Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti, 77 yoshli Sherali Jo‘rayevning vafot etgani to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqaldi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xususan, “Sayyod.com” asoschisi Sardor Komilov o‘z sahifasida bu haqda yozib qoldirdi. Bundan tashqari, Abror Muxtor Ali ham sahifasida taʼziya bildirdi va oilasiga sabr tiladi.

Kadr: Instagram
Kadr: Instagram

Shundan so‘ng “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Sherali Jo‘rayevning vafotini tasdiqlab, ta’ziya bildirdi.

Sherali Jo‘rayev 50 yildan ziyod ijodi davomida “O‘zbegim”, “Sohibqiron”, “Egasi bor yurt”, “Karvon”, “Sarbon”, “Inson qasidasi” kabi 600 ga yaqin qo‘shiq yaratgan. Uning “Birinchi muhabbatim”, “Yoshligimiz”, “Oy yuzingga”, “Oshiqlar sardori”, “Do‘st bo‘lsang, yonimda tur” kabi ashulalari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan. Xonanda mumtoz shoirlar g‘azallarini kuyga solib, o‘zbek xalqi merosini yosh avlodga va jahonga tanitishga ulkan hissa qo‘shgan. Sherali Jo‘rayev 1981-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan. 2022-yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil Sherali Jo‘rayevga tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik yo‘llagan. “El-yurtimiz sizni butun hayotini o‘zbek madaniyati va san’atini rivojlantirishga bag‘ishlagan, o‘z ijodiy maktabini yaratgan ulkan va betakror iste’dod egasi, fidoyi va millatparvar shaxs sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi”, deyiladi tabrikda.

Sherali Jo‘rayev haqida

Sherali Jo‘rayev 1947-yilda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan. 1971-yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutining aktyorlik san’ati yo‘nalishini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1972-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblida xonanda sifatida boshlagan. Shuningdek, 1979—1986-yillarda Andijon viloyati filarmoniyasi xonandasi, 1986—1996-yillarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi, 1996—2017-yillarda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandasi, 2017-yildan shu kunga qadar “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi sifatida samarali ijod qilib kelayotgandi.

Buyuk hofiz ijodiy faoliyati davomida yuzlab qo‘shiqlar yaratdi, Sherali Jo‘rayev ijod maktabiga asos soldi, yuzlab shogirdlar chiqardi. 1981-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan, 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan, 1991-yilda A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan, 2018-yilda “Tojikiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan, 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va 2022-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.

“Nega ismim Alisher emas?”

Iste’dodli ijodkor Sherali Jo‘rayev ham barcha qishloq bolalari singari maktab yoshidan boshlab chorva mollarini boqqan. Ammo u boshqa tengdoshlaridan farqli ravishda adabiyotga, xususan, Alisher Navoiy she’riyatiga mehr qo‘yadi. Ijodkorga bo‘lgan mehri kuchli bo‘lgani uchun ham “Nega ismimni Alisher deb qo‘ymagansizlar?” degan savolni ko‘p bergani haqida intervyularida aytib o‘tgan. 

“Aslida sportchi bo‘lmoqchi edim”

Xonandani ko‘pchilik bolaligidan san’atga qiziqqan va musiqa maktablarida tahsil olgan deb biladi. Ammo u shunchaki tasodif va taqdirning inoyati bilan san’atkor bo‘lgan. Boisi u bolalikdan boksga qiziqqan va 63 kg vaznli sportchi hisoblangan. Ota-onasining oq fotihasini olib, Toshkentdagi jismoniy tarbiya institutiga hujjat topshirgani keladi. Ammo “yo‘ldan adashish” uning qarorini o‘zgartiradi.

Foto: Instagram

— San’atkor bo‘lish xayolimga ham kelmagan. Barcha abituriyentlar kabi ijara uyga joylashganmiz. Ulardan jismoniy tarbiya institutining qayerda joylashganini so‘rasam, Chorsudagi “Janggoh” mahallasi yaqinida joylashgan “Spartak” stadionidan so‘rashimni aytishdi.

Toshkentni bilmayman, avtobusga o‘tirib, “Janggoh” mahallasiga keldim. Ammo xuddi meni kimdir Hasti Imom tomonga yetaklagandek bo‘ldi. Menimcha, taqdiri azalda bitilgani shu bo‘lsa kerak. Yo‘lda ketayotsam, dutor va doiraning rasmi tushirilgan binoga ko‘zim tushdi. Ikkinchi qavatida bir yigit pianino chalib o‘tirgan ekan. U bilan tanishib, “Ovozing zo‘r ekan” deganidan keyin, madaniy-oqartuv texnikumiga o‘qishga kirganman, — degan Sherali Jo‘rayev.

“Otam san’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lgan”

Andijondagi ota-ona farzandining bu texnikumga kirganidan bexabar edi. Hali qaysi soha vakili bo‘lishini to‘liq anglab yetmagan, ammo shirali ovozi bilan barcha ustozlarning mehrini qozongan Sherali Jo‘rayevga filarmoniyada o‘qishni taklif qilishadi. Madaniy-oqartuv texnikumini bilgan bo‘lajak ijodkor o‘sha kuniyoq xonanda bo‘lishga jiddiy ahd qilib, o‘qishni filarmoniyada davom ettiradi. 

Foto: Instagram

— Padari buzrukvorim Nurmuhammad ota san’atga, bobolarimiz merosiga ishtiyoqmand inson edilar. Hazrat Navoiyning kitoblarini o‘qib, bizga mag‘zini chaqib berardilar. Dalada qo‘y boqqani chiqqanimizda otam otga minib olar, men orqalaridan mingashib borardim. Shunda “Qaro ko‘zum”ni xirgoyi qilganlarida beixtiyor ko‘zlarimga yosh kelardi. Men ham ana shunday chiroyli qo‘shiq ayta olarmikanman, deb o‘ylardim. Ammo otam rahmatli qo‘shiqchi bo‘lishimga boshida qattiq qarshilik qilganlar, — degan ijodkor.

15 yillik sirli “zapret”

Foto: Instagram / @sheralijuraevofficial

Sherali Jo‘rayev ijodini ta’riflashning hojati yo‘q. Chunki u bir san’atkor erishishi mumkin bo‘lgan barcha muvaffaqiyatlarga erishgan. Ammo qandaydir sabablarga ko‘ra 2002-yildan u ommaga ko‘rinmay qoldi. Buni ayrimlar “zarpet”lar bilan bog‘lashdi. Ammo xonandaning o‘zi buning sabablari haqida ochiq ma’lumot bermaydi. 2017-yili yana ommaga ko‘rinish berdi va o‘sha yildan buyon katta saroyda konsert berib keladi. 

Birinchi prezident bilan hajga borgan

Xalq orasida hofiz O‘zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti bilan Ka’batullohning ichiga kirgani haqidagi gaplar tarqalgandi. Sherali Jo‘rayev bu gaplarga ham oydinlik kiritib o‘tgan.

Foto: Instagram / @sheralijuraevofficial

— Marhum yurtboshimiz bilan Makkada muborak Ka’batullohning ichiga kirganimiz aslo esimdan chiqmaydi. Birinchi prezidentimiz butun hayotini shu xalq, vatan uchun baxshida qildi. U kishining juda ko‘p xislatlari, fazilatlariga guvoh bo‘lganman. Insonning qandayligini bir qarashda bilardilar. Hamisha uzoqni ko‘zlab, aql-zakovat bilan ish tutdilar. Joylari jannatda bo‘lsin, — deydi hofiz jurnalist Rustam Jabborovga bergan intervyusida.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »