“Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim va atrof-muhitning bolalarga xavfli ta’siri yuqori” — YUNISEF eksperti
Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim va atrof-muhitning bolalarga xavfli ta’siri yuqori. Bu haqda YUNISEF tashkiloti eksperti Mariya Osbek Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan eko-oromgoh doirasidagi ma’ruzasida aytib o‘tdi.
Quyidagi suratdagi indeks iqlim o‘zgarishi bolalar va yoshlarga qayerda va qanday ta’sir qilishi haqidagi holatni ko‘rsatib beradi. Indeksga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida yashovchi bolalar iqlim inqirozi oqibatlarining “o‘rta-yuqori xavfi” ko‘rsatkichi ostida turadi.
Indeks iqlim o‘zgarishining bolalar uchun xavfi nuqtayi nazaridan birinchi keng qamrovli tahlilini ifodalaydi. Ushbu hujjat mamlakatlarni iqlim va ekologik shoklar, masalan, siklonlar va issiqlik to‘lqinlari, shuningdek, bolalarning bazaviy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari asosida ushbu zarbalarga nisbatan zaifligi darajasiga qarab tartiblaydi.
Markaziy Osiyo mintaqasi bolalari asosan haddan tashqari issiqlik davrlari va suv tanqisligi kabi muammolarning xavfi ostida turadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, YUNISEF, YUNESKO, BMTTD va FAO ko‘magida Markaziy Osiyo eko-oromgohi tashkil etilmoqda.
Markaziy Osiyo eko-oromgohining asosiy maqsadi — iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yoshlarning rolini e’tirof etish, yosh eko-faollarga taklif va eko-tashabbuslarni ilgari surish uchun platforma yaratish, shuningdek, Markaziy Osiyoda yoshlar ekologik harakatini integratsiya qilishdan iborat.