Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yevgeniy Viktorovich Prigojin 1961-yil 1-iyunda Leningradda tug‘ilgan. U rossiyalik tadbirkor, “Vagner” xususiy harbiy kampaniyasi asoschisi hisoblanadi. Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya” boshlanishidan oldin keng jamoatchilik Prigojinni deyarli tanimas edi. Ammo 2022-yil kuzida u frontda kechayotgan vaziyat haqida baland ovozda bayonotlar berdi, Mudofaa vazirligi rahbariyatini tanqid qildi va umuman media makonini o‘zi bilan to‘ldirdi.

Foto: Videodan kadr

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, davlat shartnomalari orqali ko‘tarilgan sobiq mahbus qanday qilib harbiylashtirilgan tuzilmaga asos soldi va uni Moskvaga olib keldi?

Yevgeniy Prigojinning tarjimai holi. Erta bosqich

Leningradda tug‘ilgan, erta otasiz qolgan. Onasi shifokor bo‘lib ishlagan, o‘gay otasi chang‘i sporti bo‘yicha instruktor bo‘lgan va o‘gay o‘g‘lini bu sport bilan tanishtirgan. 

Bola muvaffaqiyatga erishgan va hatto sport maktab-internatini tugatgan. Prigojinning sobiq sinfdoshi u nafaqat sportchi bo‘lgani, “balki juda yaxshi o‘qiganini” eslaydi.

Uning sport karyerasi natija bermadi: 1979-yilda Prigojin o‘g‘irlik uchun ikki yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu jazo muddati tugamasdan, Prigojin yana o‘zini sudlanuvchilar o‘rindig‘ida topdi. U bir qancha “bezorilik” moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 12-13 yilga (turli manbalarga ko‘ra) qamoq jazosiga hukm qilindi.

Zonada Prigojin o‘zining birinchi biznesni tashkil qildi: u o‘sha paytda suvenerlar yasab, bundan pul ishlab topgan mahbuslar kompaniyasining brigadiri bo‘ldi. Kameradoshining xotiralariga ko‘ra, Yevgeniy ko‘plab ilmiy kitoblar o‘qigan va sport bilan shug‘ullangan.

Prigojin muddatidan oldin, 1990-yilda ozod qilindi. U jinoyat izidan bormadi, Leningrad kimyo va farmatsevtika institutiga farmatsevt bo‘limiga o‘qishga kirdi. Ammo Prigojin hech qachon oliy ma‘lumotga ega bo‘lmagan, o‘sha paytda u biznesga juda qiziqib qolgan edi.

Prigojin qanday biznes bilan shug‘ullangan?

O‘gay otasi bilan birgalikda Yevgeniy hotdog sotiladigan bir nechta do‘kon ochdi. 1993-yilda Prigojinning sobiq sinfdoshi uni supermarketlar tarmog‘ida menejer bo‘lib ishlashga chaqirdi va unga bu biznesdan 15 foizni berdi.

1995-yilda Yevgeniy vino bar-do‘konini ishga tushirdi va bir yil o‘tgach, tadbirkor o‘zi uchun nom qozongan loyihani amalga oshirdi, jumladan “Staraya Tamojnya” restoranini ochdi. Bu Sankt-Peterburgdagi birinchi haqiqiy elita restorani bo‘lib, unga shaharning yuqori lavozimli amaldorlari tashrif buyurgan.

Haqiqiy muvaffaqiyat Sankt-Peterburgdagi New Island restorani edi. 2001-yilda prezident Vladimir Putin u yerda Fransiya rahbari Jak Shirak, bir yildan so‘ng esa AQSH prezidenti Jorj Bush bilan muzokaralar o‘tkazdi. OAV xabarlariga ko‘ra, 2003-yilda Putin o‘zining tug‘ilgan kunini o‘sha yerda nishonlagan.

2000-yillarda tadbirkor o‘z biznesida asosiy e‘tiborni tadbirlar uchun ovqatlar tayyorlashga qaratdi va u yutqazmadi. Prigojin Kremldagi qabullar va prezidentning inauguratsiyasi kabi tadbirlarga xizmat qila boshladi.

Asta-sekin uning kompaniyasi “Konkord” maktabi uchun ovqatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnomalar qabul qila boshladi, birinchi navbatda Sankt-Peterburgda, keyin esa Moskvada.

Kompaniya Rossiya Mudofaa vazirligining asosiy pudratchisiga aylandi va doimiy ravishda askarlar va ofitserlarning oziq-ovqatlari uchun katta shartnomalar oldi.

Nega Prigojinni “Putin oshpazi” deb atashadi

Prigojin New Island restoranida shaxsan prezident va uning mehmonlariga xizmat qilgani uchun shunday nom oldi.

“Vladimir Putin savdo do‘konidan qanday qilib biznes qilganimni ko‘rdi. Men toj kiygan odamlarga likopchada shaxsan taom olib kelishdan nafratlanmasligimga guvoh bo‘ldi”, — degan Prigojin.

Hatto prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham jurnalistlarga 2017-yilda Prigojin haqida shunday degan: “Bugun Putin oshpazining tug‘ilgan kuni...Putin buni nishonlaydi”.

Keyinroq Kreml matbuot xizmati bu so‘zlar hazil ekanini tushuntirgan. Bir yil o‘tgach, Putinning o‘zi bu mavzuda gapirgan:

“Mening barcha oshpazlarim Federal xavfsizlik xizmati xodimlari, ular turli darajadagi harbiylar. Boshqa oshpazlarim yo‘q”.

Prigojin va “Vagner” kampaniyasi

So‘nggi yillarda tadbirkorning nomi “Vagner” bilan bog‘liq. 2022-yilning kuzida Prigojin bu uning loyihasi ekanini tan olgan. U 2014-yilda Donbassga shaxsan borgani va “ruslarni himoya qiladigan guruhni yollash uchun pul sarflashga harakat qilganini” aytgan. 

Jurnalistlar undan ismning ma’nosi va “Vagner”larni moliyalashtirish manbalari haqida bir necha bor so‘ragan, ammo Prigojin javob berishdan qochgan va hazil qilgan.

“Vagner G‘arb demokratiyalarining ko‘z yoshlari va azob-uqubatlarini sotishdan tushgan pullar hisobidan moliyalashtiriladi”, — degan u.

O‘z navbatida, Putin Prigojin boshchiligidagi Moskvadagi isyondan keyin “Vagner” davlat hisobidan moliyalashtirilganini ma’lum qilgan.

Yevgeniy Prigojin urush paytida

Prigojin muntazam ravishda front chizig‘idan videolar e’lon qilgan. “Vagner” muvaffaqiyatlari va muammolari haqida gapirgan. Aynan shu tuzilma Baxmutga bir necha oy davomida qattiq hujum qilib, may oyining o‘rtalarida uni egallab oldi.

Baxmutning qo‘lga olinishi bir vaqtning o‘zida bir nechta ommaviy janjallar bilan birga keldi. Prigojin qishdan beri Mudofaa vazirligi uni o‘q-dorilar bilan ta’minlamagani sababli “Vagner”da qurol yetishmayotgani haqida gapirdi.

Vagnerchilar jasadlari fonida Prigojin Shoygu va Gerasimovga: “Snaryadlar qayerda?” deb murojaat qildi.

Shuningdek, “Vagner” rahbari Checheniston rahbari Qodirov bilan ziddiyatga uchragan. Prigojindan chechen tuzilmalarining imkoniyatlari haqida so‘rashgan va u ular Donetskni ozod qilishlari dargumon, deb javob bergan. Shundan so‘ng Qodirovning sheriklari Yevgeniyni jamiyatda vahima qo‘zg‘atishda ayblab, ularni erkakcha uchrashib, gaplashishga undagan. Ammo bu mojaro tezda tugagan.

Rossiyada isyonga urinish yoxud Prigojin isyoni

2023-yil 23—24-iyun kunlari Rossiyada “Vagner” xususiy harbiy kampaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin tomonidan isyon ko‘tarishga urinish bo‘ldi. Xususan, Prigojin “Adolat marshi”ni boshlaganini, uning maqsadi Moskvaga yetib borish ekanini aytdi.

U rus harbiylarini Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov buyrug‘i bilan “Vagner” lagerlariga hujum qilganlikda aybladi.

Qo‘zg‘olon paytida Rostov-Don va Voronej qo‘lga olindi, bir nechta vertolyotlar va harbiy samolyotlar urib tushirilgan, oqibatda kamida o‘n nafar rus harbiysi yo‘q qilingan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Prigojinni davlatga xiyonatda aybladi. Biroq kechqurun, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan so‘ng Prigojin o‘z jangarilarining Moskvaga yurishini to‘xtatdi.

Kreml Prigojinga qarshi qurolli isyon bo‘yicha jinoiy ish to‘xtatilishi, “vagnerchi”lar jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va Prigojinning o‘zi Belarusga ketishi mumkinligini bildirdi.

Bir necha kundan so‘ng Putin o‘z armiyasi va xavfsizlik kuchlariga isyonning oldini olgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Prigojinning samolyot halokati

23-avgust kuni kechqurun OAV Tver viloyatining Bologovskiy tumanida yo‘lovchi samolyoti qulagani haqida xabar berdi.

Ko‘p o‘tmay, “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinga tegishli bo‘lgan RA-02795 raqamiga ega Embraer ERG 135 biznes-jeti halokatga uchragani ma’lum bo‘ldi.

Samolyot Moskvadan Sankt-Peterburgga parvoz qilgan. Aviatexnika bortida 10 kishi — 7 nafar yo‘lovchi va 3 nafar ekipaj aʼzosi bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning barchasi halok bo‘lgan. OAV xabarlariga ko‘ra, qulab tushgan samolyot joyida sakkiz kishining jasadi topilgan.

Halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza talab qilinadi. Samolyot yo‘lovchilari qatorida Yevgeniy Prigojinning o‘zi ham borligi aytilmoqda.

Vazirlik halokat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanganini bildirgan. OAV tomonidan aytilgan versiyalardan biriga ko‘ra, halokatga terakt sabab bo‘lishi mumkin. 

“Rosaviatsiya”ning maxsus tuzilgan komissiyasi samolyotning qulash holati va sabablarini o‘rganishga kirishdi. Mutaxassislar “qora qutilar”dagi yozuvlarni topib, o’rganib chiqishi kerak bo‘ladi. Samolyot qulagan joyda 8 kishining jasadi topilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »