Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Aktrisa Sitora Farmonova 20-avgust kuni 39 yoshni qarshiladi. U nafaqat o‘zbek filmlarida balki, olmon rejissori bilan Fayt Xelmerning filmida suratga tushgan ilk o‘zbek aktrisasi hisoblanadi. Sitora mashhurlik uchun nimalarni qo‘ldan boy berdi? Quyida aktrisaning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz. 

“Urushishni yaxshi ko‘rardim”

Latofatli aktrisa Sitora Farmonova 1984-yilning 20-avgustida Buxoro shahrida tug‘ilgan. U oilada uch nafar farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan, ya’ni aktrisaning ukasi va singlisi bor. Aktrisa Buxoroda o‘tgan bolalik yillarini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— O‘ziga to‘q, ilmli insonlar oilasida tug‘ilganman. Bobom rahmatli bir umr direktorlik qilgan, qattiqqo‘l inson edi. Yozgi ta’til kunlari bobomning uyiga borardik. Ertalab uyg‘onib, eshik oldida 20 ta nabira terilib turardik. Qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, bobom bilan birma-bir salomlashardik. Bolaligimda nihoyatda to‘palonchi, o‘g‘il bolalarga xos xarakterdagi qiz edim. Urishishni yaxshi ko‘rardim. Deyarli har kuni direktor xonasiga chaqirib tanbeh berardi. Biror marta ustim toza bo‘lib uyga borgan kunimni eslolmayman. Maktabdan qaytayotganda yo‘ldagi ariqdan kim tez sakrash bo‘yicha musobaqalashardik. Suvga tushib ketgan, balchiqqa qorilgan kunlarim ham bo‘lgan. Ammo o‘qishni yaxshi ko‘rardim, baholarim ham a’lo edi. O‘qituvchilarim “Fe’li chatoqda, ammo o‘qishi yaxshi” deyishardi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

Buvilarimning ikkisi ham chevar edi. Shu sabab bolaligimdan dizaynerlikka qiziqqanman. Kelajakda shu kasbni egallayman deb niyat qilardim, — deydi aktrisa Sitora Farmonova.

“Dadam bir o‘limdan qolgan”

Sitora Farmonova 13 yoshga to‘lganida oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelgan. Afsuski, oila boshlig‘ining birdan kasallikka chalinishi oila uchun nihoyatda og‘ir kechgan.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— Dadam onamni qizg‘onib, uydan tashqariga chiqarmagan. Hatto, Buxoroda ham onam uyimizdan ikki bekat nariga borsa, adashib qolardi. Onam hech qayerda tahsil olmagan uy bekasi edi. Dadam esa o‘z davrida ko‘p pul topgan tadbirkor edi. Ammo taqdir charxpalagi shunday aylandiki, dadam yurak bilan bog‘liq kasallikka chalindi.

Buxoroda uyimizda qo‘sha-qo‘sha xizmatkorlari bo‘lgan oila birdan hammasidan ayrilgandek bo‘ldi. Maktabdan qaytsam dadam xonasida ekan. Uni ovqatlanishga chaqirgani chiqqanimda xushsiz ekanligini ko‘rib “shok”ka tushganman. U nafas olmasdi. Baxtimizga qo‘shnimiz professor edi. U dadamning ahvolini ko‘rib tez yordamga qo‘rg‘iroq qildi va birinchi yordamni ko‘rsatdi. Onamning aytishicha, shifokorlar “Oila a’zolari xayrlashib olishsin, hammasi tamom”, deyishgan ekan. O‘sha paytda dadam klinik o‘limni boshdan kechirgan. Ammo professor qo‘shnimizning bergan birinchi yordami bilan o‘ziga kelgan. Ammo u avvalgidek ishlashi mumkin emasdi, — deydi aktrisa Sitora Farmonova.

“15 yoshda ro‘zg‘or yuki boshimga tushdi”

Oilaning boshiga tushgan musibatdan so‘ng aktrisaning onasi ish izlashni boshlaydi. Ammo  shuncha yil uydan ko‘chaga chiqmagan ayol qanday qilib pul topishni o‘ylab boshi qotadi. To‘ng‘ich farzandi esa ro‘zg‘or yukini o‘z zimmasiga oladi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— O‘shanda 9-sinfda o‘qirdim. Uch farzandmiz, u kunga kelib jamg‘argan pulimiz ham qolmagan edi. Shunda uyimiz yonidagi kafega kirib ish so‘raganman. “Yordamchi bo‘laman, faqat ish yo‘q demang”, deb iltimos qilganman. Asosan ertangi kun uchun kerakli sabzavotlarni artib, tozalashga qarashardim. Maktabdan qaytib to kechgacha tog‘ora-tog‘ara piyoz, kartoshka va sabzilarni tozalardim. Keyin kafeda shirinlik sotish taklifini berdim. “Qayerdan olamiz”, deyishganda o‘zim pishirib kelaman, dedim. Uyga borib onam bilan maslahatlashib, paxlava va to‘rtburchak tort pishirdik. Shirinliklar mijozlarga yoqqanidan keyin har kuni pishirib, maktabga ketish oldidan kafega topshirib ketadigan bo‘ldim. Bu ham ro‘zg‘orimizga qo‘shimcha yordam edi. Charchardim, ammo ilojsizlikdan shu ishlarni qilishga majbur edim. Eng alamlisi, kafeda ishlayotganimni bilgan ayrim erkaklar “Shu chiroying bilan shu yerda ishlayapsanmi?” deb jirkanch takliflarni berishardi. Ammo, hech qachon o‘zimni yo‘qotmaslikka va ota-onamning yuzini yerga qaratmaslikka harakat qilganman, — deydi aktrisa Sitora Farmonova.

“Tasodifan aktrisa bo‘ldim”

Aktrisa moliyaviy jihatdan qiynalgan kunlarida hammasi yaxshi bo‘lishini umid qilgani haqida ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— O‘sha paytlarda uyali telefonlar unchalik ommalashmagan davrlar edi. Ammo shunday telefondan foydalanadiganlarga hammaning havasi kelardi. Qaysidir bir jurnalda uyali telefonning katta rasmi chiqqan. Uni qirqib olib, oynaga qarab xuddi telefonda gaplashayotgandek o‘zimni tutardim.16 yoshimda tasodifan klip syomkasiga taklif etishgan. “Chiroyli ekansiz”, deyishsa xursand bo‘lib, syomkaga boribman. O‘shanda kichik epizod rolni ijro etganman. Ammo shunaqa xursand bo‘lganman, buni so‘z bilan tasvirlab berib bo‘lmaydi. Undan keyin “Ayol zoti” filmida ham kichik epizodni ijro etganman. 2004-yili “Xavfli burilish” filmiga taklif etishgan. Haqiqatan ham film muvaffaqiyatli chiqdi. Keyin yiliga kamida 3-4 ta filmlardan takliflar tushishni boshladi. Shundan keyin bor e’tiborimni aktrisalikka qaratishga qaror qildim. Ammo dizaynerlikka bo‘lgan qiziqishim so‘ngani yo‘q. Haligacha, o‘zim uchun libos dizaynlarini tuzaman, — deydi aktrisa.

Aktrisaga qimmatga tushgan “Baykonur”

Aktrisa Sitora Farmonova “Baykonur” filmida yiqilib tushib og‘ir jarohat olgan. Bu haqda uning onasi Zamira Farmonova intervyularining birida aytib o‘tgan.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— Qizim Setora nemis rejissori suratga olayotgan “Baykonur” filmida suratga tushgan. Juda yaxshi rol o‘ynagan. Kinoning suratga olish jarayonida atrofiga marmar terilgan suzish havzasiga nimadir bo‘lib yiqilib tushgan. Shundan keyin uning bo‘yni yirtilib ochilib qolgan. Shifokorga olib borishgan, tikamiz deyishgan.

Rejissor esa tikish mumkin emas, bu qiz bizda rol o‘ynayapti, har bir kunimiz belgilangan uning jarohati qachon bitadi deb kuta olmaymiz degan. Tikishga ruxsat bermagandan keyin qizim mototsilkni ijaraga olib shifokorga o‘zi borib davolangan.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

Rol o‘ynab bo‘lgandan keyin uyga keldi, shunda qarasam bo‘ynida bint bor. Bo‘yningga nima qildi desam, hech narsa dedi. Ko‘rsatmaguncha qo‘ymadim, keyin qarasam 3-4 sm joy yirtilib ochilib qolgan. Shunda shifokorlar shukr qiling, bu jarohat bilan tirik qolish kamdan-kam uchraydi degan.

O‘shanda shu ahvolda bo‘lsa ham suratga olish jarayonlarining oxirigacha ishtirok etgan. Eslasam  yig‘layman, juda yomon bo‘lib ketaman, onaga qiyin”, — deydi aktrisaning onasi.

“Sahna ortida yig‘laganman”

Bundan tashqari, aktrisa Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” o‘yini jarayonida ham qattiq yiqilganini yodga oladi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— Sahnaga chiqqanimizda butun tanam bilan orqaga qarab yiqilib ketganman. Butun zaldagi tomoshabinlar qo‘rqib ketishgan. Hatto Maslyakov ham xavotirga tushgan. Shunda zo‘rg‘a o‘zimni tutib, joyimdan turganimda jamoamiz sardori “O‘zingni qo‘lga ol, faqat yig‘lab yuborma”, deganida ko‘z yoshlarimni tiyib, yuzimni qo‘lim bilan yashirib olganman. Suratga olish ishlari tugaganida esa sahna ortiga o‘tib, og‘riqdan rosa yig‘laganman”, — deydi aktrisa.

“San’atni tashlamayman, deb turmushga chiqmadi”

39 yoshni qarshilagan aktrisa haligacha oila qurgani yo‘q. Aktrisaning onasi qizi nima sababdan turmushga chiqmasligiga ham oydinlik kiritib o‘tgan.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— Sitora qizim men ishimni birinchi o‘ringa qo‘yaman, karyera qilaman, deb mehnat qilib yurdi. Sitoraga sovchi qo‘ygan yigitlar bitta shart qo‘ydi: “San’atingizni tashlaysiz”, degan. Qizim shuncha yil mehnat qildim, turmushga chiqaman deb, san’atni tashlamayman, deb ko‘nmagan”, — deydi Zamira Farmonova.

“Uyatsiz filmni rad etib, 700 ming dollardan voz kechdim”

Aktrisa Sitora Farmonovaga uyatsiz sahnalari bo‘lgan Gollivud filmida suratga tushish uchun 700 ming dollar gonorar taklif qilishgani haqida aytib o‘tgandi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

— 2008-yilda menga Gollivuddan taklif bo‘lgan. Bu Sony Entertaiment Production va TNT telekanalining qo‘shma loyihasi edi. Qo‘limga qiymati 700 ming dollar bo‘lgan ikki yillik shartnoma kelib tushgan. Bu taklifdan judayam xursand bo‘lganman. Lekin keyin bilsam serialning 50-qismidan keyin uyatsiz sahnalari boshlanar ekan. Men bunday sahnalarni o‘ynamayman, deganimda, menga sizda dublyor bo‘ladi, deyishgan. Lekin u sahnalarda men emas, dublyor o‘ynayotganini sahna ortidagilar biladi, tomoshabin esa bu sahnalarda meni ko‘radi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

350 ta qismli serialning 50-qismidan keyin uyatsiz sahnalar boshlanadi. Bu degani 300 ta qismda shunday sahnalar bo‘ladi, degani. Tomoshabin serialni ko‘rgani sari mendan nafratlanishni boshlaydi. “O‘zbekistondan chiqqan qiz shunaqa kinoda rol o‘ynabdi”, deyishadi.

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

O‘sha 700 ming dollarni oldim, bir, ikki, besh yoki o‘n yil yerman. Lekin bu kino chiqqanidan keyin dadam qanday bosh ko‘tarib yuradi? Oila a’zolarimning holi nima kechadi? Xullas, bu taklifni rad etganman. Ko‘pchilik nega unday qilding, bu taklif orqali senga Gollivudga yo‘l ochilardi, deyishgan. Men ularga “meni Gollivudga yo‘l emas, oila a’zolarim, urug‘-aymog‘im ko‘proq qiziqtiradi”, deganman”, — deydi Sitora Farmonova.

Darz ketgan do‘stlik

Sitora Farmonova komik aktrisa Halimaxon Ibragimovaning eng yaqin dugonalaridan biri edi. Ammo afsuski, ularning munosabatiga darz ketgan. Halima Ibragimova buning sababini quyidagicha izohladi.

Foto: Kollaj

— Besabab hech nima bo‘lmagan, u bilan aloqani uzishimning aniq sabablari bor. Sitora Farmonova bilan munosabatlarimiz yomonlashishiga xonanda Muhammadziyo sababchi bo‘ldi. Ammo haligacha Sitora bilan yuzma-yuz ko‘rishib, bu haqida gaplashib olganimiz yo‘q. Сhunki bunga o‘zimni tayyor emas deb bilaman. Sitora menga yomonlik qilmagan, uni o‘zimga raqobatchi ham deb bilmayman. U bilan shu kungacha dugona edik. Vaqti kelib, bo‘lgan ishlarga oydinlik kiritsa munosabatimizni qayta davom ettirishimiz mumkin, — deydi Halima Ibragimova.

Uzoqqa cho‘zilmagan munosabatlar yoki piar

Foto: Instagram

Sitora Farmonova 2020-yilda o‘zidan 15 yosh kichik bloger Doniyor Qayumov bilan yaqin munosabatda ekani va ularning turmush qurishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Bunga esa Doniyor Qayumov va Sitora Farmonovaning birgalikda suratga tushgan rasmlari va videolari sabab bo‘lgan. Oradan bir oy o‘tib bloger Sitora Farmonova bilan munosabatlari tugaganini, bu esa aktrisa gap-so‘zlarga ishongani tufayli bo‘lganini ta’kidlagan. Vaqt o‘tib ularning ikkalasi ham sahifasidan birga tushgan surat va videolarini o‘chirib tashlagan.

O‘z qahramonini gapirtirolmaydigan aktrisa

Foto: Instagram /@sitorafarmonovaofficial

Aktrisa Sitora Farmonova o‘zi suratga tushgan filmlarga ovoz berishni istamaydi. Bu uning tark etmas odatlaridan biriga aylangan.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »