Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Aksariyat ayollar turmush o‘rtog‘i Maykl Duglas va ikki farzandi bilan AQSHda yashovchi uelslik aktrisa kabi sohibjamol bo‘lishni orzu qiladi.

Foto: Global Look Press

Ketrin Zeta-Jons kim?

Aktrisa Ketrin Zeta-Jons “Zorro niqobi” va “Tuzoq” kabi filmlar tufayli mashhur bo‘ldi. U “Chikago”dagi roli uchun “Oskar”ga, shuningdek, “Tungi musiqa” filmidagi ijrosi uchun “Toni” mukofotiga sazovor bo‘ladi. Zeta-Jons ikki farzandining otasi — amerikalik aktyor Maykl Duglasga turmushga chiqishi ham shov-shuvlarga sabab bo‘lgan.

Foto: Global Look Press

Erta kelgan mashhurlik

Zeta-Jons 1969-yil 25-sentabrda Uelsning Suonsi shahrida tug‘ilgan va to‘rt yoshidayoq raqs bilan shug‘ullangan. 15 yoshida Zeta-Jons o‘rta maktabni tashlab, “Pijama o‘yini” musiqiy filmining gastrol spektakliga qo‘shiladi. Tez orada u Londonning Vest-End shahriga ko‘chib o‘tadi va 17 yoshida “42-ko‘cha” filmida rol o‘ynaydi.

Zeta-Jons 1991-yildan 1993-yilgacha namoyish etilgan “Nafis may gullari” seriali orqali britaniyalik tomoshabinlarga taniladi. Keyinchalik aktrisa televizion filmlarda bir nechta yuqori darajadagi rollarni, shu jumladan, 1996-yilgi tarixiy “Buyuk Yekaterina” biografik filmida bosh rolni ijro etadi.

Bosh rollar

Foto: Global Look Press

1998-yilda Zeta-Jons Amerika kino sanoatiga Antonio Banderas va Entoni Xopkins ham ishtirok etgan “Zorro niqobi” filmi bilan kirib keladi.

U Shon Konneri bilan birga “Tuzoq” (1999) kriminal trillerida o‘ynaydi, “Traffik” (2000) filmida narkobaronning rafiqasi rolini ijro etadi va “Oltin globus"” nominatsiyasiga sazovor bo‘ladi.

Aktrisa 2002-yilda Rene Zellveger, Kuin Latifa va Richard Gir ishtirok etgan “Chikago” filmiga tajribali musiqiy aktrisa sifatida qaytib keladi. Bu spektakl Zeta-Jons uchun g‘alaba bo‘ladi, u Velma Kelli rolini ijro etgani uchun ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida Akademiya mukofotini qo‘lga kiritadi.

2004-yilda Zeta-Jons Tom Xenks bilan birgalikda Stiven Spilbergning “Terminal” filmida rol o‘ynaydi, shuningdek, Jorj Kluni va Bred Pitt bilan “Oushenning o‘n ikki dugonasi” kriminal komediyasida suratga tushadi.

Foto: Global Look Press

Keyinchalik u Duglas bilan Bermud orollarida omma e’tiboridan uzoqda bo‘lgani sababli rollarga talabchanlik bilan yondashadi. Zeta-Jons “Hech qanday shartlarsiz” (2007) romantik komediyasida bosh rolda paydo bo‘ladi.

O‘sha paytda aktrisa 2009-yilda Stiven Sondxaymning Anjela Lansberi bilan “Tungi musiqa” musiqiy asarini jonlantirishda Brodveydagi debyutini amalga oshirish orqali o‘zining ko‘p qirrali ekanligini ko‘rsatadi. Dastlabki tanqidlarga qaramay, u keyingi yili mazkur roli uchun “Toni” mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Foto: Global Look Press

Zeta-Jons Brodveyning mashhur musiqiy filmi “Asr rok musiqasi” (2012) va “RED 2” (2013) jangovar filmidagi yordamchi rollari bilan katta ekranga qaytadi. 2016-yilda u Bleyk Xarrison va Bill Nigi bilan birgalikda Britaniyaning mashhur sitkomiga moslashtirilgan “Dadamning armiyasi” komediyasida suratga tushadi.

Zeta-Jons 2017-yilgi “Adovat” filmida afsonaviy aktrisa Oliviya de Xavillandni ijro etib, televideniyega qaytadi. O‘sha yili uning mashhur narkokartel rahbari Griselda Blanko hayotiga asoslangan “Kokainning cho‘qintirgan onasi” filmida rol o‘ynashi ma’lum bo‘ladi.

Maykl Duglas bilan turmush qurishi

Foto: Global Look Press

1998-yilda Zeta-Jons Amerika kinofestivalida aktyor Maykl Duglas bilan tanishadi. OAVning yozishicha, uchrashganidan ko‘p o‘tmay aktyor unga: “Men bolalaringizning otasi bo‘lishni xohlayman”, deb aytgan.

Ular 25 yosh farqiga qaramay, tez orada turmush qurishadi. Juftlikning birinchi farzandi — o‘g‘li Dilan 2000-yil avgust oyida tug‘iladi, o‘sha yilning oxirida ular Nyu-Yorkdagi dabdabali Plaza mehmonxonasida to‘y qilishadi. Qizi Keris esa 2003-yilda dunyoga keladi.

2010-yilda Zeta-Jons tomoq saratoniga chalingan erini qiyin paytlarda qo‘llab-quvvatlash uchun karyerasini bir chetga surib qo‘yadi. Keyingi yili Zeta-Jons bipolyar buzilishning II darajasi bilan o‘zi ham davolanadi.

Foto: Global Look Press
“Men shaxsiy muammolarimni hammaga aytishni yaxshi ko‘radigan odam emasman, lekin bipolyar kasalligimdan ommaning xabari bor. Hamkasblarim buni butunlay nazorat qilish mumkinligini bilishadi deb umid qilaman”, — deydi aktrisa.

2013-yil aprel oyida Zeta-Jons yana davolanishga yotadi. O‘sha yilning avgust oyida juftlik og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgani ma’lum bo‘ladi. Er-xotin “nikohlarini qadrlash va o‘z ustida ishlash uchun bir muncha vaqt alohida yashashga” qaror qilishadi. Ammo 2013-yilning oxirida ular yarashib oladi.

Foto: Global Look Press

2018-yilda aktrisaning shaxsiy hayoti bosim ostidaligi ma’lum bo‘ladi — eri maishiy zo‘ravonlikda ayblanadi. Bu noxushliklarga ancha bo‘lganiga qaramay, Ketrin o‘shanda juda qiynalganini tan oladi.

2020-yil dekabr oyida aktrisa bilan yana noxush hodisa yuz beradi. Daily Mail va boshqa xorijiy OAV xabariga ko‘ra, Zeta-Jons oyog‘idan og‘ir jarohat oladi. Voqea o‘z uyida Rojdestvo archasini bezash paytida sodir bo‘lgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »