Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Fleshbek

Prometey mavzusi ko‘tarilgan davralarda og‘zim yumilardi. U haqida ko‘pchilik qatori faqat bir narsani, qanaqadir qoyaga mixlab qo‘yilgan-u, har kun jigarini burgut cho‘qishini bilardim. Nimaga qoyaga qamalgan, kim qamagan, nega aynan burgut cho‘qiydi, nima ayb qilgan o‘zi — rosa qiziqardim. Mana, endi Esxilni topib, shu tragediyani o‘qib, nega bu mavzuni hamma sevib tinglashini, muhokama qilishini tushundim.

“Otashbardor Prometey”

Odam bolasining og‘ir qismatiga, Yer yuzidagi zulm va adolatsizliklarga qarshi haqiqiy isyon “Zanjirband Prometey” tragediyasida, ayniqsa, kuchli jaranglaydi. Bu asar Esxilninggina emas, balki butun jahon adabiyotining ozodlik va insonparvarlik sha’niga bitilgan buyuk yodgorligidir. Bu tragediya “Xalos etilgan Prometey va Otashbardor Prometey” birga qo‘shilib, yaxlit uchlik asarni tashkil etadi. Har uchala tragediya voqealari qadimgi Yunonistonda keng tarqalgan Prometey afsonalaridan olingan. Prometey qadimgi ma’budlar nasliga mansub titanlardan bo‘lgan.

Mavzuga kirishdan oldin eslatib o‘tay: taqrizda hamma voqealarga spoyler berilgan, shu uch betlik maqolachani o‘qib, asar haqida umumiy xulosa olish mumkin, lekin asar tilidagi shirani, mazani topa olmaysiz. Shuning uchun asarning o‘zini ham o‘qib qo‘ysa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Mana endi sekin sujetga o‘taversam bo‘ladi.

Foto: “ArtQuid”

“Muqaddas olov o‘g‘risi”

Zevs o‘z otasi Kronosni Olimp taxtidan ag‘darib, o‘zini ma’bud va Yer kurrasining hokimi etib tayinlaydi. Zevsga qarshi barcha titanlar bosh ko‘tarib chiqadi. Yolg‘iz Prometey Zevs tomonida bo‘lib, titanlar bilan urishadi. Zevs o‘z dushmanlarini yer qa’riga gumdon qilib, ko‘ngli tinchigach, odamzodning zurriyotini quritib, o‘rniga yangi nasl yaratmoqchi bo‘ladi. Buni payqab qolgan Prometey Olimp mehrobidan muqaddas olovni o‘g‘irlab, odamlarga keltirib beradi va bu jasorati bilan odamzodni halokatdan qutqarib qoladi. Biroq Prometeyning odam bolasiga qilgan bu yaxshiliklaridan qattiq xafa bo‘lgan Zevs va ma’budlar ulug‘ titanning boshiga bitmas-tuganmas kulfatlar yog‘diradi.

“Zanjirband Prometey” tragediyasi odamparvar titanning jazolanishidan boshlanadi. Dunyoning eng chetidagi skiflar mamlakati tevarak-atrofi qaqragan cho‘l, tog‘-u toshlar, biron yerda ko‘kargan giyoh ko‘rinmaydi, hamma yoq jim-jit, g‘amgin va mash’um tog‘ etaklariga urilgan dengiz to‘lqinlarining guldurosi ahyon-ahyonda sukunatni buzib turadi, dunyo yaratilgandan buyon shu mudhish yerlarga inson qadami teggan emas.

Hukm va Zulm

Zevsning HUKM va ZULM degan ikki malayi Prometeyning oyoq-qo‘llariga kishan urib, tog‘ cho‘qqisiga zanjirband qilib tashlash uchun shu yerga haydab keladilar. Bu mudhish voqeani titanning eng yaqin do‘sti, olov ma’budi GEFEST o‘z qo‘li bilan bajarishi kerak bo‘ladi. Bunchalik og‘ir yuk ustida alam chekkan Gefest gurzisini yelkasiga tashlab, og‘ir qadamlar bilan hammadan orqada boradi. Bu hukmni bajarishdan bosh tortish aslo mumkin emas va otasining (Zevs) hukmidan chiqa olmaydi. Hukm va Zulm Prometeyni tog‘ning eng yuqori cho‘qqisiga chiqarib Gefestni qistovga oladi.

Noilojlikdan Gefest do‘stini zanjirband etib, ko‘kragidan mix qoqib, qoyaga mixlab tashlaydi. Og‘ir gurzining tovushi va Prometeyning falakka qilgan xitobidan dengiz to‘lqinlari, shamol, quyoshga qarata bu azoblarning barchasi inson bolasiga qilgan yaxshiliklarining evaziga ekanini uqtirib, barchasini guvohlikka chaqiradi. Bularni eshitgan Okean va Okeanidalar yetib kelishadi. Bular kim bo‘ldi endi, deyishga shoshilmang, hozir tushuntiraman: Okeanidalar bir tomonlama Prometeyga amakivachcha, ikkinchi tomondan qayinsingil ham, Okeanidalar iltimosiga ko‘ra Prometey odamlarga qilgan yaxshiligini batafsil so‘ylab beradi. Titan odam bolasiga uy-joy qurishni, kema yasashni, o‘qish-yozishni, hisob bilimini, dehqonchilik ishlarini, eng muhimi Olimp tog‘idan keltirilgan olovdan qanday foydalanish lozimligini va boshqa turli-tuman hunarlarni o‘rgatadi. Prometeyning bu xizmatlari tufayli insonlarning hayoti yengillashadi, turmushi yaxshilanadi.

Foto: “ArtQuid”

Xulosa o‘rnida kichik tahlil

Har bir narsaning chek-chegarasi bo‘lgani singari Zevsning ham bir kun Olimp tog‘idan uloqtirilib tashlanishini Prometey yaxshi biladi. Prometey bu sirdan ogoh xolos. Zevs bu sirni bilish uchun Germesni Prometey yoniga jo‘natadi. Qanchalik azoblar, do‘q-po‘pisa qilmasin titan bu sirni aytmaydi. Shu payt to‘fon ko‘tarilib, gulduros momaqaldiroq boshlanadi, chaqmoq chaqadi yer qoq yorilib, tog‘ bilan birga Prometey va Okeanidalar yer qa’riga kirib ketadilar. Shu yerda tragediya tugaydi. Tragediyaning qolgan ikki qismi bizgacha yetib kelmagan. (Ana xolos, buyog‘i qanchadan tushdi? Eng qiziq joyida tugab qolgani rostan odamga alam qiladi)

Taxminiy mazmuni quyidagicha: Oradan bir necha asrlar o‘tgach Zevs o‘z dushmanini yana Yer yuziga ko‘tarib, ilgaridan ham besh battar qiynoqqa soladi. Saraton issig‘i tanasini kuydiradi, kuz va qish sovuqlari, bahor yomg‘irlari badanini qaqshatadi. Ammo bu azoblar ham Zevsni qoniqtirmay, har kuni ertalab ma’budning kattakon burguti uchib keladi-da titanning ko‘kragiga qo‘nib, o‘tkir tumshug‘i bilan titanning qornini yorib, jigarini parcha-parcha qilib yeydi. Bu hol har kuni takrorlanadi, ertalabgacha titanning yana jigari o‘sib chiqadi, burgut kelib yeb ketaveradi, bu hol bir qancha yil davom etadi. Nihoyat taqdir taqozosi bilan titanni ozod etish uchun Gerakl dunyoga keladi. Jahonni aylanib yurgan Gerakl bu yerga ham keladi, kamalagidan o‘q uzib, burgutni o‘ldiradi va Prometeyni ozod qiladi. Undan keyingi voqealarni esa taxmin qilib o‘lmaydi, balki u Zevsdan qasos olar, balki odamlarga orasida yashashda davom etar, umuman olganda bu yerda sujet muhimmas. Muqaddas bardosh yuki haqida gap ketyapti: aqlbovar qilmas sabr, sabot, ertangi kunga umid — bularning hammasi haligacha o‘z o‘quvchilarini hayajonga solib kelmoqda.

Esxil ijodining cho‘qqisi, shubhasiz, “Zanjirband Prometey”. Shoir Asqar Qosimov ushbu asarni rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilar ekan, asarning hurfikrligi, falsafiy mushohadalarga boyligi, inson ruhiy olamining sirli qatlamlarini dadil ko‘rsatib bera olgan. Asarda Prometey obrazi orqali inson mag‘rurligi sabot va matonati ulug‘lanadi. Inson qadr-qimmati martabasining g‘oyat ortishi uyg‘onib kelayotgan insonning qudrati, go‘zalligi, uning ichki va tashqi dunyosini ta’riflash Esxil tragediyalarining asl mohiyatidir.

Xullas, Esxil o‘zining butun badiiy mahoratini zamonasidagi eng muhim ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy va axloqiy masalalarni ko‘tarishga, ularni adolat va demokratik tuzumning manfaatlari nuqtayi nazaridan, hamda jaholatning muqarrar yengilishi, ilm-u fanning kamol topishi, inson ongining buyuk imkoniyatlariga chuqur ishonch prinsiplarida hal qilishga uringan.

Foto: “Artvee”

Qiziqarli faktlar

Esxilning adabiy faoliyati juda erta boshlangan. Rivoyatlarda aytiladiki, shoir hali o‘spirin ekan Dionis tushiga kirib uni tragediya yozishga undaganmish. Qadimgi olimlarning aytishlariga qaraganda, Esxil nihoyatda mahsuldor ijod qilgan yozuvchi ekan. Biroq uning 90 ga yaqin tragediyadan iborat boy merosidan bizga qadar faqat yettitasi yetib kelgan.

Esxil chindan ham tragediyaning “otasi”dir. Uning ijodida ibtidoiy bosqichda bo‘lgan, dramatik adabiyot qisqa muddat ichida badiiy barkamollik bosqichiga ko‘tariladi. Tragediyaga ikkinchi aktyorni kiritish natijasida chinakam dramatik element hosil bo‘ldi. Esxil tomonidan yaratilgan bu muhim yangilik butun dramaturgiya janri tarixida katta o‘zgarish yasaydi.

Aristotel o‘zining “Poetika” asarining 4 bobida shoir xizmatini xuddi shu nuqtayi nazardan baholab, “Esxil birinchi marta aktyorning sonini ikkitaga ko‘paytirdi, xorning rolini qisqartirdi va shu bilan dialogning rivoj topishiga zamin hozirladi” deydi. Bu kichkina narsalar emas.

Barcha yunon adiblari singari Esxilning ham hayotiga doir ma’lumotlar kam saqlanib qolgan. Shoir taxminan 525-524-yillarda Elivsin shahrida, aslzoda aristokrat oilasida dunyoga kelgan. U umrining oxirgi yillarini vatanidan uzoqda, Sitsiliyada o‘tkazadi va 456-yilda Gela shahrida vafot etadi.

Azizbek Yusupov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »