Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Senatning 24-avgust kuni bo‘lib o‘tgan qirq to‘rtinchi yalpi majlisida ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni, firibgarliklarni oldini olishni taʼminlaydigan qonun ma’qullandi.

Foto: Senat matbuot xizmati

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirishga, ijara va lizing sohasida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni samarali tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, unda “Ijara to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Tanzila Norboyeva qonun haqida to‘xtalib, bugun ijara, lizing masalalarida fuqarolar norozi bo‘layotgan, aldanib qolib, katta miqdorda zarar ko‘rayotgan holatlar kam emasligiga eʼtibor qaratdi.

Foto: Senat matbuot xizmati
Majlisda qayd etilishicha, mazkur qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartishlar jismoniy va yuridik shaxslarning o‘rtasidagi ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga, qonun hujjatlaridagi mavjud bo‘shliqlarni oldini olib, sohadagi qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

Jumladan, amaldagi “Ijara to‘g‘risida”gi qonunda keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga oluvchilarning kelgusida shartnoma obyektini mulk qilib olishdagi huquqlarini himoya qilishga doir norma belgilanmagan. Yoki “Lizing to‘g‘risida”gi qonunda lizing oluvchining roziligisiz faqatgina garovga qo‘yish mumkin emasligi nazarda tutilgan bo‘lib, lizing obyektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligiga oid qoidalar mavjud emas.

Ushbu bo‘shliqlar oqibatida fuqarolarning ishonchiga kirib ularni aldov va firibgarlik yo‘li bilan ijara va lizing munosabatlarida jinoyat sodir etish holatlari ortib bormoqda.

Oliy sud maʼlumotlariga ko‘ra, avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarlik jinoyati bo‘yicha 2020-yilda 10 ta shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 2 baravar ortib, 22 tani tashkil etgan. Mazkur jinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar 2020-yilda 8,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich qariyb 9 baravar ortib, 69,3 milliard so‘mga yetgan. Xuddi shu kabi jinoyat sababli jabr ko‘rganlar soni 16 baravarga ortib, 16 ming 805 tani tashkil etgan.

Shu sabab, qonun bilan ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash va jinoyatlarini oldini olishga qaratilgan qator normalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga alohida modda bilan keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq taʼrifi, shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulkni tasarruf etish va garovga qo‘yish, shuningdek, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari kiritilmoqda.

Qonunda ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi asosida ijaraga berganda ijaraga oluvchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilganidan so‘ng tegishli mulkni ijaraga oluvchiga mulk qilib topshirish majburiyatini olishi, ijaraga oluvchi esa ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini olishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan paytdan eʼtiboran shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulk garovga qo‘yilgan hisoblanib, uni boshqa shaxslarga garovga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish taʼqiqlanmoqda.

Shuningdek, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga shartnomada boshqa qoida belgilangan bo‘lmasa, lizing shartnomasi tuzilgan vaqtdan eʼtiboran shartnoma obyekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoidalar kiritilmoqda.

Lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing obyektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi nazarda tutilmoqda. Qolaversa, undiruvni lizing obyektiga qaratishdan oldin uning qiymatini lizing oluvchi tomonidan to‘liq to‘lash orqali mulk qilib olishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga yangi norma kiritilib, unga ko‘ra, bir eksport shartnomasi doirasida jami yetkazib berilgan mahsulot qiymatining 5 foizidan oshmagan qismi bo‘yicha xorijiy valyuta tushumi taʼminlanmagani oqibatida vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektlariga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi bevosita tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash va firibgarlik jinoyatlarini oldini olish, shu bilan birga, lizing munosabatlari subyektlari huquqlarini taʼminlash va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etilishini taʼminlaydi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »