Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Farhod va Shirin”, “Zarb” va “Hamroh” filmlardagi rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Umid Iskandarov 25-sentyabr kuni 43 yoshni qarshiladi. Xo‘sh, omadli ijodkorning muvaffaqiyat siri nimada? Uning kinoda kamnamo bo‘lib qolishining sabablari nima? Keling, shu kabi savollarga quyida javob izlaymiz.

“Uchastkavoyning ham ro‘yxatida turganman”

Umid Iskandarov ijodkorlar oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi ham o‘z davrining mashhur ijodkorlaridan biri bo‘lgan va uzoq yillar O‘zbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritgan. 

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Otam Qurbonali Mahsudxonzoda o‘z davrining mashhur radioboshlovchisi bo‘lgan. U 40 yil O‘zbekiston teleradiokompaniyasida faoliyat yuritgan. Ovozi juda go‘zal bo‘lgan, u axborotlarni shu qadar chiroyli o‘qirdiki, tomoshabinni maftun etolardi. Oilada uch o‘g‘il bo‘lganimiz uchun uy ishlarida onamga yordamlashardik. Otam o‘qishimizni nazorat qilardi, onam esa uy ishlarini o‘rgatardi. Hatto kiyim dazmollashning ham sir-asrorlarini o‘rgatgan. Bolaligimda nihoyatda sho‘x va o‘yinqaroq bola bo‘lganman. Hatto “uchastkavoy”ning ham ro‘yxatida turganman. Tarbiyam yomon tomonga o‘zgarganidan keyin otam rus maktabi bunga aks ta’sir etyapti deb o‘zbek maktabida tahsil olishimni istagan, — deydi Umid Iskandarov.

“Otamning boshqa oilasi bo‘lgan”

Aktyor bolaligida onasiga qiyin bo‘lgani, ammo buning uchun otasidan ranjimasligi haqida ham aytib o‘tdi.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Bolaligimizda ota-onam ajrashib ketishgan. Ular o‘rtasida qanday muammo bo‘lgani menga qorong‘i. Otam onam bilan ajrashgach, boshqa oila qurgan. U oilasidan ikkita qiz farzandi bor.  Onam uch o‘g‘il bilan qolgan, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bo‘lgan. Ammo otam hech qachon o‘g‘illariga bee’tibor bo‘lmagan. Singillarimni tan olaman va ularni yaxshi ko‘raman. 
Otam asli turkistonlik, onam esa samarqandlik bo‘lgan. Bolaligimizda otamning qarindoshlarini ko‘rish uchun Qozog‘istonga tez-tez borib turardik. Shu bois otam bizdan ayro yashaganini hech qachon his qilmaganman. Hayotimda otam ham onam ham men uchun qadrli, — deydi aktyor Umid Iskandarov.

“Ukrainada bosh oshpaz bo‘lganman”

Odatda aktyorlar bolalikdan san’atga qiziqishadi. Ammo Umid Iskandarovda bunday qiziqish bo‘lmagan. U aktyor bo‘lishni xayoliga ham keltirmagan.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Bolalikda ko‘cha hayotiga qiziqadigan bola bo‘lganim uchun otam hunar o‘rganishimni ham istagan. Maktabni tamomlagach oshpazga shogird tushib, soha sir-asrorlarini o‘rganganman. Tanishlarimning maslahati bilan Ukrainaga ishlashga borganman. Rus tilini bilganim uchun ishga moslashib ketishim qiyin kechmagan. Olti yil deganda restoranda bosh oshpaz mavqeyiga ham erishganman. Ammo musofirchilikda yashash qanchalik qiyin ekanligini yaxshi bilaman. Bir kuni kinokasting haqida eshitib qolganman va shunchaki unda ishtirok etib ko‘rganman. Eng qizig‘i, rolga tasdiqlanganman. Ammo qandaydir sabablarga ko‘ra filmda suratga tusholmay, 25 yoshimda O‘zbekistonga qaytib kelganman, — deydi aktyor Umid Iskandarov.

“25 yoshimda institutga kirganman”

Umid Iskandarov hamkasblariga nisbatan ancha kech kino olamiga kirib kelgan. Ammo xushbichim yigitning mahorati rejissorlarga ma’qul kelib, uni bosh rollarga taklif qilishadi.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— 25 yoshimda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Televideniye va radio rejissorligi fakultetiga qabul qilinganman. Uchinchi kursdan boshlab filmlarga taklif qilishgan. 2008-yili  “Qasd” nomli filmda suratga tushganman. Ammo u film negadir namoyish etilmagan. Hatto internet tarmoqlarida ham yo‘q, — deydi aktyor.

“Ajrashishimning asosiy sababi — farzandsizlik”

Umid Iskandarov 2009-yildan 2015-yilga qadar sermahsul ijod qiladi. Uning nafaqat kinolardagi, balki kliplardagi ishtiroki ham tomoshabinlarga manzur bo‘ladi. Ijodi gullagan vaqtda aktyor grim ustasi Renata Iskandarova bilan oila quradi. Bir-birini tushunadigan juftlikka hamma havas qilardi. Afsuski, 2015-yili ular ajrashganini ma’lum qilishdi.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Turmush qurganidan keyin erkak ham, ayol ham ota-ona bo‘lishni istaydi. Renata ham buni orzu qilardi. Farzandli bo‘lsak, hamma ishimni tashlab, u bilan ovora bo‘laman, ko‘p farzandimiz bo‘ladi, derdi. Bo‘lmadi. Biz juda ko‘p harakat qildik. Bormagan joyimiz qolmadi. Oxiri borgan joyimizda hamma gapni yuzimizga aytishdi. Ikkalang ham soppa-sog‘san, shunchaki bir-biringga to‘g‘ri kelmaysizlar. Siz boshqaga uylanib, ayolingiz boshqaga turmushga chiqsa, farzandli bo‘lasizlar, deyishdi. EKU qilgim kelmadi, men bu narsani to‘g‘ri deb bilmadim.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

Orada bolalar uyidan bola asrab olishni ham rejalashtirdik. Shu paytda otam tahlil natijalarini bildilar va mehribonlik uyidan oladigan bolaning ota-onasi, nasl-nasabini bilmaysan. Kelinga ket demaymiz, rozi bo‘lsa, seni yana bitta xotinga uylantirib qo‘ysin, dedilar. Lekin qaysi ayol eriga ikkinchi xotin olib berishga rozi bo‘ladi, — deydi aktyor.

“Sobiq ayolimni sog‘inaman”

Shuningdek, aktyor qanday hollarda o‘zini yolg‘iz his qilishi hamda sobiq rafiqasini gohida sog‘inishi haqida ham gapirib o‘tdi.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Ishlaringizni bitirib, uyga kelasiz. Divanga o‘zingizni tashlaysiz. Kimdir sizdan qorningiz ochdimi, deb so‘rashini xohlaysiz. Yoki shunchaki o‘tirib kunim qanday o‘tgani haqida men bilan dildan suhbat quradigan odamni qo‘msayman. Shu narsani qadri o‘tadi. Agar buni boshimdan o‘tkazmaganimda, bunaqa bo‘lmasmidi? Ayniqsa, ayol juda yaxshi pazanda bo‘lgan bo‘lsa. Mening ayolim oshxona qirolichasi bo‘lgan. Bir-bir sog‘inaman, — deydi Umid Iskandarov.

“Maqsadsiz insonga aylanib qoldim”

Shaxsiy hayotidagi muammolar aktyorning faoliyatiga ham aks ta’sir etadi. Hatto uning zararli odatlarga berilgani va ruhiy tushkunlikka tushgani haqida ham ma’lumotlar tarqalgandi.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Erkak kishining hayotida shunday paytlar ham bo‘lar ekan. Ma’lum vaqt zararli odatlarga berildim. Gap-so‘zlarga e’tibor bermayman, deganingizda ham, ko‘ngilga og‘ir botar ekan. Renata ikkimizning tahlillarimiz ijobiy chiqqan. Shunchaki, bir-birimizga to‘g‘ri kelmaymiz. Ammo odamlar buni noto‘g‘ri talqin qilishdi. Shu bois bir muddat zararli odatlarga berilib, maqsadsiz insonga aylanib qolgandim. Hozir hammasi joyida, umidimni uzmaganman. Hammasi iziga tushib ketishiga ko‘zim yetadi, — deydi aktyor Umid Iskandarov.

“Zarracha afsuslanganim yo‘q”

Aktyor nega kinolarda kamnamo bo‘lib qolgani va gonorari haqidagi savollarga quyidagicha javob bergan.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— 40 yoshdan oshgan aktyor va aktrisalar ijodda kamnamo bo‘lib qolishadi. Boisi bu yoshda oshiq roliga ham, ota-ona roliga ham mos kelmaydi. Chunki o‘zbek kinosida bosh qahramon rolini ijro etish uchun yosh va chiroyli bo‘lish kerak. Xullas, ana shunday sabablarga ko‘ra ko‘p filmlarda suratga tushmayapman. Keyin avvalgidek ko‘p filmlar ham suratga olinayotgani yo‘q. “101-reys” filmi uch yil davomida suratga olindi. Ammo bu filmda suratga tushganimdan zarracha afsuslanganim yo‘q. Ketgan vaqtga yarasha yaxshi film olindi, — deydi aktyor Umid Iskandarov.

“Qiziqishim ortib boryapti”

Har bir insonning sevimli mashg‘uloti bo‘lganidek, Umid Iskandarovning ham hobbilari bor. U mashinalarga qiziqadi.

Foto: Instagram / @umidiskandarov

— Bolaligimdan mashinalarga, ularning tuzilishiga, yangi chiqqan modellariga juda qiziqaman. Orada tashvishlar bilan bo‘lib bu hobbimni biroz unutgan edim. Ammo endi o‘sha qiziqishim yana ortib boryapti. Bo‘sh vaqtim bo‘lishi bilan mashinalar haqidagi ko‘rsatuvlarni mazza qilib tomosha qilyapman, — deydi Umid Iskandarov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »