Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

AQSH Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlaridan qattiq xavotirda va Bokuni bu harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi, dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 19-sentabr kuni kechqurun eʼlon qilgan bayonotida.

Xonkandida otishma oqibatlari
Foto: “TASS”

“Bu harakatlar Tog‘li Qorabog‘dagi shusiz ham og‘ir gumanitar vaziyatni yanada yomonlashtirib, tinchlik istiqboliga putur yetkazmoqda. Biz Ozarbayjonga avval aytganimizdek, nizolarni hal qilish uchun kuch ishlatish — nomaqbul hamda mintaqada adolatli va munosib tinchlik o‘rnatish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarga ziddir”, — ta’kidlaydi AQSH tashqi siyosat departamenti rahbari.

“Biz jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, Boku va Tog‘li Qorabog‘ aholisi vakillari o‘rtasida hurmat bilan muloqot o‘rnatishga chaqiramiz”.

Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari bilan muzokaralar

Keyinroq AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Entoni Blinken 19-sentabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga telefon qilib, Qo‘shma Shtatlar “Armaniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashiga” ishontirganini ma’lum qildi.

Shu kuni Amerika diplomatiyasi rahbari Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. Millerning so‘zlariga ko‘ra, Blinken Aliyevni Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatishga va vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.

“Davlat kotibi muammoning harbiy yechimi yo‘qligini, tomonlar Boku va Tog‘li Qorabog‘dagi etnik armanlar o‘rtasidagi hal etilmagan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun muloqotni qayta boshlashi kerakligini taʼkidladi”, — dedi departament vakili.

Shu bilan birga, Entoni Blinken Aliyevning harbiy harakatlarni to‘xtatish va Ozarbayjon vakillari bilan Tog‘li Qorabog‘ aholisi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini aytdi, dedi Miller. O‘z navbatida, AQSH tashqi siyosat departamenti rahbari ushbu rejani tezroq amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Ozarbayjon harbiylarining Tog‘li Qorabog‘dagi operatsiyasi

19-sentabr kuni ertalab Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da “aksilterror tadbirlari”ni e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini, jumladan, uning poytaxti Xonkandi(Stepanakert)ni o‘qqa tuta boshladi. Boku arman qo‘shinlarini olib chiqib ketish va mintaqadagi “rejim o‘zgarishini” talab qilmoqda. Ayni paytda Yerevan Tog‘li Qorabog‘ hududida arman harbiylari yo‘qligini da’vo qilib, Ozarbayjonni “etnik tozalash”da ayblamoqda.

Shu kuni kechqurun Yerevanning markaziy maydonida norozilik namoyishlari boshlandi, uning ishtirokchilari Armaniston bosh vaziri Pashinyanning siyosati tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasidagi hozirgi vaziyatga olib kelganini da’vo qildi.

Rossiyaning Yerevandagi elchixonasi yonida navbatdagi aksiya bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlar Tog‘li Qorabog‘da joylashgan Rossiya tinchlikparvar kuchlaridan mintaqa aholisini Ozarbayjon agressiyasidan himoya qilishni talab qildi.

Moskvaning Tog‘li Qorabog‘da bo‘layotgan voqealarga munosabati

Armaniston hukumati Rossiya tinchlikparvar kuchlari choralar ko‘rishini kutmoqda, dedi Nikol Pashinyan. “Biz BMT Xavfsizlik Kengashi ham chora ko‘rishini kutamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Armaniston hukumati rahbari.

O‘z navbatida Moskva ham Bokuni, ham Yerevanni qon to‘kilishini to‘xtatishga, diplomatiyaga qaytishga va tinchlikparvar kuchlar xavfsizligini taʼminlashga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonning harbiy harakatlarini qoraladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »