Ukraina razvedkasi vertolyoti bilan taslim bo‘lgan rossiyalik uchuvchiga yarim million dollar mukofot va’da qildi
Ukraina havo bazalaridan biriga Mi-8 vertolyotini qo‘ndirgan rossiyalik uchuvchi Maksim Kuzminov 500 ming dollar mukofot oladi, deb yozmoqda “Ukrainskaya pravda” Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi (GUR) vakili Andrey Yusovga tayanib.
“Rasmiy qonunchilik bor, tegishli qonun Ukraina prezidenti tomonidan 2022-yil aprel oyida imzolangan, unda Ukraina tomoniga texnika bilan o‘tgan shaxsga tegishli kompensatsiya to‘lanishi belgilangan”, — dedi Yusov.
U Rossiya harbiylarini Kuzminovdan o‘rnak olishga chaqirdi.
“Ukraina demokratik huquqiy davlat, biz o‘z majburiyatlarimizni bajaramiz va xalqaro huquqqa rioya qilamiz. Shuning uchun, urush jinoyatchisi bo‘lishni istamaydigan rossiyaliklar, iltimos, taslim bo‘ling, Ukraina tomoniga o‘ting va o‘z sha’ningiz, vijdoningizni himoya qiling, Putin rejimiga qarshi kurashing”, — deya qo‘shimcha qildi GUR vakili.
Rossiyalik uchuvchining taslim bo‘lishi
Rossiyaning Mi-8 vertolyoti Ukrainaning Xarkov viloyatidagi aviabazasiga qo‘ngani haqida 23-avgust kuni ma’lum bo‘ldi. O‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan Fighterbomber Telegram kanali vertolyot ekipaji “qandaydir sabab bilan yo‘nalishni yo‘qotib” front chizig‘ini kesib o‘tgani va tasodifan Ukraina aerodromiga qo‘ngani haqida yozdi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi xabar berishicha, vertolyot qo‘nishi Ukraina harbiylarining “Sinitsi” kodli maxsus operatsiyasi nazoratida amalga oshirilgan. Vertolyotni boshqarayotgan uchuvchi Maksim Kuzminov o‘zi harakatlarini Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi ekani va urushda qatnashishni istamasligi bilan izohladi. Keyinchalik u ekipajning yana ikki a’zosi yo‘q qilingan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Kuzminovning so‘zlariga ko‘ra, u hamkasblarini taslim bo‘lishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan, biroq ular qo‘rqib, vertolyot qo‘nganidan keyin qochishga uringan.