O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonidan Oliy davlatlararo kengash tuzildi
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
22-avgust kuni ikki davlat rahbari o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tgandi. So‘ng ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etgandi. Muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Tashrif doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.
2023—2024-yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shular jumlasidan.
Energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, energiyani tashish, gaz quvurlari va elektr tarmoqlarini qurish har ikki davlatga ham manfaat keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, Fuqarolarning vizasiz qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, “E-permit” ruxsatnoma blanklarini elektron almashish axborot tizimini joriy qilish, oila va bolalarni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Xabarda qayd etilishicha, ushbu hujjatlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning bir qator istiqbolli yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.