Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘qish imkonsiz bo‘lgan roman

Buyuk psixiatr, psixolog, neofreydizm vakili va faylasuf olim Karl Yung asarni o‘qib, o‘zini bepoyon, boshi-keti ko‘rinmas bo‘shliqlarda yurganday sezganligini bayon qiladi: “Bo‘shliqni o‘ziga jo etgan yetti yuz ellik sahifa bu — oppoq qog‘oz belgilari emas, aslo, aksincha ular tig‘iz va o‘ta zich mag‘izdor matn bilan to‘ldirilgandir. Siz o‘qiyverasiz, o‘qiyverasiz, o‘qiyverasiz va xuddi o‘zingizni bir narsa o‘qiyotgandek tasavvur etasiz. Ba’zi vaqtlarda ba’zi jumlalarga duch kelib, o‘zingizni havo bo‘shlig‘i teranliklariga qulaganday sezasiz va shu tariqa taqdirga tan berganingizdan so‘ng, nihoyat o‘qishga o‘rganasiz.... Joys uslubining sira aql bovar qilmas ko‘p qiyofaliligi odamga gipnozday ta’sir ko‘rsatadi.... Kitobxon o‘quvchi og‘zini ochganicha qoladi…” Karl Yungning bu so‘zlariga ko‘proq to‘xtalganimning boisi, Joysni “mag‘lub qilishga” kirishgan va ahdida qattiq turib, kitobning oxirigacha, asarning asosiy qahramonlaridan biri Leopold Blumning xotini — qo‘shiqchi ayol Mollining oz emas, ko‘p emas, qirq sahifalik bironta nuqta, bironta tinish belgilari qo‘yilmagan tekis ichki monologigacha o‘qigan har bir kishida shunday hissiyotlar, fikrlar, albatta jo‘sh uradi. Dastlab tushunmay qiynalishning oxiri hayrat bilan tugaydi.

Foto: “The Guardian”

Chalkash asar uchun chalkash sujet chizig‘i. Tahlil-u tavsif ham ichida

Birinchi epizod (O‘quvchiga sabr tilayman)

Jeyms Joys bu romanidagi birinchi epizodni, ya’ni voqeani “Telemak” deb ataydi. Bu epizodda kitobxonga “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” romani orqali tanish bo‘lgan Stiven Dedal harakat qiladi. U onasi qazo qilib Parijdan Dublinga qaytgan. U “Odissey”dagi otasini yo‘qotgan Telemak kabi o‘z vatani, uyi, otasi, yaqinlarini tinmay qidiradi. Ushbu voqealar Dublin shahri yaqinidagi Martello qo‘rg‘on-qal’ada bo‘lib o‘tadi. Bir paytlar Joys ham bu qo‘rg‘on-qal’ada do‘stlari bilan yashagan edi. Martello qo‘rg‘oni roman qahramonlari uchun Yunonistondagi Delf ibodatgohi bilan barobar qimmatga ega. Asosiy qahramonlar shu yerdan inson olamlariga sarguzashtlarini boshlaydi. Stiven Dedal, Leopold Blum bu ilk epizodlarda xuddi aql va ruhning stixiyasi kabi ko‘zga tashlanadi. Ularning o‘zlari, kechinmalari, taqlidlari, fikrlarida poyonsiz kitoblardan poyonsiz iqtiboslar, poyonsiz tahlillar bir-biriga zanjirdek ulanib boradi.

To‘rtinchi epizod

Adib romanning to‘rtinchi epizodini “Kalipso” deb atagan. Bu voqea “Odissey”da (beshinchi qo‘shiq bo‘lib keladi) Odisseyning nimfa Kalipso qo‘lida tutqun yashaganligi voqealari hikoya qilinadi. Bu epizodda Blum Odisseyga xos ramziy holda tasvirlanadi. Odissey Itakaga qanday intilsa, Blum ham o‘z tarixiy vataniga xuddi shunday talpinadi. Bu talpinish uning xarakteri, insoniylik mazmunining g‘oyat kuchli qirralaridan biri. Bu epizodlarda Joysning boshqa asarlaridagi qahramonlar qatnashadi. Epizodda buyrak ramzi talqin etiladi. Asosiy tasvir rangi – to‘q sariq. Voqealar ertalab soat sakkizda ro‘y beradi. Shu o‘rinda yana bir gap lotinlar Odisseyni Uliss deb atagan.

Foto: “The Guardian”

O‘n birinchi epizod

Asarning 11-voqeasi esa “Sirenalar” deb ataladi. Sirena qadim yunon asotirlarida yarim qush, yarim ayol bo‘lgan mavjudot. Dengizlarda sayyohlarni sehrli kuylar bilan  mahliyo etib, so‘ngra ularni qurbon qilgan. Epizod ham xuddi musiqa asari kabi yozilgan, unda ellik sakkizta musiqa mavzu leyt motivlari qayd etilgan. Bu epizodning yozilish san’ati ham musiqa bilan bog‘liq. Epizodda odamning quloq a’zosi ramz qilib olingan. Umuman “Uliss”da musiqa va musiqiylik g‘oyatda kuchlidir.

Joys fikriga ko‘ra “Uliss” zamonaviy “Odisseya” bo‘lishi kerak edi. Ammo Gomerga taqlid, unga o‘xshatishni shartli desa ham bo‘ladi. Uliss to‘g‘risidagi qadimiy afsonani Joys dublinlik burjua Leopold Blum haqidagi hikoyaga qo‘shib, yaxlit asar yaratdi. Blumda yozuvchi asrlardan beri inson tabiatiga xos bo‘lgan doimiy fazilatlarni ko‘rib, ularni namoyish etishga harakat qildi. Inson tabiatining o‘zgarmasligi to‘g‘risidagi fikr Joys uni qadimiy yunon afsonalari qahramoni bilan qiyoslashi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Shu bilan birga, yunon mifologiyasiga murojaat qilar ekan, Joys butun insoniyatga o‘ziga xos parodiya (o‘xshatish, taqlid) yaratadi.

G‘oya tavalludi, ramzlar va oxirgi epizodlar

“Uliss”ni yaratish g‘oyasi hayotni va “umuman” insonni tasvirlashga intilish bilan bog‘liq. Ushbu g‘oya uch qahramon — Leopold Blum, Dublin gazetalaridan birining reklama bo‘limi agenti, uning xotini — Merion (Molli) va Dublin gimnaziyalaridan birida tarixdan dars beradigan yozuvchi Stiven Dedalusning bir kunlik hayoti manzarasini berish orqali amalga oshirilgan. (To‘rtta ekan-a. Xullas, uchta yoki to‘rtta) Joys ular kunning ma’lum bir vaqtida nima qilganlari, nimalar to‘g‘risida o‘ylaganlari, his qilganlari to‘g‘risida batafsil hikoya qilib, ularning ong oqimini kuzatib, kitobxonlarga uzatib boradi. Roman voqealari qaysi kuni ro‘y bergani ham asarda aniq ko‘rsatiladi — 1904-yilning 16-iyuni. Roman voqealari ertalab soat 8 da boshlangan bo‘lsa, tungi soat 3 da tugallanadi. “Uliss” 18 ta epizoddan tashkil topgan bo‘lib, vaqtning ertalabdan kechga tomon kechishi bilan bog‘liq.

Joys fikriga ko‘ra, Blum, Dedalus va Blumning xotini — inson tabiatining mangu xususiyatlarining ramzi, Dublin esa butun olam. Blum dunyo kezgan Odisseyga o‘xshatilgan bo‘lsa, Stiven Dedalus Odissey o‘g‘li Telemakka, Merion esa Odisseyning xotini Penelopaga o‘xshatiladi. Blumning “olam kezish”lari Dedalus bilan uchrashishi va u orqali o‘z o‘g‘lini, Dedalus esa Blum orqali o‘z otasini topishi bilan yakunlanadi. Dedalus va Blumning bir-birini topishini “epifaniya”, ya’ni har ikkalasining ham “ko‘zi ochilishi” deb atash mumkin. So‘nggi epizodlar Blum-Ulissning uni Merion-Penelopa kutayotgan uyiga qaytishi va Merionning o‘z-o‘zi bilan so‘nggi, yakuniy monologi bilan tugaydi. Butun romanning murakkab va turli-tuman tuzilishi aynan shu uchrashuv yordamida mustahkamlanadi.

Romanning o‘n beshinchi epizodida o‘ziga xos ramziy sahna mavjud: Stiven va Blum ko‘zguga qarab, o‘z akslari o‘rnida Shekspir tasvirini ko‘radilar. Buyuk daho ko‘zguda ular birligining ramzi, birlashuv belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Ular Shekspirni ko‘zguga bir vaqtda qaraganliklari tufayli ko‘radilar. Shundan so‘ng, Blum va Stivenning vatangadoligi, yurtma-yurt kezishlari tugab, ularning Odisseyasi ham barham topadi.

Foto: “The New York Times”

Blum

Joys o‘zining inson haqidagi tasavvurlarini aynan Blum bilan bog‘laydi; u burjua Blumni mutlaqlashtirib, u to‘g‘risida “umuman” inson haqida gapirgan kabi so‘zlaydi. Butun asarda atrofdagilarining tazyiqiga, quvg‘iniga uchragan, yakka o‘zi qolgan yurt kezar Blum mavzusi hikoya qilinadi. Blum obrazi Joys insonga qaysi ko‘z bilan qarashi va uni qanday ko‘rishni istagani, inson tabiatining qaysi jihatlarini asosiy deb hisoblagani to‘g‘risida tasavvur hosil qilishimizga imkon beradi. Blum tabiatining primitivizmi uning ishtirokidagi ko‘plab epizodlarda uchraydigan oddiy, mayda-chuyda detallarda ham namoyon bo‘ladi.

Bu nuqtai nazardan romanning to‘rtinchi epizodini o‘ziga xos deb aytish mumkin. Blum o‘z uyida. Xona bo‘ylab kir, g‘ijimlangan kiyimlar sochilib yotibdi. Shu vaqt Blumning ko‘zi “kul rang bog‘ichi buralib qolgan va to‘piq qismi kirligidan yag‘ir bo‘lib ketgan ayollar paypog‘i”ga tushadi. Uyda nafas olish ham qiyin. Ko‘pdan beri shamollatilmagan xona havosi — “gul ostiga quyilgan, po‘panak bosgan suv” kabi kishi boshini aylantiradi. Blum uyining ichki qismi sassiq havoga to‘lgan. “Kuyib ketayotgan buyrak isi oshxonani to‘ldirdi…” Bu kabi detallarni tasvirlashda Joys aslo bo‘yoqlarni ayamaydi.

Blumning cheklangan odamligi, uning oshqozon bandasi ekanligi va qo‘polligini uning o‘ziga nonushta tayyorlashida e’tiborining naqadar jamlanganligidan ham sezilib turadi. Blum oshxonada qassobdan hozirgina olib kelgan buyrakni qovurar ekan, bu ishga jon-jahdi bilan, berilib yondashadi. U yog‘ bo‘lagi tova bo‘ylab sirpanib, erib ketishini kuzatib turadi va mehr bilan buyrakni chirsillab turgan yog‘ ichiga soladi; qo‘lining aylanma harakatlari bilan unga tuz va qalampir sepadi; likopchaga ehtiyotkorlik bilan qalaydan quyib, ovqatlana boshlaydi. Blum ovqat tayyorlayotganida, uni yotoqxonaga olib kirayotganida, choy ichayotganida, hojatxonaga kirayotganida uning ongida ba’zan uzuq-yuluq, ba’zida o‘zaro to‘qnashib oddiy, kulrang, pastkash fikrlar qumursqa kabi g‘imirlaydi. Inson ana shu chalkashliklar orasida kichrayib, yo‘qolib ketadi, shaxssiz bir kimsaga aylanadi; faqat harakat avtomatizmi, odatlar inersiyasigina qoladi, xolos. Blum chuqur o‘y, mulohazalarga qodir emas. Uning fikrlari oqimi primitiv va o‘ta sodda.

Foto: “The New York Times”

Stiven

Stiven Dedalus liniyasi dastavval alohida yo‘ldan rivojlanib, Blum liniyasi bilan romanning yakuniy epizodlaridagina qo‘shilib ketadi. Stivenda yozuvchining inson tabiatining intellektual, aqliy imkoniyatlari to‘g‘risidagi tasavvuri o‘z aksini topgan bo‘lib, biroq oxir-oqibatda ular (imkoniyatlar) ham Joys tomonidan Blumning dunyoni anglashi darajasiga tushirib qo‘yiladi. Axir jonajon otasi — Saymon Dedalusdan voz kechar ekan, Stiven o‘zining otasi deb Leopold Blumni tan oladi. Shunday bo‘lsa ham Stiven Blumdan ma’lum darajada farq qiladi. U ta’lim ko‘rgan, uning keng ko‘lamli bilimi Shekspir va Dante, Vergiliy va Gomerdan yod olingan iqtiboslarida ko‘rinadi. Uning nutqi tarixiy shaxslar va faktlarga to‘la. To‘qqizinchi epizodda, Shekspir va uning ijodi manbalari haqidagi bahsda ishtirok etib, Stiven osonlik bilan dalil-isbotlari tizimini quradi va bunda unga har tomonlama bilimga egaligi ko‘mak beradi.

“Uliss”da ijodkor (rassom) shaxsining umumlashuvi, hamma qatori shaxsga aylanish jarayoni tasvirlangan. “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”da jaranglagan achchiq va hazin notalar bu yerda asta-sekin so‘nib boradi. Aytish joizki, “Uliss”da ko‘zimiz qarshisida namoyon bo‘lgan Stiven Dedalus haqida tom ma’nodagi haqiqiy rassom sifatida so‘z yuritish qiyin. U hamon o‘sha aqlli, keng ko‘lamda fikr yuritadigan inson. Ammo roman materiali uning ijodiy g‘oyalari, rejalari hajmi to‘g‘risida xulosa qilish imkonini bermaydi. Stivenning faoliyatsizligi, unga xos bo‘lgan o‘z kuchiga ishonmaslik va noto‘kislik hissi, hayotning har qanaqa oqilona asosga egaligiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotish — bularning bari uning o‘zligidan mahrum qilib, u Blum olami “qa’riga” g‘arq bo‘ladi.

Stivenga doir voqealarni bir eslab olaylik. O‘lay agar, o‘zim ham chalkashib ketdim. Stiven o‘z o‘tmishidan voz kechishga qaror qilganidan beri bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib ketdi. Bu davrda u Parijda bo‘lib, yarim och hayot kechiradi, onasidan judo bo‘ladi va endilikda Dublin maktablaridan birida tarix o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Unga o‘zi qilayotgan ish aslo yoqmaydi, ammo tirikchilik zarurati ishni tashlab ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ma’lum belgilar, esdaliklarning parchalariga ko‘ra, Stiven hayotining ba’zi momentlarini tiklash mumkin. Ulardan biri — Parijda, Monmartrga yaqin joyda Kevin Egan bilan uchrashuv. Ammo Stiven o‘z vatandoshi va irland ozodlik harakati ishtirokchisi bilan til topisha olmaydi. Mana endi u yangi Odisseyasini avvalgidek yakka o‘zi boshlashga majbur. Bu sarguzasht uning uchun yangi otasi — Leopold Blumni topishi va ushbu “buyuk meshchan” olamiga qo‘shilib ketishi bilan tugallanadi.

Romanning oxiridan bitta oldingi o‘n yettinchi epizodi Blum g‘oyalarining g‘alabasi bilan tugaydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Joys Viktoriya davriga oid uy belgilarini alohida sinchkovlik bilan sanab o‘tadi, undagi maishiy buyumlar joylashuvini birma-bir ko‘rsatadi. Blum uyi – uning “Itaka”si – Dedalusning ham uyiga aylanadi. Aynan shu yerda, uzundan-uzoq tungi suhbatdan so‘ng, ular o‘z qarashlari va didlarining birligi, yo hech bo‘lmaganda o‘xshashligini aniqlaydilar; ularning qandaydir ichki qardoshligi va yaqinligi ma’lum bo‘ladi.

Merion

Inson tabiati, uning mohiyati yerlik, avvalboshdan “gunoh” asosga qurilganligi so‘nggi, Merion uyquga ketayotgan ichki monologida ham tasdiqlanadi. O‘zaro tinish belgilari bilan ajratilmagan ikki yarim ming so‘z “Uliss”ning sintezi va shu bilan birga bu asar mohiyatining haqiqiy, yorqin namoyon bo‘lishidan o‘zga narsa emas. Merion “ongining oqimi” Stiven Dedalusni ham o‘z komiga tortib ketadi. Uning monologi yakunida ko‘p marotaba yangragan va hayotga va uning shahvoniy quvonchlariga nisbatan aytilgan “Ha!” degan hayqirig‘i Stivenning uzil-kesil “merion-blum” tarafiga o‘tganligidan dalolat beradi. Dedalus o‘zining “ruhiy otasi” — Leopold Blumga haqiqiy o‘g‘illik qila oladi. U Blum olamiga butunicha, bor vujudi bilan bog‘lanib qoladi. Bu yo‘nalishda Stivenni nafaqat Telemak, balki Dedalning o‘g‘li — osmoni falakka ko‘tarilgan, ammo yiqilib halok bo‘lgan Ikarga qiyoslash ham o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etadi.

Ha, aytish esdan chiqibdi, bir narsaga e’tibor qaratamiz — Joys roman janri uchun an’anaviy bo‘lgan portret tavsifi, mantiqan rivojlanib boradigan dialog turidan voz kechadi. U “ong oqimi”ni uzatish jarayonida tajriba qilib, ichki monolog texnikasini takomillashtirishga intiladi. Bunda u fikrni uzib, boshqa fikrga ulab yuborish usulini va ikki fikrlar qatorini parallel ravishda berish usulini keng qo‘llaydi. Masalan, do‘kon vitrinasi qarshisidan o‘tayotgan Blum shoyi material — poplinni Angliyaga gugenotlar tomonidan keltirilganligini eslaydi. Bunda uning ichki monologida parallel tarzda ikki mavzu rivojlanib boradi: Meyerberning “Gugenotlar” operasidan xor va poplin matosining sifati haqidagi o‘ylar bir xil kechadi: “Tarara. Ajoyib xor. Tara. Yomg‘ir suvida yuvilsin. Meyerber. Tara bom, bom, bom”.

Blum fikrlarining uzuq-yuluqligi, noaniqligini ta’kidlash maqsadida ba’zan Joys jumlalar, hatto so‘zlarni ham uzib qo‘yadi. U qahramon ongida yuzaga kelayotgan fikrni fotoapparat aniqligi bilan qayd etib, mulohaza yuritilayotgan har bir lahzaning o‘ziga xos tezkor suratini tushiradi. Ongning har bir porlashi o‘chishidan avval muayyan shaklga kirib ulgurmaydi; biroq u yuzaga kelib ulgurdi va Joys uni ongning umumiy oqimiga kiritishga shoshiladi. Fikrlar oqimining bo‘laklarga ajralmaganligini, uning avtomatik tarzda bajarilayotgan harakatlar bilan birligini tasvirlashga intilib, yozuvchi hatto tinish belgilarini ishlatishdan ham voz kechadi, hikoya qilish shaklini bo‘lib tashlaydi: “Uning qo‘li qayerga qo‘ygan ekanman-a, orqa cho‘ntakda iliq qog‘ozga yopishib qolgan losyonni olish uchun kirish kerak sovunni izlab topdi”. (Kim nimani tushundi? Yo‘q, savolni asar tiliga moslab o‘zgartiramiz: ?Nima kimni tushundi)

Foto: “The Nation”

Nima balo bu, degan xulosaga kelmaslik uchun yozilgan xulosa

Joysning o‘zi “Uliss” qo‘lyozmasini mozaika deb ataydi. U romanini ochiqdan-ochiq rasmiy (formalistik) uslublardan foydalanib tuzadi. Uning ishlash texnikasi ham g‘ayrioddiy. Joys faktlarni bittalab tanlab, aniqlikka, batafsillikka intilib yon daftarchasiga yuzlab tafsilotlarni kiritardi. Romanning har bir epizodi ko‘plab fragmentlardan tashkil topgan. Ularning joylashish tartibini Joys son-sanoqsiz marta o‘zgartirib, almashtirardi. Qo‘lyozmadagi har bir jumla qaysi epizodga taalluqli ekanligidan kelib chiqib, muayyan rangli qalam bilan belgilangan edi.

Joys juda ko‘p o‘qigan va o‘qiganlarini doimo yodida saqlagan, ulardan asarlarida bearmon foydalangan, chunonchi, to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtiboslar keltirgan, ko‘ngli tusagan joyda irlandcha, inglizcha, fransuzcha, italyancha, nemischa, ispancha, grekcha va hokazo tillarda o‘z asarlarini yozib ketavergan. Adib voqea-hodisalarni emas, ular ta’sirida botinda tug‘ilgan, kechgan tafakkur va ong oqimini bayon etgan. Qahramon ko‘nglining bir chekkasida endigina ko‘z ochgan, lekin hali fikrga, shuurga yetib kelmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, kechinmalarga aylanib ulgurmagan kechinmalarni, ular ta’sirida tug‘ilayotgan sezimlarni so‘zlarga aylantirolgan Joys asarlarini tushunishning qiyinligi, aksariyat o‘rinlarda gap nima haqida borayotganini anglab yetish mushkulligi sababi ham mana shunda.

Stiven juda katta figura ekanliginiyam inobatga olishimiz kerak, o‘rtoqlar. Dedalus — Joysning o‘zi, uning shaxsiy armoni, fojiasi edi. U Irlandiyadan bosh olib ketgach, o‘lim to‘shagida yotgan onasi bilan vidolashish uchun birovga Dublinga keladi. Onaizor zor qaqshab diniy e’tiqoddan shakkoklarcha yuz o‘girgan o‘g‘liga iltijo qilib, tavba qilishini so‘raydi. Joys esa ona iltimosini qabul qilmaydi. Qizig‘i shundaki, Joys o‘z aqidasidan keyinchalik ham umuman voz kechmagan va o‘z tushunchasida sobit qoladi, shu bilan birga ona oldidagi gunohkorlikdan doimo azob chekadi. Bu armonlar “Uliss sarguzashtlari” romanida takror-takror bayon etilib muallif (qahramoni) ning tavbasiga aylanib ketadi. 

Asardan iqtiboslar

Bittagina durust, odam tushunsa bo‘ladigan parcha topa oldim, xolos. Bu yaxshi tarjima bo‘lmagan shekilli, degan qitmir fikrdan uzoqroq yurishni maslahat beraman, chunki asarning butun boshli tili shunday. Bu eng tushunarlisi.

“...Sening yuraging bo‘lishi mumkindir, lekin mana bu oltiga ikki futli quti ichiga cho‘zilib yotib olgan bechoraga nima uchun kerak? U yerga endi Ehtiroslar rohati kira olmaydi. Parchalangan yurak. Bor-yo‘g‘i oddiy nasosdan boshqa narsa emas, kuniga minglab gallon qon haydaydi. Kunlardan bir kuni taq etib to‘xtab qoladi-yu, mana senga marhamat. O, bu yerda ularda qanchasi yotibdi ekan: o‘pkalar, yuraklar, buyraklar. Eskirgan, zanglagan nasoslardan o‘zga narsa emas. Qayta tirilish va hayot. O‘ldingmi o‘lding, bo‘ldi-da. Yana mana bu qiyomatni o‘ylab topganlariga nima deysan”.

Qiziqarli faktlar

Betartib va mantiqsiz “ong oqimi”ni ifodalash uchun Joys turli-tuman so‘z uslublaridan foydalanadi. “Uliss” matni qayti ishlangan va butunlay o‘zgartirib yuborilgan, parodiya nuqtai nazaridan yondashilgan, ammo hamisha boshlang‘ich matni uslubini saqlab qolgan “Injil”dan olingan iqtiboslar bilan to‘lib-toshgan. Bunday hollarda “Uliss” tili arxaiklashib, qadimiy tus oladi. Ba’zan esa Joys eng kutilmagan va o‘ta g‘aroyib neologizmlar yordamida matnni jonlantiradi. “Uliss”da Joys ingliz so‘zlari, ba’zida esa xorijiy tillardan o‘zlashgan so‘z va nomlarni erkin ravishda qo‘shib, aralashtirib qo‘llay boshlaydi: “Devid Birn esnabjilmaydiboshiniliqillatdi bari birga”, “Retlendbekonsoutgemptonshekspir…” Stiven Dedalus asarda bir necha marta yozuvchining o‘z assotsiatsiyasiga ko‘ra Bullockbefriendingbard deb ataladi. So‘zlar birikmasi ko‘p hollarda tovushlar birikmasiga ham o‘tib ketaveradi. Fikrning mantiqqa zid ekanligini qayd etish maqsadida Joys undagi uzilishlarda to‘xtalib, tasodifiy assotsiatsiyalarni tiqishtiradi yoki gaplarni chala tashlab ketaveradi. Masalan, xotinining ko‘ylagini eslar ekan, Blum quyidagicha fikr yuritadi: “Xuddi (men payimni cho‘zib oldim) (u shu ko‘ylakda ekanligi) sababli”. Yoki: “G‘or, og‘iz. Axir g‘or bu birovning og‘zimi? Yoki og‘iz — g‘ormi? Shunga o‘xshash. G‘or, ter, ot, flot, krot (ko‘rsichqon). Qofiyalar: bir xil kiyingan, ko‘rinishidan ham bir xil ikki kishi, ammo ikkita”. Ko‘pincha, romanda, ayniqsa uning yakuniy epizodlarida muallif so‘zlar va so‘z birikmalari yordamida ma’nosi bo‘lmagan, bemaqsad tarzda quruq so‘z o‘yiniga yo‘l qo‘yadi. Joysning so‘zlar bilan qiladigan mashqlari qiziqarli, o‘ziga xos bo‘lsa ham o‘z oldiga hech qanday maqsad qo‘ymagan o‘yin deb qabul qilinadi.

“Uliss” ustida Joys yetti yil, ya’ni 1914—1921-yillar davomida ishlaydi; roman ilk bor 1918 yilning mart oyida Amerikada “Littd revyu” jurnalida bosildi. 1922-yili Parijda “Silviya Bich” nashriyotida kitob holida nashr qilindi. Yevropada bu kitob ustida katta bahs munozaralar boshlanib ketdi. Bu kitob “modernizm qomusi” degan nom oladi. “Uliss”da yozuvchi qarshimizda olam va odamning erkin modelini yaratayotgan afsona yaratuvchi sifatida namoyon bo‘ladi. Uning badiiy manzarasi (panoramasi) hayot va inson shaxsi to‘g‘risidagi teskari tushunchaga asoslanadi.

Epizodlar insonning biror a’zosini ramziy ifodalaydi, butun holida esa roman inson vujudini aks ettiradi. Shular bilan bog‘liq holda Joys har bir epizodning o‘ziga xos san’ati, o‘ziga xos qurilishi, arxitekturasi, takrorlanmas uslubini yaratadi.

Azizbek Yusupov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »