Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bugundan (1-oktabr) kuchga kirgan biznes uchun yangi energotariflar doirasida gaz zapravkalarida bir kub metr metan 3250 so‘mdan sotilmoqda. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram­ kanalida post qoldirdi.

Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda 1-oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun bir metr kub tabiiy gaz narxi 660 so‘mdan 1500 so‘mgacha oshirildi. Hukumat qarori bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi kelgusi olti oyda bir kub metr uchun 3250 so‘mdan oshib ketmasligi bo‘yicha qatʼiy choralar ko‘rilishi belgilandi. Bu holat 2024-yilning 1-apreligacha davom etadi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, shu paytgacha davlat tomonidan gaz zapravkalariga bir metr kub gaz 1500 so‘mdan sotilgan. Endilikda bu narx 1800 so‘mga oshirildi.

Hozirgacha zapravkalarda sotilayotgan 1 kub metr gaz narxi 2800 so‘m atrofida edi. 1-oktyabrdan esa  bu narx 3250 so‘mgacha oshirilgani aytilmoqda.

Otabek Bakirovning yozishicha, respublikada Ai-92 benzinining narxi ham ko‘tarilgan.

“Benzin savdosi bilan shug‘ullanadigan AYQSHlarda yuqori oktanli, yaʼni 92 va undan yuqori tipdagi benzin ham 8-10 foizga qimmatlagan. Norasmiy manbalar bu holatni Rossiyaning benzin eksportiga o‘rnatgan cheklovlari bilan bog‘lashmoqda. “O‘zbekneftegaz” shoxobchalarida o‘tgan haftalargacha 9200 so‘mdan sotilgan Ai-92 endi 10200 so‘mdan sotilmoqda. Sal avvalroq 16-avgustgacha xuddi shu markadagi benzin 8600 so‘mdan, mart oyidan 2-avgustgacha esa 7500 so‘mdan (go‘yoki aksiya tariqasida) sotilgan. Yaʼni to‘liq bo‘lmagan 2 oyda Ai-92 36 foizga qimmatladi. Boshqacha aytganda, Rossiya o‘rnatgan eksport cheklovlari bahonasida yuzaga kelgan taklif kamayishidan mahalliy ishlab chiqaruvchi va vertikal monopolist ustomonlik bilan foydalanmoqda. Antimonopoliya organimiz esa hozircha jim-jit. Ai-95 markali benzinning bir dollardan (12200 so‘m) arzonroq taklifi poytaxtdayam, viloyatlardayam qolgani yo‘q”, — deb yozgan iqtisodchi.

Avvalroq O‘zbekiston joriy yilning 1-oktyabridan Rossiyadan gaz import qilishga tayyor ekani xabar qilingandi. Joriy yil 16-iyunda tuzilgan shartnomaga muvofiq, 1-oktyabrdan Rossiya O‘zbekistonga gaz eksport qilishni boshlaydi. Gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma “UzGaztrade” AJ va “Gazprom eksport” MCHJ o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan.

“Shartnoma to‘liq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, respublikamiz isteʼmolchilarining tabiiy gazga bo‘lgan yildan yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir. Shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi”, — deya xabar bergan O‘zbekiston Energetika vazirligi.

Avvalroq “Daryo” muxbirining mazkur so‘roviga javoban Energetika vazirligi “Rossiyadan sotib olinayotgan gaz qish faslida O‘zbekiston ehtiyojining yetishmayotgan qismini qoplaydi”, deya javob qaytargan. Ammo Rossiya gazi necha puldan sotib olinayotgani haligacha ochiqlanmagan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiyaga gaz uchun qancha to‘lashini ochiqlay olmasligi, lekin narxni belgilashda milliy manfaatlardan kelib chiqilganini aytgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »