Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Nyu-York shahriga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Cerberus kompaniyasi vitse-prezidenti Brayan Xuk bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Aktivlari qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan global investitsiya korporatsiyasi kommunikatsiyalar tarmog‘i, foydali qazilmalarni qazib chiqarish, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Vitse-prezident Brayan Xuk ilk hamkorlik loyihalari 2023-yilning oxiriga qadar boshlanishini  taʼkidladi. Uchrashuv yakunida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, davlat rahbari GE HealthCare kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda korporatsiyaning mamlakatda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalari muhokama qilindi.

Dunyoning industrial giganti bo‘lgan General Electric korporatsiyasi strategik sheriklik doirasida O‘zbekiston korxonalari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, zamonaviy yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish va ularni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish niyatida.

GE HealthCare kompaniyasi prezidenti Rob Uolton sog‘liqni saqlash sohasida kardiograflar ishlab chiqarish, skrining va kardio axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishini taʼkidladi. Bundan tashqari, investor O‘zbekistonda Milliy tibbiy maʼlumotlar arxivini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ni qabul qilishga kelishib olindi.

1994-yilda General Electric tarkibida tashkil etilgan GE HealthCare bosh qarorgohi Chikagoda joylashgan tibbiy texnologiyalar sohasidagi transmilliy kompaniya. Korporatsiya aktivlari qariyb 28 milliard dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda Oppenheimer investitsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aktivlari qiymati 36 milliard dollar bo‘lgan ushbu yirik investitsiya bankining sarmoyasini jalb qilgan holda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Jon Tonelli O‘zbekistonda sanoat quvvatlarini tashkil etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan kelishuvlar erishilganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Birinchi bosqichda to‘qimachilik klasterlari, qurilish materiallari sanoati korxonalarini rivojlantirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga investitsiya yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Prezident ushbu rejalarni maʼqullab, mutasaddilarga tez fursatda amaliy ishlarni boshlashga topshiriq berdi.

Shunindek, Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda CNH kompaniyasi vitse-prezidenti Stiv Naderni bilan uchrashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aktivlari qiymati qariyb 50 milliard dollar bo‘lgan CNH transmilliy kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mashinasozligida O‘zbekistonning strategik hamkoridir. Mashhur Case va New Holland brendlari ostida yo‘l qurish va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi.

Vitse-prezident Stiv Naderni kompaniyaning tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish, kombayn va paxta yig‘ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, shu jumladan, yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy resurslar ajratish rejalarini bayon qilgan.

Davlat rahbari kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatlagan.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev AQSHga amaliy tashrifi doirasida Cintana kompaniyasi rahbari Duglas Bekker bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ushbu kompaniya Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi, universitetlarda taʼlim sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Cintana asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.

2024-yildan boshlab sog‘liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari ushbu rejalarni maʼqullab, O‘zbekiston taʼlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »