Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Qahvaxo‘r amaki haqida ikki og‘iz

Balzak asarlarida ulug‘vorlik ko‘p deb talashmoqchimasman. Lekin uning realistik uslubi o‘zidan boshqaga bo‘ysunmasligini tan olishdan boshqa ilojimiz yo‘q. To‘g‘ri, Stendal asarlarining uslubi zo‘rroq va ularda yorqin nafosat ko‘p, biroq Stendal o‘z personajlari yordamida faqat o‘zininggina ichki dunyosini ochib beradi. Balzak esa butun bir olam yaratdi va bu olam bir vaqtning o‘zida ham uning davriga, ham boshqa hamma davrlarga taalluqlidir. Flober Bovari xonim, Ome, Frederik Moro, Arnu xonim, Byuvar va Pekyushe kabi bir qancha umrboqiy obrazlarni berdi. Bu borada Balzakka yondashadigan bo‘lsak uni faqat shahar boshqarmasiga qiyos qilishdan boshqa iloj yo‘q. Chunki u asarlarida ikki mingta erkak va ayolning portretini tasvirlab berdi. Balzakshunos olimlar uchun ularning bari kundalik turmushda o‘zlari duch kelib turadigan odamlardan ko‘ra jonliroqdir.

Balzak ijodining eng muhim xususiyati shundaki, u bizga shunchaki juda ko‘p roman qoldirib ketgani yo‘q, balki uning romanlari butun bir jamiyatning tarixidan iborat. Uning asarlarida ishtirok etuvchi shaxslar vrachlar, huquqshunoslar, davlat arboblari, savdogarlar, sudxo‘rlar, zodagon ayollar, satanglar, qalloblar bo‘lib, ular jildlardan jildlarga ko‘chib yurishadi. Bu esa Bal­zak yaratgan olamning qabariqroq va ishonchliroq bo‘lishini ta’minlaydi. Holbuki, Balzak o‘zining dastlabki asarlarini yoza boshlagan chog‘larda u hali bo‘lajak ulug‘vor epopeyasining (“Insoniyat komediyasi”ni aytyapman) rejasini ishlab chiqqani yo‘q edi.

“Gorio ota” 1834-yilda yaratilgan bo‘lib, u Balzak yuqoridagiday juda muhim qarorni qabul qilganidan keyin (O‘sha epopeyasini yaratishga qaror qilganidan so‘ng) yozilgan birinchi romandir.

Biz Gorio to‘g‘risida hali gapiramiz, shu Goriodan tashqari yana ikkita odam romanga ulug‘vorlik bag‘ishlaydi, ularning ikkovi ham Balzakning yigirmata romanida ishtirok etadi va ular­ning ikkovlarida ham muallifning turli qirralari tajassum etgan: gap Votren laqabli Jak Kollen va Ejen de Rastinyak haqida ketmoqda.

Jan Daniel Verxak 2004-yilda suratga olgan “Gorio ota” filmidan kadr. Gorio ota obrazini kompozitor, shoir, yozuvchi va asli arman aktyori bo‘lgan Sharl Aznavur mahorat bilan ijro etgan.

Votren

Votren — isyonkor; jamiyat uni bir chekkaga uloqtirib tashlagan va u jamiyatga qarshi urush e’lon qilgan. U jamiyatga qarshi urush olib borar ekan, hech qanaqa vositalarning farqiga bormaydi. U odamlarni ikki ishtiyoq — ikki nafs boshqarishini aniqlagan — bular oltinga muhabbat va lazzat ishtiyoqi. Shunisi ham borki, bularning birinchisi ikkinchisining oqibati o‘laroq paydo bo‘ladi. Uning fikricha, qolgan tuyg‘ularning hammasi riyokorlikdan boshqa narsa emas. Shu tariqa Vot­ren ijtimoiy bitimning yaramasligini fosh qiladi. Bu ishda unga qotillik ham, o‘g‘irlik ham qo‘l kelaveradi. Bu qochqin jinoyatchi o‘zini boshqalardan ko‘ra yomonroq deb hisoblamaydi, faqat boshqalarga qaraganda u dovyurakroq, xolos.

Balzak o‘z sifatlaridan ancha-munchasini Votrenga bergan. Biroq uning orzularini va u tomonidan yaratilgan personajlarning ro‘yobga chiqarilgan xatti-harakatini tenglashtirish mumkin emas, aksincha, bunday yo‘l bilan u yaramas ehtiroslardan poklanishga harakat qiladi. Balzak hech qachon Votren qilgan ishni qilmaydi, biroq u ko‘nglida Votrenga nisbatan xayrixohlik tuyg‘ularini his qiladi. U jinoyatchi, lekin sotqin emas. Votrenning ustidan chaquv qiladigan madmuazel Mishono Balzakning nafratini qo‘zg‘aydi, Balzakning emas, balki romanning hamma o‘quvchilari ham undan nafratlanadi.

2004-yilda suratga olgan “Gorio ota” filmidan kadr.

Rastinyak

“Gorio ota” romanida tasvirlanganiga ko‘ra, Rastinyak o‘sib kelayotgan personajdir. U go‘yo o‘zida o‘smirlik xayolotlaridan balog‘atga yetgan odamning zalvorli tajribasiga o‘tishni tajassum etadi. U hali juda ham yosh, u chekka viloyatdan Parijga yaqindagina kelgan va hali boshdan-oyoq ezgu intilishlarga to‘la. Sevimli onasi va opa-singillari unga oilaviy munosabatga va turli-tuman fazilatlarga teran hurmatni singdirishadi. Shuning uchun ham Votren har nima demasin, Rastinyak biladiki, dunyo harqalay, uzil-kesil darajada yomon emas.

Biroq Balzakning o‘zi kabi yonida hemiri yo‘q holatda Restavratsiya davridagi Parijga tushib qolgan yigirma yasharli yigit sinovlarga dosh berolmaydi, chunki bu Parijda muhabbat-u shon-shavkat bozorga solinar, yigitlar ayollarni vosita qilib mansab pillapoyalaridan ko‘tarilar, juvonlar esa qariyalar yordamida ishlarini bitirib olishar edi. Rastinyakning birdan-bir sarmoyasi — yoshlik va husn. Votren esa Rastinyakka bu sarmoyadan qanday qilib samaraliroq foydalanish yo‘llarini o‘rgatadi. U Rastinyakka o‘zini juda yaqin his qiladi, biroq bu xayrixohlik uning Lyusyen de Ryubamprega bo‘lgan xayrixohligidan kufrona emas — bu dahshatli odam ana shu kufrona hirsi sababidan Lyusyen de Ryubamprening xizmatiga kirgan edi. Balzakning butun ijodida bundan ko‘ra jozibadorroq sahnani topish amri mahol.

“Bu joylarda o‘zlariga qanday yo‘l ochishlari sizga ma’lummi? Daho nuri bilan yoxud pora san’ati bilan yo‘l ochishadi... Halollik bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi... Garov o‘ynaganim bo‘lsin — siz Parij bo‘ylab ikki qadam qo‘ysangiz, bas, albatta, biror muttahamlikka ro‘para kelasiz. Asl hayot ana shunaqa. O‘choq boshidan uning hech qancha afzal joyi yo‘q — dimog‘ni yoradigan qo‘lansa hidlar, biron yegulik pishiraman desang, bir zumda qo‘ling kir bo‘ladi, keyin uning kirini yaxshilab yuvib tozalamog‘ing kerak. Davrimizning bor-yo‘q axloqi shundan iborat. Modomiki, men insonlar jamiyatiga ana shunday tarzda qaramoqda ekanman, mening bunga haqqim bor, men bu jamiyatni bilaman. Meni bu jamiyatni so‘kyapti deb o‘ylayapsizmi? Hecham-da... U hamisha shundoq bo‘lib kelgan. Axloqparastlar uni hech qachon o‘zgartira olmaydilar. Inson komillikdan uzoq...”

Nazarda tutmoq kerakki, Balzak tobora o‘ziga insonga qarshi ashaddiy nafratni singdirib borayotganday ko‘rinadi. Bunday daqiqalarda u go‘yo Votren siyoqiga kirayotganday bo‘ladi. Holbuki, o‘zining tabiatiga ko‘ra, u ham Rastinyakka o‘xshagan yumshoq odam. Biroq xuddi Rastinyak kabi, deyarlik boshqa hamma odamlar kabi Bal­zak ham murakkab odam edi. Xuddi Rastinyak kabi do‘stlikning qadriga yetar, Lora de Berni yohud Zyulma Karro kabi oliymaqom qalb egalarining ulug‘ligi oldida bosh egardi. Uning soddadillik va navqironlik ruhi bilan sug‘orilgan intilishlarini namoyon etish uchun “Qishloq tabibi”ni o‘qib chiqishning o‘zi kifoya. Biroq Balzak muhtojliklarga to‘lib-toshgan, kishini yo‘ldan ozdiruvchi ermaklari serob bir tarzdagi hayotni kechirdi, bu hayotda u tez-tez g‘azab otashlariga ham duch kelib turardi. Tabiiyki, Balzak ham xuddi Rastinyakka o‘xshab nima qilib bo‘lsa-da, bunaqa turmushdan xalos bo‘lishni istagan.

Rastinyak “Gorio ota” romanida hali juda tortinchoq, xijolat chekaveradigan yigit sifatida ko‘rinadi. Votrenning gaplarini tinglar ekan, u dahshatga tushadi va jirkanib ketadi. De Nusingen xonimdan pul olish zaruriyati uni tahqirlaydi. U Mak­sim de Trayga o‘xshashni istamaydi. U baayni farzandday Gorio otaning xizmatlarini qiladi va yolg‘iz o‘zi (mulozim Kristofni hisobga olmaganda) qariyani so‘nggi yo‘lga kuzatib qo‘yadi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay u taslim bo‘ladi, muhitga bo‘yin egadi. Biz Rastinyak bilan yana qaytadan uchrashganimizda, u endi baron, davlat kotib, graf, bir yillik daromadi uch yuz ming frankdan ortiq badavlat odamga aylanadi. Endilikda u “Mutlaq ezgulik degan narsa yo‘q, faqat sharoit bor” deb da’vo qiladi. Ko‘pincha bu personaj uchun Tyer nusxa bo‘lib xizmat qilgan deyishadi. Darhaqiqat, Balzak Rastinyak obrazini yaratar ekan, Tyerning ba’zi bir sifatlarini olgan bo‘lishi mumkin, lekin hammadan ortiqroq u o‘zining sifatlarini olgan. Delfina de Nusingenning huzurida o‘tirgan Rastinyakning tuyg‘ularini, bejirim tikilgan liboslarni birinchi bor kiyib ko‘z-ko‘z qilganda bolalarcha quvonib suyunishlarini, uning izzat-nafsiga yoqib tushgan birinchi muvaffaqiyatlarni Balzakning o‘zi ham ko‘nglidan kechirgan — buni u avval markiza de Kastri bilan don olishib yurganlarida, keyinchalik esa Ganskaya xonim bilan yaqinlik kezlarida kechirgan.

2004-yilda suratga olgan “Gorio ota” filmidan kadr.

“Talabalik — sinov davrim”

Eng yaxshi romanlar “talabalik” haqidagi romanlardir. (“Vil­gelm Meysterning talabalik yillari”, “Qizil va qora”, “Devid Kopperfild”, “Yo‘qotilgan vaqt izidan”, “Jinoyat va jazo” va boshqalar) Bu romanlardagi romantik ko‘tarinkilik ko‘pincha yoshlarning orzu-umidlari bi­lan shafqatsiz dunyo o‘rtasidagi konflikt yordamida vujudga keladi. Agar “Gorio ota”ni Rastinyak obraziga nisbatan ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak bu roman ham “talabalik” haqidadir. Unda yosh kitobxonning ko‘z o‘ngida “yo‘ldan ozdiradigan vasvasalarga to‘la qahri qattiq dunyo” manzaralari namoyon bo‘ladi. De Bosean xonim Rastinyakni zodagonlar dunyosiga olib kiradi. U paytlarda zodagonlar dunyosini Sen-Jermen dahasida istiqomat qiluvchi aslzoda xonadonlar tashkil qilardi. De Resto xonim esa uni bir oz puturi ketganroq zodagonlar dunyosiga olib kiradi. (Bunday salonlarda keyinchalik Prustning ba’zi bir ayol qahramonlarini uchratish mumkin bo‘ladi) De Nusingen xonim Rastinyakka moliyachilar va tadbirkor odamlar dunyosiga olib boruvchi yo‘lni ko‘rsatadi. Xuddi ana shunday ahvol XX asrda ham ko‘p marotaba sodir bo‘ladi. Biz hammamiz bunaqa Rastinyaklarning bittasini emas, ko‘pginasini yaxshi bilamiz va uning Delfinasi bo‘lish qismati kimga nasib etganini osongina payqaymiz.

“Gorio mulohaza yuritmaydi, u hukm chiqarmaydi, u sevadi...” 

Gorio ota masalasiga keladigan bo‘lsak, u balzakona ehtiroslar deb haqli ravishda e’tirof etilgan ehtiroslarning asiri bo‘lgan odamlarning eng yorqin misollaridan biridir. Bunday ehtiroslarning muqarrar tarzda o‘sib borishi ularga qul bo‘lgan shaxslarning to‘la-to‘kis yemirilishiga olib keladi. Buni tasvirlash Balzak san’atining xarakterli xususiyatlaridan biridir, Gap Grandening xasisligi to‘g‘risida boradimi yoki baron Yuloning buzuqligi to‘g‘risida ketadimi, Ponsning ochofatligi-yu majruh mayllari to‘g‘risidami yoki Anriyetta de Morsofning muhabbati-yu Gorio otaning otalarcha mehr-muhabbati haqida bo­radimi, baribir, Balzak albatta, bu ehtiroslar ularning qalbini yemirib boruvchi mudhish jarohatday zo‘rayib borishini va oxir-oqibatda boshqa hamma tuyg‘ularni muqarrar tarzda ezib tashlashini ko‘rsatadi.

Romanning boshidan biz tanishadigan Go­rio ota bir qarashda hali qutulib keta oladiganday ko‘rinadi. Keksa savdogar mol-u mulkining ancha-muncha qismini qizlariga sarflab bo‘lgan, endi u Voke pansionida xoli va tanho hayot kechiradi, lekin hali g‘amlab qo‘yganlaridan u-bu narsalar qolgan. Balzakning niyati shundaki, u o‘z qahramonini bir yon berishdan ikkinchi yon berishga, bir mahrumiyatdan ikkinchi mahrumiyatga olib o‘tar ekan, uni to‘la-to‘kis halokat yoqasiga olib kelmoqchi bo‘ladi. Bu niyat uning hamma asarlarida deyarli o‘zgarmasdan qoladi.

Gorio ota ham Grande yoki Baltazar o‘tgan yo‘ldan boradi. Uning qizlariga muhabbati o‘z-o‘zicha olganda juda go‘zal, biroq u shu qadar dahshatliki, allanechuk tentaklikka aylanadi. Haddidan oshib ketgan ehtiroslarning hammasi shunaqa taqdirga ega. Ular hech qanday qonunlar bilan — na ma’naviy, na ijtimoiy tartib-qoidalar bilan hisoblashishni istamaydi. “Gorio mulohaza yuritmaydi, — deydi Balzak — u hukm chiqarmaydi, u sevadi...” U Rastinyakni yaxshi ko‘radi, sababki uni qizi yaxshi ko‘radi. Qizining etagini o‘paman deb yaltoqlanadigan Gorio bizga keksa Grandeni eslatadi. Esingizda bo‘lsa kerak, rohib zaharlangan xochni uning lablariga yaqin olib borganda, Grande uni tortib olmoq uchun dahshatli harakat qiladi. Balzak poetikasi ana shu mudhish ramzlarni talab qiladi. Va har qanday chinakam balzakshunos ularni gap-so‘zsiz qabul qiladi.

Foto: kickscontest

Ehtiroslarga berilib ketgani uchun jamiyat haqida o‘ylashni ham unutib yuborgan markaziy personaj atrofiga Balzak ikkin­chi darajali personajlar obrazlarini joylashtiradi — jamiyat hayoti ayni shu personajlarda tajassum topadi, negaki, har qanday roman real dunyo bilan mustahkam rishtalar orqali bog‘langan bo‘lmog‘i kerak.

Ayni “Gorio ota” romanida Balzak tomonidan yaratilgan dunyo shu qadar ishonchli sifatlar kasb etadiki, ularni haqiqiy hayotdan farqlash qiyin bo‘lib qoladi. Biz bu romanda talaba Oras Byanshon bilan tanishamiz. Keyinchalik esa “Insoniyat komediyasi”ning boshqa ko‘pgina romanlarida u bizga dong chiqargan doktor sifatida ro‘para keladi. Shu romanning o‘zida zulmat qa’ridan sudxo‘r Gobsekning siymosi ko‘rinib qoladi. Uning nafis rangsiz lablari xotiramizga muhrlanib qoladi. Keyinchalik “Gob­sek” qissasida Gorio otaning katta qizi Anastazi de Resto bi­lan tengi yo‘q darajada surbet Maksim de Tray o‘rtasidagi mojarolar nima bilan tugaganini bilib olamiz. Maksim de Tray ko‘p jihatdan Rastinyakni eslatadi, lekin u Rastinyakka xos bo‘lgan jozibadan mahrum. “Tashlandiq xotin” bizga Klara de Boseanning alamli taqdiri haqida hikoya qiladi. Pok qalbli bu ayolning birdan-bir aybi shundaki, u muhabbatga haddan ortiq ishonib yuborgan. Qizligida Konflan deb atalgan beva Voke, Puare va qari qiz Mishono masalasiga kelsak, bu ikkinchi darajali obrazlar shu qadar jozibadorki, ularni unutib bo‘lmaydi. “Insoniyat komediyasi”dagi oshpaz ayol Silviya yoxud xizmatkor Kristof kabi harakatsiz obrazlar ham birinchi marta ko‘rinishlari bilanoq xotirangizga o‘rnashib qoladi. Bularning yoniga yana shuni qo‘shimcha qilingki, bu personajlarning hammasi xuddi Prust personajlari kabi uchta o‘lchovga ega va ular roman davomida o‘zgarib boradilar. Shularni ko‘z oldiga keltirsangiz, nima uchun bizda hamisha muqarrar darajada oldinga harakat qilayotgan vaqt taassuroti paydo bo‘lishini anglab olasiz.

Biroq…

2004-yilda suratga olgan “Gorio ota” filmidan kadr.

Hid

Biroq, ana shu to‘qib chiqarilgan olam kitobxonlar tomonidan chin olam sifatida qabul qilmog‘i uchun ularda harakat qiluvchi shaxslarning o‘zi kifoya qilmaydi. Bundan tashqari, dekoratsiyalar kerak. Dekoratsiya bo‘lganda ham teatrlarnikiga o‘xshamaydigan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham Balzak mufassal tasvirlar yordamida o‘z romanlarini juda puxtalik bilan tayyorlab boradi. Adabiyot ishida alifni kaltakdan ajrata olmaydigan odamlar ularni haddan tashqari batafsil deb hisoblashadi. Biroq gap shundaki, faqat ana shunaqa mufassal tasvirlargina to‘qnashuvlar sodir bo‘ladigan sharoitning haqqoniyligini vujudga keltiradi. Voke pansionining tasviri ham muallif maqsadlariga xizmat qiladi: “Bu yerning hidlari o‘ziga xos, bizning tilimizda uni ifodalab beradigan so‘zning o‘zi yo‘q, lekin buni pansion hidi deb atasa ma’qul bo‘lar edi. Unda mog‘or hidi, bo‘g‘iq havo, chirigan narsalar sassig‘i bor. Bu hid kishining vujudini junjuktirib yuboradi, bir lahzada dimog‘ni bo‘g‘ib qo‘yadi, kiyimlaringizga o‘rnashib oladi, hozirgina nonushta qilingan oshxonaning bo‘yi keladi. Unda xizmatkorlar xonasining, sayisxonaning, o‘choq boshining badbo‘y hidlari qorishib ketgan. Devorlar yonida yelimshiq javonlar, anjomlar, almisoqdan qolgan, isqirti chiqib ketgan hammasi omonat, bu yerda qashshoqlik saltanati, unda nafosat degan narsadan nishona ham yo‘q, bundagi qashshoqlik juda uchiga chiqqan qashshoqlik...”

Ana shu kishini jirkantiradigan tasvir yozuvchiga zarur. U bu bilan Gorio ota hamda Rastinyak umrguzaronlik qilayotgan sap-sariq, xunuk va isqirt uy bilan de Nusingen xonim yoxud de Resto xonim istiqomat qiladigan qasrlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatmoqchi. Bu qasrlar gullarga to‘la, ularning mehmonxonalari zarhallangan, xobxonalarida esa xuddi issiqxonalardagi gullardek de Nusingen xonim va de Resto xonim yashnab-yayraydi.

2004-yilda suratga olgan “Gorio ota” filmidan kadr.

Sic mundus creatus est (Dunyo shunday yaralgan)

Romanning oxiri haqli ravishda mashhur bo‘lib ketdi. Biz bu yerda Per-Lashez qabristonida go‘rkovlar Gorio otaning qabriga belkurakda tuproq tashlab bo‘lib ketishganidan so‘ng Rastinyak yolg‘iz o‘zi qolganini ko‘ramiz. Yigit Senaning qing‘ir-qiyshiq sohili bo‘ylab yastanib yotgan, ba’zi bir uylarida miltirab chiroq ko‘rina boshlagan Parijga nigoh tashlaydi. Uning ko‘zlari Vandom ustunlari bilan Mayiblar uyining gumbazi oralig‘idagi joyga qadalib qoladi. Bu yerda Parijning oliy tabaqa toifalari istiqomat qiladi. Ejen butun borlig‘i bilan ana shu oliy toifalar dunyosiga intiladi. U ari uyasiday g‘uvullab yotgan bu maskanni nigohidan o‘tkazar ekan, xuddi hozir asal yalab ko‘radiganday tamshanib, mutakabbirlik bilan deydi:

— Qani, endi ko‘ramiz — kim yengib chiqarkan — menmi yoki senmi?

Shunday deb jamiyatga chorlovini jo‘natgach, “u boshlanishiga tushlik qilgani Delfina Nusingenning huzuriga yo‘l oldi”.

Halqa yopildi, korrupsiya jarayoni xotimalandi, so‘nggi tomchi ko‘z yoshi oqib bo‘ldi. Rastinyak u bilan birga Balzakning o‘zi va Balzak bilan birga kitobxon ham Parijni fath etishga otlanishga tayyor. Hech kim hech narsani qoralamaydi. Dunyo qanday bo‘lsa, shunday. Balzak esa Alen qayd etganidek, o‘ziga xos yaxshi niyatlarga ega. U qoralamaydi, u bundan yuqori turadi. Dunyoni qayta ko‘rish uning ishi emas, u dunyoni tasvirlaydi, xolos.

Tabiatshunos olim turli-tuman biologik turlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani tadqiq qilar ekan, mana shunday iqlim sharoitida hayvonlar dunyosi bilan o‘simliklar dunyosi o‘rtasida muayyan muvozanat maydonga keladi deb ta’kidlaydi va bu muvozanatni o‘z-o‘zicha yaxshi deb ham, yomon deb ham hisoblash mumkin emas, uning to‘g‘risida faqat u mavjuddir deyish mumkin, xolos, deya xulosa chiqaradi. Xuddi shunga o‘xshash odamlar jamiyatini o‘rganuvchi yozuvchi ham bu jamiyat o‘z tarkibida muayyan miqdorda oliy tabaqa vakillari, amaldorlar, vrachlar, dehqonlar, tekinxo‘rlar, oliftalar, sudxo‘rlar, badarg‘a qilinganlar, qozilar, zodagon ayollar, mehmonxona bekalari va oqsochlar mavjud bo‘lgani tufayligina yashaydi hamda amal qiladi, deb qayd qiladi. Jamiyat shaklini o‘zgartiring — bundan insonlarning turlari hech qanaqasiga o‘zgarib qolmaydi. Gorio otaning qizlari mutlaqo dahshatli maxluqlar emas, balki shunchaki qizlar va rafiqalardir.

“Ularning ishi ko‘p, ular ko‘p uxlashadi. Ular kelishmaydi... Bolalarning nima ekanini faqat o‘layotganingizdagina bilasiz, — deydi Gorio ota. — Eh, do‘stim-yey, uylanmang. Bola-chaqa qilmang! Siz ularga hayotingizni baxshida etasiz, ular sizga o‘lim olib kelishadi... Agar men badavlat odam bo‘lganimda, davlatimni ularga bermay, o‘zimda saqlab qolganimda, hozir ular shu yerda bo‘lishar edi, ularning bo‘sasidan ikki betim lov-lov yonayotgan bo‘lardi. Ota, albatta, badavlat bo‘lmog‘i kerak, u farzandlarining jilovidan qattiq ushlab turmog‘i kerak — otlarni ushlashgandek. Dunyo ana shunaqa, yomon ko‘rilgan”.

Ha, dunyo yomon ko‘rilgan. Qizlari tashlab ketgan, o‘zining qizlari tomonidan halok etilgan ota qiynalib, ming azobda jon berayotganining tepasida turgan yosh Rastinyak yuragi taka-puka bo‘lib bu dahshatli manzarani kuzatadi. “Senga nima bo‘ldi? — deb so‘raydi undan Byanshon. O‘lguday ranging o‘chib ketibdi-ku?” Rastinyak javob beradi: “Hozir men shunaqa oh-u zorlarni, qalb faryodini eshitdimki, qo‘yaverasan! Biroq, xudo bor-ku, axir! Ha, ha, xudo bor. U bizning dunyomizni yaxshiroq biladi. Aks holda, biz yashaydigan zamin bema’ni bir narsa bo‘lib qolaverardi”. Bu so‘zlar shundan dalolat beradiki, dunyoning bema’ni ko‘rilgani haqidagi fikr yangi fikr emas va Balzak uning to‘g‘risida o‘ylab yurgan. Biroq faqat o‘ylab yurgan emas, balki uni rad etgan ham. Balzak dunyoni yaxshi ko‘radi, undagi bor narsalarning hammasini, hattoki dahshatli maxluqlargacha yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ham Alen Balzakni Stendalga qaraganda chinakam mehr-u shafqatga yaqinroq turadi deb hisoblagan. Chindan ham Bal­zak o‘z qahramonlarining gunohlarini favqulodda osonlik bilan kechirib yuboraveradi. Votrenning o‘z himoyasi uchun so‘zlagan nutqini eshitgan biron kimsada Votrenni yaratgan adib uning gunohlarini kechirishga tayyor ekaniga shubha qolmaydi. Yozuvchi de Nusingen xonimning otasi dafn etilishi bilanoq Rastinyakni uning huzuriga tushlik qilishga jo‘natar ekan, bunda ham o‘ziga xos tarzda gunohlardan kechishga intilishni yoki jilla bo‘lmasa, ular bilan murosayi madora qilishga intilishni ko‘rish mumkin.

Azizbek Yusupov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »