Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirishga kelishildi
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan O‘zbekiston hududida energiya samaradorlik sohasida “Energiya menejerlarini tayyorlash markazini yaratish”, “Energiya sarfi nolga teng (ZEB) binoni qurish pilot loyihasi” hamda “Energiyani tejash normativ-huquqiy va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish” loyihalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama kelishuvga erishildi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Energiya menejerlarini tayyorlash dasturini yaratish loyihasi doirasida energiyani tejash, yashil transformatsiya markazi va energiya menejeri dasturi ishlab chiqiladi. Loyiha doirasida markazning umumiy dizayni, dastlabki o‘quv materiallarini tayyorlash, energiya menejeri dasturini tuzish, loyihaning spetsifikatsiyasi va taxminiy qiymati hamda energiya auditi qurilmalarining standart o‘lchovlari uchun spetsifikatsiyasini yaratish ishlari amalga oshiriladi.
ZEB ko‘rgazmali pilot loyihasi doirasida yaponiyalik ekspertlar tomonidan Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlarning bino va inshootlari ekspress auditdan o‘tkaziladi hamda O‘zbekistondagi ilk ZEB binosi tashkil qilinadi. Loyiha doirasida ZEB’ni rivojlantirish uchun Yaponiyaning integratsiyalashgan tizimini joriy etish, Yaponiya tajribasi asosida O‘zbekistonda ZEB binolarni rivojlantirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
Energiyani tejash bo‘yicha normativ-huquqiy va me’yoriy hujjatlarni tayyorlash loyihasi doirasida esa, energiyani tejash standartlarini qayta ko‘rib chiqish hamda uning mazmunini yaxshilash va samarali isitish bo‘yicha chora-tadbirlar taklifini ishlab chiqish rejalashtirilgan.