Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Mashhur juftlik — Maykl Duglas va Ketrin Zeta-Jons chorak asrlik farq bilan bo‘lsa-da, bir kunda 25-sentyabrda dunyoga kelgan.

Foto: Getty Images

Maykl Gollivud yulduzlari — Kirk Duglas va Diana Dill oilasida tug‘ilgan. Bo‘lajak aktyor o‘smirlik chog‘ida ota-onasi ajrashadi. U onasi bilan qolgan bo‘lsa-da, otasining o‘g‘liga ta’siri katta bo‘ladi: dramatik san’at fakultetiga o‘qishga kirganiga qaramay, talaba yigit kun kechirishi uchun pul topishi kerak edi. Chunki otasi unga 25 yoshdan oldin kinoda karyera qurishga ruxsat bermaydi.

Mayklning debyuti “San-Fransisko ko‘chalari” serialida bo‘ladi. Ammo u beshta “Oskar”ga sazovor bo‘lgan “Kakku uyasi uzra parvoz” dramasidagi prodyuserlik ishi bilan bu sohada hurmat qozonadi. Ketrin Zeta Jons bilan tanishgan vaqtida aktyor “Xavfli joziba”, “Asosiy instinkt”, “Yetar, bas” va “O‘yin” kult filmlari tufayli mashhur bo‘lgandi. Yosh aktrisa esa endigina “Zorro niqobi” filmida rol o‘ynagani uchun ham Duglasning shaxsan o‘zi u bilan gaplashmoqchi ekanligini bilgach, hayron qoladi.

Uylangan oshiq

Birinchi rafiqasi Brenda Vakkaro bilan.
Foto: Getty Images

Maykl Duglasning otasi xotinboz sifatida tanilgan, ammo og‘li uzoq va mustahkam munosabatlarga intilgan. Shunday qilib, aktyor olti yil Brenda Vakkaro bilan yashaydi. Keyinchalik ular ajrashgach, aktyorning hayotida darhol Diandra Luker paydo bo‘ladi. Avstriyalik diplomatning qizi shou-biznesga hech qanday aloqasi yo‘q edi, o‘sha paytda Duglas uchun bu ayni muddaodek tuyuladi. Natijada romantika nikohga olib keladi, keyin esa o‘g‘li Kemeron tug‘iladi.

Ikkinchi rafiqasi Diandra Luker bilan.
Foto: Getty Images

Er-xotin 23 yil birga yashashdi, ammo keyinroq Maykl bu nikoh rasmiy ajralishdan 10 yil oldin buzilganini ma’lum qildi. Aktyor 1998-yilda “Zorro niqobi”ning premyerasida Denis de Vito do‘stini go‘zal Yelena rolini o‘ynagan aktrisa bilan tanishtirganida, aktyor xotini bilan ajrashishini his qiladi.

Maykl uchun bu bir qarashdagi sevgi edi, o‘zidan 25 yosh kichik aktrisa bilan  yakkama-yakka suhbatlashish uchun aktyor qo‘lidan kelganini qiladi. 

30 daqiqalik suhbatdan so‘ng, men unga qarab “Bilasanmi, men bo‘lajak farzandlaringning otasi bo‘lmoqchiman, dedim”, deb tan oladi aktyor.

Mayklning munosabati aktrisaning e’tiborini tortadi, lekin u hali ham xotinidan ajrashmagandi, bu esa ma’shuqa bo‘lishni istamagan Ketringa yoqmaydi. To‘qqiz oy davomida sevishganlar asosan telefon orqali gaplashib, soatlab hamma narsani muhokama qilishadi. Zeta-Jons o‘zini faqat shu odam bilan yashashga tayyorman, deb o‘ylaydi, lekin u sodda emasdi: Duglasdan xotini bilan ajrashishini talab qiladi.

“Zorro niqobi”dan oldin aktrisa “1001 kecha” filmida Shahrizoda rolini ijro etgan.
Foto: Getty Images

Maykl bunga rozi bo‘ladi, garchi moliyaviy jihatdan unga katta zarar ko‘rsa ham: sobiq xotini aktyordan Beverli-Xillz va Mallorkadagi uylarini, shuningdek, 45 million dollar tovon puli talab qiladi. Ammo Duglas uchun yangi nikohi shunga arzirdi – 1999-yilda Ketrin homilador bo‘ladi va tez orada aktyor unga million dollarlik nikoh uzugi sovg‘a qiladi.

2000-yilda er-xotinning hayotida ikkita muhim voqea sodir bo‘ladi: New York Plaza mehmonxonasida bir yarim million dollar sarflangan to‘y va ularning o‘g‘li Dilanning tug‘ilishi. Qo‘shma Shtatlardagi mazkur to‘y “yil to‘yi” deb ta’kidlanadi, chunki kelin tabloidlarni 250 ming dollarlik ko‘ylagi bilan hayratda qoldiradi.

Qiyin davrlar

Foto: Getty Images

Ketrin qancha ayol Duglasga erishish harakatida ekanini tushunadi, shuning uchun to‘ydan oldin undan nikoh shartnomasi tuzishni talab qiladi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, agar Maykl unga xiyonat qilsa, rafiqasi bilan birga yashagan har yili uchun 2,8 million dollar to‘lashi kerak, besh million dollar ustamasi ham bor. Aktyor hech ikkilanmay, bu shartlarga rozi bo‘ladi.

Ko‘rinishidan, Duglas bunga jon-jon deb ko‘nadi: aktyor o‘zgarish niyatida emasdi: 2000-yilda ularning qizi Karis tug‘ilganda, rafiqasi karyera qurayotganda Maykl bolalariga g‘amxo‘rlik qiladi. Zeta-Jons erining qo‘llab-quvvatlovi bilan muvaffaqiyatga erishadi — u “Chikago” musiqiy filmidagi epizodik roli uchun “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritadi. “Terminal”, “Chidab bo‘lmas shafqatsizlik”, “Oushenning o‘n ikki dugonasi” filmlarida rol o‘ynaydi.

To‘satdan 2010-yilda Mayklga tomoq saratoni tashxisi qo‘yiladi. Ketrin qo‘rqib ketadi: uning har doim quvnoq eri birdan holdan toyib, odatdagi harakatlari unga faqat og‘riq berayotgandek tuyuladi. Aktrisa sevgilisiga g‘amxo‘rlik qilish uchun barcha rejalashtirilgan loyihalardan voz kechadi. Uning sa’y-harakatlari va shifokorlarning g‘amxo‘rligi samara beradi — bir yil o‘tgach, kasallik susayadi.

Foto: Getty Images

Ammo sinovlar shu bilan tugamaydi. Mayklning birinchi turmushidan bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘li giyohvand moddalarni saqlash va tarqatgani uchun olti yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Zeta-Jons shu yerda ham mardlik qiladi, sudda o‘gay o‘g‘lini qattiq himoya qiladi. Keyin esa Ketrinning o‘zida muammolar paydo bo‘ladi: kasal eri va Kemeron tufayli stress ostida aktrisada bipolyar buzilish rivojlanadi.

2011-yilda aktrisa psixiatriya klinikasida davolanadi, ammo 2013-yilda uning ahvoli yomonlashadi. Ketringa gipomaniya va depressiyani ichiga olgan 2-toifa bipolyar buzilish tashxisi qo‘yiladi. Maykl Duglas xotinining ruhiy tushkunligidan charchagani uchun ajrashmoqchi ekanligini e’lon qilganida pichoq borib suyakka taqalgandi.

Albatta, jamoatchilik bundan norozi bo‘ladi, chunki Ketrin qanday qiyinchiliklar bilan erini saraton kasalligidan qutqarganini hech kim unutmagandi. To‘g‘ri, bir necha oy o‘tgach, er-xotin yana nikoh uzuklarini taqib, yarashishadi. Ammo 2014-yil yanvarida tabloidlar ularning ajrashishi haqida jar sola boshlaydi.

Yangi sahifa

“Chumoli odam” filmida rol o‘ynagan Evanjelin Lilli.
Foto: Getty Images

2014-yil oxirida matbuot juftlikning yarashganini tasdiqlaydi, ammo munosabatlarda rashk paydo bo‘ladi — Ketrin Mayklning “Chumoli odam” filmida rol o‘ynagan Evanjelin Lilli bilan munosabatini yoqtirmasdi. 

“Ular orasida nimadir bor edi. Duglasni Evanjelinning o‘sha paytda boshqa erkak bilan munosabatda ekanligi ham to‘xtatolmadi. Ammo uyga qaytganida Ketrin unga rashk qilish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi. Uning judayam jahli chiqqandi. Shunday qilib, ular yana muammoga duch kelishdi”, — deydi ular hayotidan xabardor manba G‘arb jurnaliga.

Biroq Duglas yana millionlab dollar tovon puli to‘lamoqchi emasdi. 2015-yilda Ellen Dejeneres shousida u munosabatlardagi qora chiziqlar tugaganiga barchani ishontiradi. “Agar ikkalangiz ham tayyor bo‘lsangiz, qiyinchiliklarni qanday yengishni bilasiz. Biz hozir har qachongidan ham kuchliroq va yaqinroqmiz. Men xotinimni aqldan ozar darajada sevaman. O‘ylaymanki, har bir er-xotinning og‘ir damlarini bo‘ladi”, — deb ta’kidlaydi aktyor.

Aktyor xotinining “Janjal” va “Uenzdey” teleseriallaridagi mahoratiga qoyil qoladi. Shu bilan birga, juftlikning ajralishlari haqidagi yangi hikoyalar vaqti-vaqti bilan matbuotda paydo bo‘lib turadi.

“Muammo paydo bo‘lganda darrov taslim bo‘lmang, qo‘lingizdan kelganini qiling, chunki bu oxirgi muammo bo‘lmaydi. Kelajakda ular yanada ko‘p bo‘ladi”, — deydi Zeta-Jons uzoq yillik nikohni saqlash sirlari bilan o‘rtoqlashib.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »