Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Prezident matbuot-xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston rahbari keyingi haftada AQSHga tashrif buyurib, BMT Bosh assambleyasining navbadagi sessiyasida nutq so‘zlaydi. Bundan tashqari, tashrif davomida Amerika prezidentining taklifiga binoan o‘tkaziladigan C5+1 formatidagi AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etadi.

2015-yilda Samarqandda AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi o‘tkazildi va C5+1 formatining poydevori qo‘yildi. Mazkur platforma ishtirokchi mamlakatlarning hamkorligini va umumiy yondashuvlarini rivojlantirishga xizmat qilishi lozimligi belgilandi. Muhokamalar yakunida Markaziy Osiyo respublikalari bilan AQSH o‘rtasida Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Shu tarzda olti davlat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida umummanfaatdor masalalar yuzasidan muntazam siyosiy muloqot o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning yangi formati – C5+1 yuzaga keldi.

O‘zining sakkiz yillik tarixi davomida C5+1 ham siyosiy, ham iqtisodiy masalalar bo‘yicha samarali muloqot maydoniga aylanib bordi. 2015-yil Samarqanddagi ilk uchrashuvdan keyin AQSHda besh marta, Toshkent va Ostonada ikki martadan hamda Gamburg shahrida bir marta vazirlar darajasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, bir necha onlayn-muloqotlar tashkil etildi. Uchrashuvlarning muntazamligi kun tartibiga qo‘yilayotgan masalalar yuzasidan konstruktiv yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Aks holda, sodda qilib aytganda, C5+1 ham o‘z ahamiyati va nufuzini yo‘qotib, siyosiy jarayonlar qaʼrida ko‘rinmay ketgan bo‘lar edi. Demak, Samarqandda maqsadlar to‘g‘ri belgilangan, yaʼni dolzarb masalalar yuzasidan muntazam diplomatik dialogni yo‘lga qo‘yish, mintaqaviy savdo-sotiqni yaxshilash, transport va energetika aloqalarini rivojlantirish, biznes-muhitni mustahkamlash, ekologik chaqiriqlarga qarshi turish, ekstremizmga qarshi kurash, gumanitar aloqalarni kengaytirish.

Bundan tashqari, Samarqand Deklaratsiyasida AQSHning Markaziy Osiyo  davlatlari suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan. Ko‘p qutbli dunyoda tinch taraqqiyot yo‘lidan borishni istagan mamlakatlar uchun bu qanchalik muhimligi zamonaviy bosqinchilik urushlari hamda bunday urushlar davom etishi haqida ayrim siyosatchilarning bayonotlari fonida yaqqolroq seziladi.

C5+1 platformasida Afg‘on inqirozini hal etish, mamlakatga yordam ko‘rsatish yuzasidan samarali dialog yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 27-iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiyasi C5+1 maslahatlashuv formatida Markaziy Osiyo-AQSH  maxsus sessiyasida ishtirok etdi.

Tomonlar ushbu mamlakatdagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning Afg‘on hukumatiga nisbatan mujassamlashgan pozitsiyasini rivojlantirish, bu jafokash zaminda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning maxsus vakillari mintaqadagi terrorchilik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish, shuningdek, Afg‘oniston hududini xalqaro terrorchilik tashkilotlari uchun xavfsiz boshpanaga aylantirishning oldini olish borasida bir ovozdan fikr bildirdi.

O‘tgan davrdagi samarali muloqot pirovardida davlat rahbarlari ishtirokidagi sammit uchun zamin hozirladi. Joriy yilning 18-avgust kuni Joy Bayden Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, uni Nyu-Yorkka taklif qildi.

AQSH rahbari BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak yig‘ilishini intiqlik bilan kutayotganini yozgan. Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyevni joriy yil sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleya yig‘ilishi va C5+1 uchrashuvida ishtirok etishga taklif etgan.

“Unda biz xalqlarimiz hayotidagi eng muhim vazifalarni hal etishda muvaffaqiyatga erishamiz. Umid qilamanki, siz – men va boshqa yetakchilarimiz bilan birgalikda xavfsizlik, iqtisodiy va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlariga erishish yo‘lida qanday qilib birgalikda ishlashni davom ettirishimiz mumkinligini muhokama qilish uchun sentyabr oyida C5+1 rasmiy uchrashuvida ishtirok etasiz”, — degan Bayden.

“Oxirgi paytlarda axborot maydonida “Markaziy Osiyo +” degan jumla ko‘p uchramoqda. Masalan, shu yilning o‘zida “Markaziy Osiyo+Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo+Xitoy”, “Markaziy Osiyo+Ko‘rfaz Arab davlatlari kengashi” kabi sammitlar bo‘lib o‘tdi. Bo‘lajak C5+1, yaʼni “Markaziy Osiyo+AQSH” formati ilgari ham bo‘lgan, lekin bu safargi uchrashuv oliy darajada, yaʼni davlat rahbarlari ishtirokidagi ilk sammitdir. O‘zbekiston va qardosh qo‘shnilarimiz birgalikda jips bo‘lib harakat qilishi tufayli Markaziy Osiyo yaxlit mintaqa, global jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida qabul qilinmoqda.

Dunyoning yetakchi davlatlari Markaziy Osiyo bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qiziqishi ortib bormoqda. Bu Prezidentimiz taklif etgan mintaqaviy muloqot mexanizmining yorqin mahsullaridan va natijalaridan biri, albatta. Bundan tashqari, AQSHga tashrif davomida davlatimiz rahbari bir qator xorijiy davlatlar yetakchilari, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar rahbarlari bilan ham uchrashuvlari rejalashtirilgan, bu haqda keyingi hafta batafsil maʼlumotlarni berib boramiz”. 
Sherzod Asadov – O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi

Darhaqiqat, dunyo bilan muloqotda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yagona pozitsiya tutishlari yakuniy qarorlar qabul qilish mexanizmlarini tezlashtiradi. Shu bilan birga, jahon bozorlariga chiqish va chet ellik sheriklarni jalb etish jarayonlarini osonlashtiradi. Nyu-York sammiti amaliy jihatdan qanchalik samara keltirishini albatta vaqt ko‘rsatadi,  biroq shu paytgacha vazirlar darajasida konstruktiv muloqot davom etib kelgan ekan, oliy darajadagi muzokaralardan yanada ko‘proq natija kutishga haqlimiz.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »