metrga tengmi?
Gaz metrik sistema qabul qilingunga qadar ming yillar davomida amalda bo‘lgan o‘lchov birligidir. Gaz so‘zi forschadan o‘zlashgan. Asliyatda taxminan 105 santimetrga teng uzunlik o‘lchovi va shu uzunlikdagi cho‘pni anglatgan. Lekin hozirgi O‘zbekiston hududlarida 0,71 metrga teng bo‘lgan. U arshin deb ham atalgan.
Milliy ensiklopediyaga ko‘ra, gaz 3 xil usulda aniqlangan. Shunga ko‘ra, u bildiradigan uzunlik ham turlicha bo‘lgan. Qayerda va nima uchun ishlatilishiga qarab ham qiymati o‘zgargan. Masalan, Xorazmda gaz ikki xil o‘lchovga ega bo‘lgan: yer o‘lchash uchun, mato o‘lchash uchun. Yer gazi 49 barmoq uzunligiga teng bo‘lgan bo‘lsa, mato gazi 28 barmoq uzunligini bildirgan. Hozirgi hisobda yer gazi o‘rtacha 1 metrga, mato gazi esa 58 santimetrga teng.
Bir quloch qanchaga teng?
Mahmud Koshg‘ariy “Devon-u lug‘otit turk” asarida qulach so‘zi qo‘l va och so‘zlaridan hosil bo‘lgani, qo‘lni och, qulochni yoz ma’nosiga ega ekanini yozadi. Quloch bu davrda ham o‘lchov birligini anglatgan.
“Qiziqarli bilimlar olamida” kitobida yozilishicha, qulach so‘zi tojik tiliga quloch shaklida, afg‘on tiliga esa chulach tarzida o‘tgan bo‘lib, u taxminan 165–175 santimetrga teng bo‘lgan. 8 qarich bir quloch hisoblangan.
Quloch qiymati hududlarga qarab turlicha bo‘lgan. Masalan, bir quloch Buxoroda 142 santimetr, Farg‘onada 167 santimetr deb olingan.
Izohli lug‘atga ko‘ra, quloch yelka balandligida kerilgan har ikki qo‘lning o‘rta barmoq uchlari orasidagi masofaga teng.
Demak, bir quloch o‘rtacha 140–170 santimetr yoki 1,5 metr atrofidagi o‘lchov birligidir.
Sarjin duradgorlar atamasimi?
Bu so‘zga badiiy asarlarda duch kelgan odam u asosan yog‘och va o‘tin bilan bog‘liq o‘rinlarda qo‘llanganini ko‘radi. Biroq sarjin atamasidan faqat duradgor yoki o‘tinchilar foydalanmagan. Bu so‘z ruscha sajen so‘zining o‘zgargan shakli. Sajen esa slavyancha sag – qadam, odim, yetmoq, yetib bormoq so‘zidan hosil bo‘lgan. U uch gazga teng uzunlik o‘lchovini bildirgan. Hozirgi hisobda 2,13 metr.
Milliy ensiklopediyaga ko‘ra, sarjin 1918-yili xalqaro metrik o‘lchovlar tizimi kiritilgunga qadar ishlatilgan. U hajm o‘lchovi uchun ham qo‘llangan. Masalan, bo‘yi uch gaz, eni 0,6–0,75 gaz, balandligi bir yarim gaz qilib terilgan o‘tin yoki urilgan paxsa bir sarjinga teng bo‘lgan.
Bugun sarjin so‘zi iste’moldan butkul chiqib ketdi. Biroq ellik yil oldin yozilgan badiiy asarlarda ham sarjin so‘ziga duch kelish mumkin:
O‘n-o‘n besh sarjincha pastda hayqirib suv oqmoqda. (D. Nuriy, “Osmon ustuni”).
Tanob nega tortiladi?
Tanobini tortib qo‘ydi, tanobingni tortaman kabi iboralar qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak-a? Xo‘sh, tanob nima? U nima uchun tortiladi?
Tanob – eski o‘lchov birligi. U uzunlik va maydonni o‘lchashda ishlatilgan. Milliy ensiklopediyaga ko‘ra, O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududida XVII asrda 39,9 metrga teng uzunlik o‘lchov birligi sifatida qo‘llangan. Tanobdan yuza o‘lchov birligi sifatida ham foydalanilgan. O‘rta Osiyo xonliklarida u tomonlari 60 gazdan iborat maydonga teng bo‘lgan. Hozirgi hisobda 900 kvadrat metrga teng ekin maydoni 1 tanob sanalgan. 12 tanob 1 gektar bo‘lgan.
Shoir Muqimiy qalamiga mansub “Tanobchilar” satirasida aynan ana shu maydon o‘lchovi – tanob nazarda tutilgan. Unda odamlarning yerini o‘lchab, soliq hisoblovchi tanobchilarning jabr-zulmi, poraxo‘rligi, bugungi til bilan aytganda “mansabini suiiste’mol qilishi” tasvirlangan. Shoir asar qahramonlari tilidan shunday deydi:
Manki tanobingg‘a chiqibman kelib,
Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.
O‘t qo‘yubon kuyduradurg‘on o‘zim,
Hokiming-u o‘lduradurg‘on o‘zim.
Tanobini tortmoq iborasi xuddi shu asosda paydo bo‘lgan. Amaldorlar o‘zi yoqtirmagan yoki qasd qilgan kishiga tegishli yerning tanobini oshirib yoki kamaytirib, unga ta’zir bergan. Keyinchalik bu holat iboraga aylanib, ma’nosi o‘zgarib ketgan va bo‘lmag‘ur, nomaqbul ish-harakatga chek qo‘yish, shunday xatti-harakatdan tiyib qo‘yish ma’nosida qo‘llana boshlagan:
Xo‘jaliklarning badaniga zulukday yopishib olgan mana shunaqa odamlarning tanobini tortish kerak. (A. Qahhor, “Qo‘shchinor chiroqlari”).
Bir chaqirim bir kilometrmi?
Chaqirim turkiy so‘z, chaqirmoq fe’lidan yasalgan. Albatta, bunda yon-atrofning tinch-osudaligi ham ahamiyatga ega. Hozir shahar sharoitida ovozingiz besh yuz metrga ham yetib bormasligi mumkin. Chaqirim ochiq dala sharoitida kishining tovushini ikkinchi sherigi eshita olishi mumkin bo‘lgan masofadir.
Chaqirim katta masofalarni o‘lchash uchun O‘rta Osiyoda qadimdan qo‘llab kelingan. Milliy ensiklopediyada yozilishicha, qiymati 1 200 qadamga teng. Agar bir qadam o‘rtacha 0,75 metr ekani hisobga olinsa, unda 1 chaqirim 900 metrga teng bo‘ladi.
Biroq XIX asr oxiridan boshlab chop etilgan adabiyotlarda 1 chaqirim 1 500 gazga teng ekani haqida ma’lumotlar uchraydi. Bu 1 065 yoki 1 080 metr masofa demakdir.
Chor Rossiyasining 1894-yilda rus o‘lchov birligiga o‘tish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi chiqqan davrgacha 1 chaqirim 900 metrga, undan keyin esa 1 065 yoki 1 080 metrga teng bo‘lgan.
Turli manbalarda turlicha hisob-kitob qilingan bo‘lsa-da, bir chaqirim deganda odatda 1 kilometr tushuniladi. Uni badiiy asarlarda, badiiy-publitsistik maqolalarda kilometr o‘rnida bemalol qo‘llash mumkin.
Tosh ostidagi tosh
Ahmoqqa Quva bir tosh yoki ahmoqqa To‘ytepa bir tosh kabi maqollar bor. Nega tosh? Ahmoq odam Quva yoki To‘ytepaga borsa, tosh otiladimi?
Bu yerda gap masofa haqida. Quva yoki To‘ytepa uzoq bo‘lsa-da, ahmoq odam ovora bo‘lib borib kelaveradi. Ishini bir borishda hal qilmaydi. Kallaning ishlamasligi – oyoqqa jabr.
Izohli lug‘atga ko‘ra, tosh sakkiz chaqirimga yaqin, taxminan 6 kilometrga teng uzunlik o‘lchov birligi. Milliy ensiklopediyada keltirilishicha, amir yoki podshoning choparlari yo‘l uzunligini o‘lchayotganda har 8 000 qadamga tosh qo‘yib ketgan. Bir qadam o‘rtacha 75 santimetr deb olinsa, bir tosh 6 kilometr chiqadi. Ammo bir tosh qo‘llanish o‘rniga qarab 8–9 kilometrga teng hisoblangan holatlar ham bo‘lgan.
Toshning forscha varianti farsang deyilgan. Bu atamada ham sang, ya’ni tosh so‘zi qatnashgan. U farsax, farzax shakllarida ham qo‘llangan.
“Boburnoma”da tosh o‘rniga yig‘och ishlatilgan. Asarda yozilishicha, O‘sh qasabasi “Andijondin to‘rt yig‘och yo‘ldur”.