Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova 21-sentabr kuni 66 yoshni qarshiladi. Hayotda ko‘plab qiyin kunlarni boshdan kechirgan aktrisaning muvaffaqiyat sirlari bilan tanishamiz.

“Onamning ko‘nglini qattiq og‘ritganman”

Saida Rametova bolalagi bilan bog‘liq xotiralarni o‘zgacha sog‘inch bilan eslaydi. U to‘rt qiz va bir o‘g‘il bo‘lgan oilada dunyoga kelgan. Onasi Samarqanddagi konserva zavodida ishlagan bo‘lsa-da, doira chalib lapar aytishni yaxshi ko‘rardi.

Foto: Skrin

— Oilamiz kamtarona hayot kechirardi. Onam erta tongdan to kun botguniga qadar ishlasa-da, ro‘zg‘orning kam-ko‘sti to‘lmasdi. Biz bobom va buvim bilan birga qolardik. Bobom rahmatlining soqollari uzun, nurli inson edi. Uni Ibn Sinoga o‘xshatardim. Chunki bobom ham tabibchilik bilan shug‘ullanar, odamlar shifo istab kelishardi. Men u kishiga yordam berardim. Giyohlarni maydalardik, turli damlama va malhamlar tayyorlardik. Hech yodimdan chiqmaydi, baʼzi bemorlar shifo topganidan quvonib bobomga ko‘proq pul bo‘lsa, bir qismini olardida qolganini qaytarib berardi. Men “Nega qaytarib berasiz”, kulib “Tegishimni oldim”, derdi. Yuqori sinfga o‘tgandan keyin onam bilan konserva zavodida ishga borardim. Chaqqon qiz bo‘lganim uchun ishlarni joyiga qo‘yib bajarardim. Hatto, qarindosh-urug‘larning uyida yig‘inlar bo‘lsa onamni jo‘natib, o‘rniga ishlardim. Ammo bir kuni onamning ko‘nglini qattiq og‘ritganman. Buning uchun o‘zimni haligacha koyiyman, — deydi Saida Rametova.

“Onamga qanchalik qiyin bo‘lganini anglayapman”

Aktrisa onasini nima uchun ranjitgani va bolalikdagi orzularining bari amalga oshgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Skrin

— Puldan ko‘p qiynalardik. Baʼzan ro‘zg‘orlik qilishga ham pulimiz qolmasdi. Onam sho‘rlik bor pulini berib, “Oylikkacha borim shu, amallab turgin”, derdi. Chunki men do‘konga borib, bozorlik qilishga masʼul edim. Bir kuni “Men shunaqa boy bo‘laman, bolalarimni zoriqtirmay o‘stiraman. To‘rtta emas, ikki bolam bo‘lsin, ammo ular muhtojlik ko‘rmay o‘ssin”, deb o‘ylamay gapirib yuboribman. Bu gap onamga og‘ir botishini o‘ylamabman. Bolalaringni zoriqtirmaydigan ona bo‘lgin dedi-yu, ko‘zini olib qochdi. Birozdan so‘ng ko‘zlari namlanganini payqadim. Ulg‘ayib ona bo‘lganimdan keyin o‘sha paytda unga qanchalik qiyin bo‘lganini anglayapman, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Erkin Komilov sabab sanʼatkor bo‘ldim”

Saida Rametova avvaliga aktrisa bo‘lishni orzu qilmagani va Gulchehra Jamilova ishtirokidagi spektaklni ko‘rib, bu sohaga mehri tushganligini aytib o‘tgan.

Foto: Skrin

— Pul ishlashni yaxshi ko‘radigan qiz edim. Onamga ham “Bu qizingiz ishning ko‘zini biladi, kattakon bo‘lib ketadi-yov”, deb ko‘p aytisharkan. Maktabni bitirib do‘konga sotuvchi bo‘lib ishga kirganman. Keyin Toshkentdagi kooperativ texnikumiga o‘qishga kirdim. Bir kuni kursdoshlar bilan Erkin Komilov va Gulchehra Jamilova ishtirokidagi spektaklni ko‘rgani bordik. Gulchehra opaning nazokati, gap-so‘zi va xatti-harakatlari yuragimga yetib bordi. “Tamom, men ham aktrisa bo‘laman”, dedim. Hamma talabalar ketishdi, ammo men teatr darvozasi yonida aktyorlarning chiqishini kutib turdim. Bir payt Erkin Komilov chiqdi.

“Men ham aktrisa bo‘lishini xohlayman, iltimos menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsating, dedim. Erkin Komilov sababchi bo‘lib, sanʼat institutiga hujjat topshirganman. Ustozlarim suhbatlashib ko‘rishgandan keyin maslahatlar berishgan. Aslini olganda, sanʼat haqida hech narsani bilmasdim, ammo menda shu paytgacha yashirin qobiliyat bo‘lgan ekan. Menimcha, sanʼatga bo‘lgan qiziqish ham onamdan o‘tgan bo‘lsa kerak, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“O‘xshamasa aktrisalikdan ketaman”

Saida Rametova avvaliga aktrisa bo‘lolishiga ko‘zi yetmagani va bu sohada o‘rnini topolmasa, savdo-sotiq bilan shug‘ullanishni reja qilgani haqida aytib o‘tgan.

Foto: Skrin

— O‘zimga bir imkon berib ko‘ray, o‘xshamasa boshqa ish qilaman deganman. Savdo-sotiqda tajribam bor, degan bo‘lsam kerak-da. Erkin Komilov sababchi bo‘lib, teatrga ishga kirganman. 1980-yilda Isfandiyorning “Otasining qizi” spektaklidagi Nargiza rolini ijro etganman. Menimcha ilk muvaffaqiyatli rolim shu bo‘lgan. Bu rolga meni rejissyor Baxtiyor Ixtiyorov taklif qilganlar. Agar birinchi rol adashmasdan berilsa va ustozlar sizga yaxshi o‘git bersalar, ilk qadam yaxshi hosilini bersa, bu yog‘iga omad ham siz tomonda bo‘lar ekan. Men buni o‘zimda sezganman, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Jumadulla Rametov aktrisaga uylanmayman degandi”

Aktrisa turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani va qaynonasi ularni to‘yiga qanday munosabat bildirgani haqida so‘zlab bergan.

Foto: Instagram

— Jumadulla Rametov bilan birga o‘qiganmiz, do‘stona munosabatda edik. Institutni tugatgach, O‘zbek Davlat drama teatriga yo‘llanma berishgan, Yosh aktyorlar qatori men ham “Ijodkorlar uyi”da turganman. Saodat ismli xonadosh dugonam Jumadulla aka bilan Yosh tomoshabinlar teatrida ishlardi. Hamkasblar birga ovqatlanayotganda ham ijod haqida suhbatlashishardi. Gap orasida “Men sanʼatkor qizga uylanmayman, uydagilarim nima deyishadi?”, degan edi. Bu gap Saodat ikkimizga yoqmagan. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay Jumadulla aka menga munosabati tamoman o‘zgarganini sezdim. Bir kuni “Turmush o‘rtog‘ingiz qanday bo‘lishi istaysiz?” deb so‘rab qoldi.

“Meni tushunsa, hurmat qilsa, ijod qilishimga imkon bersa”, dedim. “Men barchasiga roziman, turmushga chiqasizmi?” dedi. Shumligim tutib, “Sanʼatkor qizga uylanmoqchi emasdingiz, uydagilar nima deydi?” dedim. Keyin bilsam Jumadulla aka hammasini pishitib qo‘ygan ekan. Qaynonam rahmatli Sarvaraoy “Yashaydigan sen, aktrisa bilan yashashga ko‘zing yetsa uylanaver”, degan ekan. Jumadulla aka yolg‘iz o‘g‘il farzand edi. Besh qiz ichida tug‘ilgan yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun unga boshqacha munosabatda bo‘lishardi. “O‘sha vaziyatda qaynonamga qanchalik og‘ir bo‘lganini endi tushunayapman. Boisi, 1981-yilning 23—24-oktyabr kunlari Turkistonda to‘yimiz bo‘lgan. Ammo to‘ydan 10 kungina ular bilan yashab, Toshkentga qaytab kelganmiz. Qaynonam “Yolg‘iz kelinim xizmatimni qilsin”, demagan. Aksincha, uzoq davom etadigan syomkalar bo‘lsa Toshkentga kelib bolalarimga qarab turardi, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Yoqmagan va ijro etishni istamagan rollarim”

Aktrisa faoliyati davomida o‘ziga yoqmagan va muvaffaqiyatsiz bo‘lgan rollari haqida gapirib berdi.

Foto: Instagram

— “Uqubat” filmida qo‘shmachi ayol rolini ijro etganman. Rosti bu rol o‘zimga umuman yoqmagan. Syomkadan avval ham “Kelinglar shu rolni men ijro etmay”, deganman. Ammo “Sizni boshqa qiyofada kashf etmoqchiman”, degandan keyin noiloj rozi bo‘lganman. Keyin teatrda “Yetti faryod” nomli spektaklda asosiy rollardan birini berishgan. Unda aktrisa Sayyora Yunusova bilan dublyor edim. Rol yaxshi, ammo unda o‘zimni topolmaganman. To‘rt oy repititsiya qilganmiz, endi premyerasi bo‘ladi deganda rahbarlarga uzrimni aytib, sahnaga chiqmayman deganman. Chunki bu rol Sayyora Yunusova uchun yozilgandek edi. Oradan ancha yillar o‘tib, “Tun albatta o‘tadi” spektakli sahnalashtiriladigan bo‘ldi. Unda yana Sayyora Yunusova bilan dublyor bo‘ldik. Bu vaziyatda Sayyora opa mardlik qilib “Bu rol Saidaniki, men undek ijro etolmayman”, dedi, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Liftda ko‘zim yorigan”

Saida Rametovaning liftlar bilan bog‘liq xotiralari juda ko‘p. Hayotidagi eng yorqin ikkita voqea aynan liftda sodir bo‘lgan ekan.

Foto: Instagram

— Jumadulla Rametov ilk bor sevgi izhorini liftda aytgan. Keyin oradan yillar o‘tib, o‘g‘lim Azizbek liftda dunyoga kelgan. O‘shanda Chorsudagi yangi uyga ko‘chgan edik. Jumadulla Rametov ishda, qaynonam rahmatli Turkistonda edilar. Uy ishlarini qilayotganimda ahvolimda o‘zgarish sezib, darrov Jumadulla akaga telefon qildim. Shifoxonaga olib borsalar “Hali tug‘ruqqacha 10-15 kun bor” deyishdi, uyga qaytdik. Uyda yana mazam bo‘lmay, “Jumadulla aka, tez keling”, dedim. Doyamiz koreys ayol “Tez uchinchi qavatga olib chiqing”, dedi. Uchinchi qavatga chiqayotganimda liftda ko‘zim yorigan. Azizga har doim “Sen liftda tug‘ilgansan”, deyman, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Saida Rametova kimga yoqmay qolgan”

Saida Rametovani bir muddat teatrdan chetlashtirilgan. O‘sha vaqtda baʼzi OAVlarda aktrisa teatr tomoshabinini emas, balki to‘yni maʼqul ko‘rgani va spektaklga kelmagani haqida yozishgandi.

Foto: Instagram

— Rahmatli Fathulla Maʼsudov meni teatrga qaytardi. Undan avval “To‘yga chiqadigan aktrisalar teatrdan chetlashtiriladi”, deyilgandi. Asl vaziyat qanday bo‘lganini hamkasblarim yaxshi bilishadi. Ha, balki shunisi to‘g‘ridir deb katta majlisda ham indamadim. Hamma ayb menda deb turaverdim. Ammo to‘y sabab chetlashtirilgan aktrisa faqat men bo‘ldim. Masala men bilan ochilib, men bilan yakunlandi. O‘shanda juda qiyin vaziyatga tushib qoldim. Rahmatli Murod Rajabov o‘sha vaqtda “Muqumiy” teatrida direktor edi. “Kel ikkimiz rol ijro etamiz”, deb teatrga ishga taklif qildi. “Otasining qizi” spektaklida ona rolini ijro etib, repetitsiyalarda qatnashib yurdim. Ammo sahnaga chiqish nasib etmadi. Otaxon teatri yana ishga taklif qildi, chunki tomoshabinlar “Andishali kelinchak” spektaklida meni ko‘rishni istashgan ekan, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Siz og‘ir kasalsiz”

Foto: Instagram

— “Jaloliddin Manguberdi” serialining birinchi mavsumi suratga olinayotgan paytda uydagilar turmush o‘rtog‘imning salomatli yomonlashgani haqida xabar berdi.  Bir mahal mening ham mazam qochdi. Chap tomonim og‘rigani uchun shamol tegdi deb o‘ylagandim. Bir kuni Tohir Saidov “Opa, qo‘limni shamollatdim shekilli og‘riyapti, shifokorga ko‘rinib kelaman”, dedi. O‘sha kuni mening ham syomkam yo‘q edi, unga ergashdim.

Tohir shifokor ko‘rigidan tez chiqdi. Haqiqatan ham qo‘lini shamollatgan ekan, bittagina maz yozib berishibdi. Meni esa u shifokor, bunisini, keyin yana boshqasiga jo‘nataverdi. Oxiri “Nima gap, nega meni buncha tekshirishyapti”, deb yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Tohir ham hech narsani gapirolmay, jim bo‘lib qoldi. Turk professori “Saidaxonimga haqiqatni aytish kerak”, dedi. Turk tilini biroz bo‘lsa-da bilganim uchun uning gaplarini tushunishim qiyin kechmadi. “Senda ikkinchi bosqichdagi ko‘krak saratoni aniqlandi. Shuning uchun chap tomoning og‘riq bergan. Endi sen barcha syomkalarni to‘xtatib, seni operatsiya qilib davolaymiz”, dedi. U professor ko‘rigiga kirish uchun bemorlar to‘rt oylab navbatda turishganini ko‘rganim uchun darrov rozi bo‘ldim.

O‘zbekistondan borganimiz va tashkilotchilarning yordami bilan u shifokor ko‘rigiga kirishim oson kechdi. Bundan tashqari serial prodyuseri Mexmet Bo‘zdag‘ “Hamma sharoitlarni yaratib beramiz, sog‘aysang bo‘ldi”, dedi. O‘shanda ham rolni tashlab ketishga ko‘zim qiymay “Suratga olish ishlari tugasin, keyin boraman”, desam shifokor tanbeh berdi. “Saraton tez rivojlanadi, senga quyosh mumkin emas. Sog‘ bo‘lsang hammasi bo‘laveradi”, deb tushuntirdi, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“O‘ligim bu yerda qolib ketmasin”

Saida Rametova nega Turkiyada davolanishni istamay, O‘zbekistonga qaytganini quyidagicha izohladi. 

Foto: “Daryo”

— Mehmonxonaga kelib, 15-20 daqiqalar ko‘zim ilinibdi. Qulog‘imga kimdir “Ket-ket” degandek bo‘ldi. Cho‘chib uyg‘onib ketdim va Turkiyada aktyorlarga g‘amxo‘rlik qilgan tashkilotchi Farhod Badalovga ketishga qaror qilganim haqida aytdim. “Opa, davolanish uchun odamlar Turkiyaga keladi-ku, hammamiz yoningizda bo‘lamiz”, dedi. Rayhon Ulasenova, Raʼno Shodiyeva, Feruza Normatova va Yulduz Rajabovalar bir kundan yonimda turishga kelishib olishgan ekan. Hammaga rahmat aytib, ko‘nglim bu yerdan ket deyotganini aytdim. “Reys yo‘q opa”, deb u vaziyatni tushuntirishga urindi. “Mabodo o‘lib qolsam o‘ligim shu yerda qolib ketadimi? Samolyot uchmayotgan bo‘lsa bolalarim ham bu yerga kelisholmaydimi?” deb hayolimdan o‘tkazdim. Nolalarimni Yaratgan eshitdimi bilmadim, ikki kundan keyin O‘zbekistonga charter-reyslarning qatnovi boshlandi. Yodgor Sa'diyevning maslahati bilan Toshkent onkologiya kasalxonasiga borib, davolanishlarni boshladim, — deydi aktrisa Saida Rametova.

“Tushkunlikka tushganim yo‘q”

Aktrisa kasallikka taslim bo‘lmagani, davolanayotgan paytida ham xalq xizmatidan qolmaganining sabablari haqida ham aytib o‘tdi.

Foto" Instagram

— “Voy men kasal ekanman”, deb yotib olmadim. Faqat harakatda bo‘ldim, teatrga ham, to‘yga ham boraverdim. Tushkunlikka tushmay sog‘ayib ketishimga ishondim. Pozitiv kayfiyatda bo‘lishga va ruhimni tushurmaslikka harakat qildim. Kimyo terapiya olgandan keyin ikki-uch kun o‘tib, tadbirlarga ham boraverardim. Davolovchi shifokorlarim ham hayron bo‘lib “Bunaqa bemorni ko‘rmaganmiz”, deyishardi. Ana shunday qiyin vaziyatda qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimga minnatdorlik bildiraman. “Bu kasal-ku” deb chetga surib qo‘yishgani yo‘q. Qaysi davraga kirib bormay, duo qilib, moddiy ko‘mak ham berishdi, — deydi aktrisa Saida Rametova.

Saida Rametova salomatligi tiklangach, kenja o‘g‘li Aziz Rametovni uylantirdi. Ayni kunda olti nabiraning buvisi. Faqatgina shu yili turmush o‘rtog‘i Jumadulla Rametov Alsgeymer kasalligining og‘ir darajasi bilan kurashayotgani ma’lum bo‘ldi.  

“Karantin avjiga chiqqan paytida Jumadulla aka bu kasallikka chalinganini bildik. Ammo men u paytda Turkiyada “Mendirman Jaloliddin” serialining syomkasida edim. O‘g‘illarim dadasini darrov kasalxonaga olib borgan. Ammo u paytda bemorlarning ko‘pligidan kasalxonalarda bo‘sh joy yo‘q ekan. Aziz o‘g‘lim kunda qo‘ng‘iroq qilib, “Nima qilamiz, ahvollari og‘ir”, dedi.

Uzoqda bo‘lganim uchun qo‘limdan hech narsa kelmadi. Undan keyin o‘zimga ham saraton xastaligi tashxisini qo‘yishdi. Ketma-ket kelgan dard oilamizni shoshirib qo‘ydi.

“Men teatrga ishga bormayapman, oyligimni olib tashlashsin, yoshlarga berishsin”, deydi. Shuncha yil ishladingiz, ozgina siylashsa nima qilibdi, desam ham unamayapti. Men to‘y xizmatlari yoki syomkalar sabab teatrga borolmagan kunlarim bo‘lgan. Ammo Jumadulla Rametov biror marta teatrga xiyonat qilmagan inson.

Men kasallikka taslim bo‘lganim yo‘q, nasib qilsa turmush o‘rtog‘im ham bu dardni yengib o‘tadi. Buning uchun oilamiz bilan kurashyapmiz, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »